Prokuratura yoshlarni ish bilan ta'minlashga ko'mak bermoqda

Prezidentimiz 2021 yil 27 yanvar kuni o'tkazgan videoselektor yig'ilishida sektorlar rahbarlariga yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini yaratish, yoshlar bandligini ta'minlash vazifasini yuklagan edi.

Yaqinda Samarqand shahar prokuraturasi tashabbusi bilan “Kasblar festivali” tashkil etilib, “Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor” shiori ostida “Mehnat yarmarkasi” o'tkazildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida “1+1” loyihasi doirasida 107 nafar yosh 34 nafar hunarmandga, 69 nafar qiz, 10 nafar tikuvchiga jami 176 nafar yigit-qiz kasb-korlikning turli xil yo'na­lishlarida faoliyat olib borayotgan mohir ustalariga biriktirildi.

Bundan tashqari, 11-sinf o'quvchilarining 100 nafari darsdan tashqari, bo'sh vaqtlarida kasb-hunarga o'qitilmoqda, o'qishlari yakunida ularga ishga joylashish imkonini beruvchi sertifikatlar topshiriladi.

“Yoshlar” va “Ayollar” daftarida ro'yxatda turganlarning 361 nafari professional ta'lim tizimidagi kasb-hunar maktabi va texnikumlarda tashkil etilgan qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslariga o'qishga jalb qilindi, shu o'rinda ta'kidlab o'tish kerakki, 361 nafar ro'yxatda turganlar bilan hududiy bandlik bo'limlari, ish beruvchi tashkilot va professional ta'lim boshqarmasi o'rtasida 4 tomonlama shartnoma imzolanib, ushbu shartnoma shartlariga ko'ra, ular ta'lim tizimidagi mutaxassis kadrlar tomonidan o'qitiladi, hududiy bandlik bo'limlari stipendiya to'laydi va ish beruvchi o'quv kursi tugaganidan keyin ishga olishi lozim bo'ladi.

Yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash ularni “kambag'allikdan chiqarish” maqsadida esa “Kasblar festivali” davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 20 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan sertifikatlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari topshirildi.

Shuningdek, tashkil etilgan “Mehnat yarmarkasi”da Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan 20 ta sanoat korxonasi o'zining 783 ta bo'sh ish o'rni bilan qatnashdi, yarmarkaga asosan 2-sektor hududida yashovchi uyushmagan yoshlar, “ozodlikdan mahrum qilish” bilan bog'liq bo'lmagan jinoiy jazo muddatini o'tayotgan mahkumlar, muqim ish o'rni bo'lmaganligi sababli, voyaga yetmagan farzandlariga o'z vaqtida aliment to'lashga qiynalayotgan otalar va ishsiz yoshlar taklif etildi.

Tadbir davomida 60 nafar yosh, IIB probatsiya xizmatida ro'yxatda turgan 18 nafar mahkum doimiy ishga joylashtirilib, 7 nafari qayta tayyorlov kurslariga yuborildi.

Shuningdek, Urgut tumani prokuraturasi mutasaddilari tomonidan ham tizimli ish yuritish tartibi yo'lga qo'yilgan.

Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun tadbirkorlikka jalb qilish, shu tariqa, ro'yxatdan chiqarish vazifalari tizimli amalga oshirilmoqda. Buning uchun “saxovat.argos.uz” ma'lumotlar bazasi faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Hozirgi pandemiya sharoitida boquvchisini yo'qotgan, kam ta'minlangan, ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalarning muntazam ravishda holidan xabar olish, kundalik ehtiyoj mahsulotlarini yetkazib berish ham tizimli olib borilayapti.

Shuningdek, “Saxovat va ko'mak” doirasida 1901 oila ro'yxati shakl­lantirilgan bo'lib, ular 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanmoqda. Qo'shimcha ravishda, iqtisodiy yetishmovchiliklar kuzatilayotgan 70 ta oila aniqlanib, ular “Temir daftar”ga kiritilgan.

Tumandagi “Yuqori Sanchiqul” va “Dehqonobod” mahallalarida yashovchi 50 nafar fuqaroni ish bilan ta'minlash maqsadida 1 donadan inkubator (jo'ja ochirish moslamasi) uskunasini olib berishga kelishildi.

“Sariqtepa” mahallasi hududidagi 150 gektar bo'sh yer maydoni shu mahallada istiqomat qiluvchi vaqtincha ishsiz 120 nafar yoshlarning har biriga 0,5-0,8 gektardan ajratib berildi. Ularning “Yoshlar bog'i”ni tashkil qilish tashabbuslari qo'llab-quvvatlanmoqda.

“Urgut sifat parranda” MChJga Turkiyada ishlab chiqarilgan inkubator va Xitoy mahsuloti ozuqa yem tayyorlovchi dastgoh olib kelindi. Shunday qilib, endilikda tumanda istiqomat qilayotgan vaqtincha ishsiz yoshlarning kattagina qismi ish bilan ta'minlanadigan bo'ldi.

Ha, Samarqand shahar va Urgut tuman prokurorlari bugun nafaqat jinoyatchilikka qarshi, balki uni keltirib chiqaradigan asosiy omil — ishsizlikni kamaytirishi, aholini qiynayotgan eng og'riqli masalalarni hal etish bilan ham kurashmoqda.

Ubaydulla XO'JANIYoZOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =