Hayrat va hayajon ko'zgusida
Yurtimizda “Yangi O'zbekiston va Milliy kinematografiya” shiori ostida milliy kino san'ati oyligi ish boshladi
Mashhur nemis faylasufi Valter Benjamin: “Kinokamera jamiyatdagi hamma narsaga qaratilgan bo'lsa, omma o'ziga tashqi tomondan qarash imkoniga ega bo'ladi”, degan ekan. Darhaqiqat, jamiyat hayotida kino san'atining o'rni nihoyatda beqiyosdir. Odamlar dunyoqarashiga, ma'naviyatiga kitoblarning ta'sir kuchi qanchalik bo'lsa, kino ham shunday ulkan imkoniyatga ega.
Hayotda ijobiy o'zgarishlar, ulkan natijalar bo'lishi uchun, albatta, kinematografiya sohasida ham sifatli, saviyali, eng yaxshi ijod namunalari, san'at asarlari mo'l bo'lishi kerak. “Yangi O'zbekiston va Milliy kinematografiya” shiori ostida 11 yanvar sanasidan 11 fevralga qadar davom etadigan milliy kino san'ati oyligi o'zbek kino san'atining imkoniyatlarini ko'rib, baho berish uchun ayni muddao bo'ldi.
Milliy kino san'ati oyligi doirasida o'tkaziladigan “O'zbek milliy kino san'ati haftaligi”ga ham 11 yanvarda ilk qadam qo'yildi. “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan tashkillashtirilayotgan haftalikning dastlabki kuniyoq yuqori saviyada o'tdi. Yorqin va taassurotli lahzalarga boy bo'ldi. Kun avvalida bosh vazir o'rinbosari Behzod Musayev hamda kinoijodkorlar bilan soha oldidagi vazifalar yuzasidan suhbat bo'lib o'tdi. Qizg'in ishtiyoq bilan boshlangan kun yoshlar uchun ssenariynavislik bo'yicha mahorat darslari, yangi loyihalar kastingi, mashhur aktyor va aktrisalarning qizil yo'lakchadan o'tish marosimi bilan davom etdi.
Yangi boshlangan yilning yirik miqyosda o'tkazilayotgan birinchi tadbiri kishiga zavq bag'ishlovchi va kayfiyat ulashuvchi ruhda boshlandi. Kun so'ngida Muhammadali Iskandarov rejissyorligida olingan “Men terrorchi emasman” filmining premyerasi taqdim etildi. O'ziga xos yangicha usulda suratga olingan harbiy drama tomoshabinlarga ham manzur keldi. Namoyishdan so'ng “O`zbekkino” media-klubi a'zolari va jurnalistlar bilan film bo'yicha fikr almashinuvi va muhokamalar uyushtirildi.
Birinchi kun taassurotlarining ta'siri bilan tadbirning ikkinchi kuni Yoshlar ijod saroyiga qanday borib qolganimizni ham sezmay qolibmiz. Haftalikning ikkinchi kunida respublikamizning barcha viloyatlarida uyushtirilgan tadbirlarda 13 ta ijodiy guruh ishtirok etayotganidan xabar topdik.
Yoshlar ijod saroyining birinchi qavatidagi media hollda “Zumrasha” kinojurnalining istiqbolli rejalari va “yo'l xaritasi”ni tuzish mavzusida O'zbekiston xalq artisti, “Zumrasha” kinojurnalining badiiy rahbari Xayrulla Sa'diyev ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda yuzga yaqin yosh kinoijodkorlar, ssenariynavis va rejissyorlar, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari ishtirok etdilar. Davra suhbatida yosh kinorejissyor Erkin Bozorov ham o'z bilim va tajribalarini, ustozlardan o'rgangan saboqlarini ishtirokchilar bilan o'rtoqlashdi. Suhbatdan so'ng “Zumrasha” kinojurnalining qisqagina, ammo bir-biridan qiziqarli hajviy filmlari namoyish etildi. Bunday filmlar bolalar tarbiyasida muhim rol o'ynamasdan qolmaydi. E'tiborlisi, kichik-kichik kinolavhalar zamiriga to'g'rilik, intizom, bilimga intilish kabi g'oyalar mohirona singdirib yuborilgan.
