Mahmud Namozov: “Biror nashrga obuna bo'lganman, deya olmayman…”

“She'rda hikmat, so'zda sehr bor”, deyishadi. Darhaqiqat, so'z sehri kuy-qo'shiq ohangida ko'ngildan makon topadi. Beixtiyor tilga ko'chadi, kishi oshuftahol xirgoyi qila boshlaydi. Biroq so'zda sehr bo'lmasa-chi, u oddiy, jo'n, ma'nisiz gapdan tuzilgan jumla bo'lsa-chi, bunday ashula aytadiganlarga faqat achinish kerak, xolos… Balki shundan, barchaga birdek manzur bo'ladigan qo'shiq yaratish, odamlar qalbiga kirib borish hamma san'atkorlarga ham nasib etavermaydi…

Bugungi suhbatdoshimiz, ta'bir joiz bo'lsa, san'atning “qozonida qaynab”, o'zining yo'nalishi, so'ziyu ovoziga ega, mumtoz qo'shiqlar qatori qadim Surxon baxshilarining aytimlarini zamonaviy estradaga olib kirgan san'atkor, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti Mahmud Namozov bo'ldi.

— Aytishlaricha, O'zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshidan folklor san'ati sirlarini o'rgangan ekansiz, demak, sizda baxshichilikka qiziqish kuchli bo'lgan. Bu durdona san'atni estradaga olib kirish fikri kimdan chiqqan?

— Baxshichilik ancha noyob, durdona san'at turi hisoblanadi. Menda o'sha paytlarda bir qur unutilib borayotgan bu san'atni yana jonlantirish, xalqimizga yetkazish uchun uni zamonaviy estradaga olib kirish istagi bolalikdan shakllangan.

Biroq baxshichilik sir-asrorlarini Shoberdi baxshidan emas, aksincha, ustoz Qodir baxshidan o'rganganman. Adashmasam, 1985-1986 yillar, endi sahnaga chiqib kelayotgan paytlarim edi, bir to'yda Qodir baxshi bilan birga xizmat qilishga to'g'ri kelib qolgan.

To'y avvalida yoshlar ustozning bir-ikki termalarini yaxshi qabul qilishmadi, bilasiz, yoshlar sho'xchan kuy-qo'shiqlarga ishqiboz bo'lishadi. Ustozga qanday “yordam bersak ekan”, deb biroz xijolat chekib, bir burchakda turib qoldik. So'ng “Guldona”, “Do'mbiram” terma qo'shiqlariga jo'r bo'lib qo'shildik. Avvaliga ustoz bizlarga ajabsinib qarab qo'ydi, ammo kuylashda davom etaverganlar.

Jo'r ovozda kuylaganlarimizni yoshlar zo'r qabul qilishdi, hatto davraga chiqib, raqsga tushib ketishdi. Bu ustozga ham ma'qul keldi chog'i, to'y yakunlanguncha shu alpozda qo'shiq aytdik.

Shundan so'ng,   repertuarimizga Qodir baxshi va boshqa ustoz baxshilarning ayrim termalarini kiritdik. Zamonaviy tusda sayqal berdik.

— Intervyularingizning birida “San'atkor yoki ijodkorga ota-onaning eng katta xizmati, bolalik chog'i erkinlik berishidir. Ota-onam menga ana shunday erkinlikni bera olishgan”, degan fikrlarni aytgan ekansiz. Bugun sizga berilgan erkinlikdan to'g'ri foydalana oldim, deya olasizmi? Demoqchimanki, shu kasbni tanlaganingizdan afsus chekkan paytlaringiz bo'lganmi?

— Bilasizmi, farzand bo'z tuproqqa qadalgan navniholdek gap. Uning to'g'ri unib-o'sishi, artofini chaqirtikanaklar o'rab olmasligi, to jamiyatda o'zini tutib olmaguncha bog'bon — ota-onalarimiz parvarishlab, qo'llab turishadi.

Ota-onam maktab davrimdan boshlab menga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berib qiziqishim, san'atga bo'lgan ishtiyoqimni sindirib qo'ymay, avaylab o'stirishdi.

Beshinchi yo oltinchi sinfda o'qib yurgan kezlarim Denovdan 150 kilometr uzoqda joylashgan Termiz shahriga uch-to'rt kunlab, ba'zan haftalab konsertlar, tanlovlar, festivallarni o'tkazish uchun jo'nab ketar edik. Ular esa hech qanday qarshiliksiz, har qanday sharoitda ham qo'llab-quvvatlab, ortimdan oq yo'l tilab, qishloqdan chiqib ketgunimcha kuzatib qo'yardi.

