“Oltin qalam” — yuksak rag'bat va e'tirof
Shu yilning 18-19 mart kunlari Toshkent viloyatiga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqot qilib, ularni ko'zga tashlanayotgan muammolar bo'yicha mas'ullarni tanqid qilishdan cho'chimaslikka chaqirdi: “Tanqid qilinglar! Bilasizlarmi, bu — uchta-to'rtta qarordan ham ko'proq ta'sir qiladi. Sizlarning kuchlaring katta”, deya ta'kidladi.
Prezidentimiz tomonidan jurnalistlarning bunday qo'llab-quvvatlanishi mamlakatimizdagi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan barcha ijodkorlarni yangicha ishlashga ruhlantirib, yanada faol bo'lishga undamoqda. Ayni paytda shu orqali jurnalistlarda o'z ishiga bo'lgan ishtiyoq va mehrni, o'z kasbidan faxrlanish hissini oshiradi desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng targ'ib qilish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish, jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish hamda rag'batlantirish maqsadida o'tkazib kelinayotgan tanlovlar ko'p. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov ular ichida eng nufuzlisi, desak yanglishmaymiz.
Joriy yildan e'tiboran ushbu tanlovni avvalgilaridan biroz boshqacha, bugungi kun talabi darajasida — yangicha formatda o'tkazishga harakat qilmoqdamiz. “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov tashkiliy qo'mitasi va ishchi guruhlari, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi uyushma boshqaruvi, uning huzuridagi kengashlar a'zolari, tajribali ustozlar, faol internet jurnalistlari, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, jurnalist kadrlar yetishtiruvchi oliy ta'lim muassasalarining sohaga aloqador yetakchi xodimlari hamda tadqiqotchilarining taklif va tavsiyalari asosida tanlov nizomiga quyidagi o'zgartirishlar kiritildi.
Birinchi — chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun rag'batlantiruvchi nominatsiya asosiy mukofotlar qatoriga qo'shildi.
Ikkinchi — tanlovga taqdim etilgan materiallarning elektron shaklini uyushmamizning journalist.uz veb-saytida ochilgan “Oltin qalam-2021” bo'limiga joylashtirish va uni besh balli tizim bo'yicha baholash yo'lga qo'yildi. Bu jarayonda ishtirokchilarning har bir materiali OAV, sohaga daxldor tashkilot va oliy ta'lim muassasalari, axborot xizmatlari jamoalari nomidan baholanadi.
Uchinchi — OAV va axborot xizmatlari tomonidan tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar soni cheklandi — beshtadan kam, o'ntadan ko'p bo'lmasligi belgilandi. O'zgartirishga ko'ra, tanlovda nafaqat jurnalistlar, balki gazeta va jurnallar, internet nashrlari — veb-saytlar, radio hamda telekanallar ham jamoaviy ishtirok etishi mumkin. Bu jarayonda ham OAVning o'ntadan ko'p bo'lmagan (gazeta yoki jurnal) soni, audio va video materiallari ko'rib chiqilishi qayd etilgan. Axborot xizmatlariga kelganda asosiy e'tibor xizmatning tashkilot faoliyatini keng va xolis yoritilishida OAVga ko'rsatayotgan yordami, jamoatchilik bilan aloqalar qanchalik yo'lga qo'yilgani, ijodiy faollik kabi mezonlarga qaratilishi ko'rsatib o'tilgan.
Albatta, bu bilan “Oltin qalam” tanlovi nizomiga o'zgartirishlar kiritish to'xtab qolmaydi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, tegishli taklif va tavsiyalar asosida bu boradagi ishlar davom ettirilishi mumkin.
Ayni kunda OAVlar hamda axborot xizmatlari vakillari, erkin ijodkorlar tomonidan tanlovga materiallar topshirish qizg'in davom etmoqda. Uyushmamizda navbatchilik asosida haftaning shanba kunlari ham ertalab soat 09:00 dan kechki 18:00 gacha “Oltin qalam”ga ijodiy ishlar qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, materiallarni elektron manzil orqali olish ham yo'lga qo'yilgan.
Kezi kelganda aytish joiz, ijtimoiy tarmoqlarda tanlov bilan bog'liq turli gap-so'zlar tarqalmoqda. G'oliblikka u munosib, bu loyiq qabilida. Aslida bu — tabiiy hol. Turli fikr-mulohazalar avval ham bo'lgan, hozir ham bor, bundan keyin ham bo'ladi. Bu — aksioma, boshqacha aytganda, o'z-o'zidan aniq-ravshanligi sababli isbot talab qilmaydigan, isbotsiz qabul qilinadigan holat.
Jurnalist taniqli, iste'dodli, qalami o'tkir bo'lishi mumkin. Bu uning ayni yil “Oltin qalam”da g'olib yoki sovrindor bo'lishi shartligini anglatmaydi. Ehtimol uning eng yuqori ballga munosib “asar”lari 2-3 yoki 5-6 yil oldin bitilgandir, balki keyingi yillarda yozilar. Umuman, har bir jurnalistning sermahsul ijod qilgan yillari bo'ladi.
“Oltin qalam” haqida so'z yuritilganda tanlovda jurnalistning faqat 2020 yilning 31 martidan 2021 yilning 31 martigacha e'lon qilingan materiallari ko'rib chiqilishi, ayni shu davrda u nisbatan faol ijod qilmagan bo'lishi mumkinligi kabi omillar ham hisobga olinishi lozim.
“Oltin qalam” tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlarini soha bo'yicha katta tajriba va bilimga ega, vijdonli, adolatli ustozlardan tarkib topgan nufuzli hakamlar hay'ati ko'rib chiqadi va saytimizda baholangan ballar jamlanmasiga tayangan holda xolis yakuniy xulosaga kelinadi. Joriy yildan journalist.uz saytida materiallarni ijodiy jamoalarning baholashi yo'lga qo'yilgani ham ana shu ezgu maqsad — “Oltin qalam” tanlovining shaffof va haqqoniy o'tishi ta'minlanishiga qaratilgan.
Xolmurod SALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi raisining o'rinbosari,
“Oltin qalam”
Milliy mukofoti
tashkiliy qo'mitasi raisi.
“Yangi O'zbekiston” gazetasining
2021 yil, 25 mart 60-sonidan olindi.