Yoshlar ijod saroyining turli zallarida bir vaqtning o'zida uchta tadbir bo'lib o'tmoqda. Ikkinchi qavatda multiplikatsion studiyasi animatorlari tomonidan “O'zbekiston — bizning diyorimiz” mavzuida bolalar uchun ijodiy tanlovlar, turli o'yinlar tashkillashtirildi. Bu tadbirda ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchilari qatnashdilar. Bu yerda bolalar uchun chinakam ertaknamo muhit ko'zga tashlandi. Yalmog'iz kampir, bo'ri, quyon singari obrazlarga kirgan aktyorlar bolalar bilan turli hazillar qilib, ularga rasm chizdirishmoqda edi. Bolalar o'zlarini ertak qahramonlari kabi his etgan bo'lishsa, ajabmas.
Ijod saroyining konferensiyalar zalida “Yangi O'zbekiston va Milliy kinematografiya: 2021 ishga tushiriladigan kinoloyihalar, 2022 yilning yangi g'oyalari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida “Uzbechka”, “Jizzax qo'zg'oloni”, “Ayol qismati”, “Ayol qalbi”, “So'nggi darvesh”, “Pahlavon Mahmud”, “Puankare” kabi kinoloyihalarning taqdimoti bo'ldi. Loyihalar tarixiy, ilmiy, jangovar va boshqa bir qancha mavzularda edi. Davra suhbatida kinoloyihalarni amalga oshirishdagi rejalar, janr xilma-xilligi, ko-praduksiyalar, yangi formatdagi animatsiyalar ishlab chiqish va boshqa masalalar muhokama qilindi. Ushbu davra suhbatini o'tkazishdan maqsad, milliy kino san'atimizda yangi mavzu, yangicha nomlar, o'zgacha uslub hamda yangi chehralarni kashf etish ekanligi ma'lum bo'ldi.
“O'zbek milliy kino san'ati haftaligi”ning ikkinchi kuni ham taassurotlarga boy kechdi. O'tkazilayotgan tadbirlar mashhur aktyor va aktrisalar bilan tomoshabinlarni bir yerda jamladi, deya bemalol ayta olamiz.
Kun so'ngida Tatariston va O'zbekiston kinoijodkorlari hamkorligida Zifa Qodirovaning “Sumbul” asari asosida suratga olingan shu nomdagi badiiy film ilk marta katta ekranda namoyish etildi.
Ta'kidlash kerakki, ushbu haftalik davlatimiz rahbarining noyabr oyida yangilangan “O`zbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarining ijrosi yuzasidan o'tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida kinoijodkorlar oldiga bir qator topshiriq va vazifalarni belgilab bergan edi.
Kino haftaligi doirasida yosh kinoijodkorlar uchun Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filialini ochish, Toshkent Xalqaro kinofestivalini tiklash, chet elda saqlanayotgan o'zbek filmlarini qaytarish, yosh kinoijodkorlarga sharoit va imkoniyat yaratish kabi muhim topshiriqlar bo'yicha ekspertlar hamda mutaxassislar bilan “O`zbekkino” Milliy agentligining 2021 yilgi “yo'l xaritasi” qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Taniqli rejissyor va aktyor Roman Polanskiy: “Kino tomoshabinni kinoteatrda o'tirganini unuttirishi kerak”, degan edi. Kinematografiyaga san'at sohalarining biri sifatida qarar ekanmiz, albatta, unda ham muxlisni o'ziga butkul mahliyo qilish, butun xayollarini band qilib olish xususiyati, hatto ko'proq ekanini aytishimiz lozim.
Faqat bunda san'atkor rejissyor va aktyorlar kinoga jon kirita olishi muhim ahamiyatga ega. Yosh kinoijodkorlar buning uddasidan chiqib, zamon talablariga mos, xalqimiz sevib tomosha qiladigan, kishining “kinoteatrda o'tirganini” unuttiradigan filmlar ishlashiga ishonamiz. “O`zbekkino” Milliy agentligi tashkilotchiligida amalga oshirilayotgan haftalik doirasidagi tadbirlarga qatnashib bu ishonchimiz yana ham mustahkamlanmoqda.
Shahzod ShODMONOV,
“Hurriyat” muxbiri