Qishlog'imizda kichik ansambl bo'lardi. Yoz oylari ta'tilga chiqqanimda shu ansamblga repititsiyaga qatnardim. Odatda konsertga tayyorgarlik oylab davom etardi. Qizig'i, har kuni tushlik mahali o'zim tengqur o'nga yaqin bolalarni uyimizga boshlab kelardim. Chunki, ansambldagi opalar qizlarni, akalar bizdan kattalarni olib ketardi-da. Men ham hech ikkilanmay tengqurlarimni yetaklagancha uyimizga jo'nardim.

Tasavvur qiling, bir oy, yana har kuni o'nlab bolalar sizning uyingizda mehmon bo'lsa (kuladi). Otam-onam biror marta: “Sen nega bularni boshlab kelaverasan, bo'ldi, to'xtat”, demagan. Har gal kelganimizda nima topishsa, oldimizga qo'yishardi. Bolam kelajakda katta san'atkor bo'ladi, mayli, shular bilan bir davrada yuribdi, deb o'ylashgan bo'lsalar kerak.

Bundan tashqari, musiqa asboblarini sotib olish doim ham hamyonbob bo'lavermagan. Ayniqsa, qishloqda qora qozonini amal-taqal qilib qaynatayotgan oilalar uchun juda mushkul edi. Ota-onam o'zlari yemay-ichmay to'plagan pullariga men uchun musiqa asboblari sotib olishib, tengdoshlarim oldida kam bo'lmasligimni aytishardi.

— Mahmud Namozovning 12 yil davomida maktabda musiqa fanidan dars berganidan xabarimiz bor. To'g'ri, xalqimiz san'atni o'ta qadrlaydigan xalq, ayniqsa, mumtoz san'atni. Buning ustiga, elga taniqli bo'lish oson. Ayting-chi, o'qituvchilikni nega tashlagansiz? Maoshi kam bo'lgani uchunmi?

— Nizomiy nomidagi pedagogika institutining boshlang'ich musiqa ta'limi yo'nalishini tamomlab, qishlog'imizga o'qituvchi bo'lib ishga keldim. Qishloqda tashkil etilgan ansamblda birinchi musiqa rahbari, keyinchalik badiiy rahbar bo'lib ishladim. Maktabda dars bergan paytlarimni yaxshi xotiralar bilan eslayman. Musiqa o'qituvchisi bo'lsam-da, maktabda obro'yim juda baland edi. Har yili o'quvchilarim tuman, viloyat, respublika olimpiadalari, musiqa festivallarida yuqori o'rinlarni olishardi.

Shuning uchunmi, bizning maktabning, ayniqsa musiqa, san'at sohasida, qolgan maktablarga nisbatan nufuzi anchayin baland yurardi. O'qituvchilik kasbim sabab bevosita poytaxtga kelishimga sharoit tug'ildi. Balki, taqdir deganlari shu bo'lsa kerak. Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish azaliy va o'zgarmas jarayon.

Ehtimol, o'sha paytlari poytaxtga kelib, o'z ustimda ishlab, ustozlardan kerakli maslahatlarni olmaganimda, san'at qozonida toblanmaganimda bugun hamma tanigan Mahmud Nomozov bo'lolmas edim, nazarimda.

— 1991 yilda Botir Zokirov xotirasiga bag'ishlab o'tkazilgan zamonaviy qo'shiqlar tanlovida estrada yo'nalishida aytgan “Baxshiyona” qo'shig'ingiz e'tirofga loyiq ko'rilib, mukofotga sazovor bo'lgan edingiz. Bu yorqin iste'dod sababdanmidi yo yangilikka e'tibor tufayli? O'zingiz nima deb o'ylaysiz?

— Buni yangilikka e'tibor, deb bilaman. Respublika tanlovida chekka qishloqdan kelib, qatnashib, ikkinchi o'rinni olish men uchun katta muvaffaqiyat edi. Shu bilan birgalikda, “Yalla” ansambli va ustoz Farrux Zokirovning e'tirofiga sazovor bo'lish oson emas-da, to'g'rimi?

Albatta, iste'dod ham juda muhim, biroq u paytlari bu eng katta yangiliklar qatorida e'tirof etilgan.

— Siz “Surxon” guruhini el tanigan, nazariga tushgan jamoaga aylantirgansiz. Ammo oradan yillar o'tib, so'qmoqlar katta yo'lga tutash kelmadimi?   So'ramoqchi bo'lganim, ochig'ini aytsangiz, “ular ham alohida san'atini ko'rsatmoqchi bo'lishdi, o'zaro shunday qarorga keldik”, degan gaplarga rosti ko'pchilik ishonmaydi, yo'llar nega ayro tushdi?

— …

— “Nechun yoshim sen qatori bo'lmadi?” qo'shig'ingizni kimga bag'ishlab aytgansiz? Muhabbatni nechog'li qadrlaysiz?

— Ba'zan, qo'shiqchining ko'ngil kechinmalari uning yaratayotgan qo'shiqlarida aks etadi, dard to'la ovozida zohir bo'ladi, degan gaplarni eshitib qolaman. To'g'ri, til bilan ayta olmagan kechinmalar ba'zan qo'shiqlar orqali aytilishi rost. Ammo men bu qo'shiqni aynan biror kim uchun atab quylamaganman. Qo'shiqning she'ri Faxriddin Nizomov qalamiga mansub, matn bilan tanishganimda menga ma'qul tushib qolgandi. Muhabbat to'g'risida aytilgan har qanday qo'shiq, albatta, o'z muxlisini topadi, topib kelgan ham.

Rostini aytsam, ijodkor odam muhabbatni qadrlaydi, e'zozlaydi. Bu tabiiy. Muhabbat deganda faqat ayol kishiga emas, Oilaga, Vatanga, Yaratganga bo'lgan muhabbatni ham tushunish kerak. Bilasizmi, men muhabbatsiz ijodkorni bamisoli so'nib qolgan shamga o'xshataman.

— Odam borki, umri davomida bir marta bo'lsa ham bolaligiga qaytgisi keladi. Sizda ham shunday holat bo'lganmi? Agar bolalikka qaytish sizga nasib etsa, qaysi kasbni tanlagan bo'lardingiz? Eshitishimizcha, maktab davrida rassomlikka qiziqqan ekansiz?

— O, bu dunyoda bolalikka qaytishni istamagan odam bormikin o'zi… Ammo bu imkonsiz orzu. Romantik hayotdan yiroqman, hayotda esa o'z qarashlariga ega odamman, desam maqtanishga yo'ymaysiz.

Ha rost, maktabda o'qib yurgan kezlarim yaxshigina rasmlar chizardim. Kelajakda yo rassom bo'laman, yo ko'shiqchi, derdim sinfdoshlarimga. Biroq nasibamizni Yaratgan san'atdan bergan ekan, shu sohada ijod qilayapman. Rassomchilik ham meni tark etmagan, bo'sh paytlarimda o'zim uchun suratlar chizaman, mahoratli rassomlarning ko'rgazmalariga borib turaman.

— Sizni torli asboblar, ya'ni tor, dutor, rubob chertishning “rosa hadisini olgan”, deyishadi.

— Nizomiy nomidagi pedagogika institutida milliy cholg'u asboblaridan changda o'qiganman. Tor, rubob, dutor singari torli asboblarni juda professional bo'lmasa ham yaxshigina chala olaman. Qo'shiqlarimda turli musiqa asboblaridan, albatta, foydalanib turaman. Lekin unchalik darajada “sohaning hadisini olgan” emasman.

— Mahmud Namozov “osmondagi oyni” kimga olib bermoqchi bo'lgan?

— Bu qo'shiqni 2000 yillarda aytganman. She'r O'tkir Rahmat qalamiga mansub. U paytlari aynan estrada san'atida bir xil, takrorlanuvchi qo'shiqlar ko'payib ketgandi, shuning uchun noana'naviy uslubda aytilgan bu qo'shig'imiz ko'pchilikning e'tiborini torta oldi. Hozirgacha to'ylarga borsam, hazil tariqasida, kuyovlarning kelinlarga qarata aytayotgan oshiqlik qo'shig'i, deb kuylayman.

— Eshitganda yurakni orziqtiruvchi, ko'ngilda qishloqcha samimiyat, sodda va halollik tuyg'ularini qo'zg'atuvchi “Qishlog'im” qo'shig'ingiz she'rini o'zingiz tanlaganmisiz yo taklif qilishganmi?

— Bu qo'shiqning she'ri shoir Ravshan Fayz tomonidan yozilgan. Uning yaratilishi yurakdagi og'riqlarim, jonajon qishlog'imning sog'inchi, o'z farzandini katta shaharga kuzatib qo'yib, ortidan tikilib qolgan sodda, samimiy ota-onalarni yodga soluvchi aytim, deb bilaman.

Bir kuni qadrdon ukamiz Quvondiq Siddiqov Ravshan Fayzning yangi she'rlar to'plamini olib keldi. To'plamdagi aynan “Qishlog'im” she'rini o'qiganimda vujudim titrab, ko'z o'ngimda Surxonimning bepoyon dalalari, o'zim tug'ilib o'sgan qishlog'imning chang ko'chalari, mahalla bolalari bilan suruvlar ortidan chopganimiz, ko'pkari o'ynab, uloqni olib qochib, g'alabalik nashidasini surgan akalarimiz, uyning bir chetida o'z bag'riga butun olam taftini yashirgan tandirdan uzilayotgan shirmoy nonlar xayollarimni chulg'ab olgan.

She'r go'yoki men uchun yozilgandek edi. Ushbu qo'shiq hamon shaxsiy repertuarimda o'zining alohida o'rniga ega taronalardan hisoblanadi.

— Yana shuni eshitganmizki, sizning badiiy kitoblar mutolaasiga mehringiz bo'lakcha ekan. Ayniqsa, nazmiy asarlarni ko'p o'qirkansiz. Ayting-chi, do'kondan sotib olinadigan kitobni o'zingiz tanlaysizmi yo yordam bervorishadimi?

— Yaxshi “surishtiruv”lar o'tkazibsiz. Chindan ham kitob o'qishni juda yaxshi ko'raman. Aslida, kitob mutolaasi bu har bir insonning, ayniqsa, ijodkorman deganning, sevimli mashg'uloti bo'lishi kerak. Sababi, kitob insoniyat tarixida kashf etilgan ixtirolarning buyugi, qadrlisi. Zamonlar o'tsa-da, o'z o'rnini hech nimaga bo'shatib bermayotir. Ayniqsa, davralarda bo'lganimda “falonchi kitobni o'qidim, zo'r yozilgan ekan”, degan gapni eshitib qolsam mendan halovat qochadi. Albatta, o'sha kitobni qidirib, topib sotib olaman.

Ko'pincha kitob do'konlariga borib, o'zimga yoqqan nasriy asarlar, she'riy to'plamlarni xarid qilib turaman.

— Shu savolga yana bitta qo'shimcha: nega artistlar gazeta o'qishmaydi? Mabodo siz ham: “Mana, men gazeta o'qib turaman, falon gazetaga obuna bo'lganman”, desangiz ham ishonish qiyin…

— Menimcha, hammasi ham emas. Men shunday ustoz-san'atkorlarni bilaman, gazeta-jurnallarga obuna bo'lishgan, agar biror soni kelmay qolsa, pochtaga qo'ng'iroq qilib, so'rab-surishtirishadi. Shu qatori, gazetalarimizda o'qishga arzigulik, mushohadali, e'tibor tortadigan materiallar ham bo'lishi muhim, deb bilaman.

Kitobning, gazetaning o'rni boshqa. Ularning elektron shakli yoki mobil ilovasidan ko'ra asl nusxalarini o'qish boshqa. Men elektron shaklga qarshi emasman, biroq tabiiylik har qanday sun'iylikdan ustun turadi. Ochig'ini aytaman, o'zim biror nashrga obuna bo'lganman, har kun o'qib boraman, deya olmayman. Biroq biror mavzuda falonchi gazeta yoki jurnalda yaxshigina tahliliy maqola berilibdi, deb eshitib qolsam, qaerda bo'lmasin, izlab, surishtirib, topib o'qiyman. Shu savolga yana bir javob: ba'zan kitob sotib olayotganimda yoniga san'atga oid jurnallardan ham qo'shib qo'yaman.

— Suhbat uchun tashakkur. Lekin ochiq aytaman, ko'nglingizga olmangu, xalq artisti bo'laturib, birorta gazeta-jurnalga obuna bo'lmasligingiz — bu yaxshi emas. Chunki obuna bo'lishga bugun imkoniyatingiz yetsa kerak. Hech bo'lmasa, farzandlaringiz, uyda oila ahlingiz uchun bir-ikkita nashrga kelgusi yil uchun obuna bo'lasiz, degan umiddamiz. Salomat bo'ling.

Islom ASILBEKOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + one =