Ona tilimiz fidoyisi bölaylik!
Ona tili şeʼrlarda, adabiyotda yayrab yaşaydi, baralla yangraydi, gurkirab yaşnaydi. Ha, şeʼriyat — nazm, adabiyot tilning xazinasi, xazinabonidir. Hazrat Navoiy şaraflaganlariday:
Bölmasa eʼjoz maqomida nazm,
Bölmas edi Tengri kalomida nazm.
Maşhur avar şoiri Rasul Hamzatov taʼkidlaganlariday: “Onalar – Allohning yerdagi vakolatli insonlari. Onalar – dunyoning birinçi şoirlari”. Til sadolari onalarimiz allalari, şirin sözlari orqali yuragimizga singadi. Ana şu sözlarni umr böyi asraş va boyitgan holda kelgusi avlodlarga yetkaziş har birimizning muqaddas burçimizdir.Çunki til yaşasa millat yaşaydi. Millat davlat bölib, dunyo xaritasida özining tarixiy örnini egallaydi.
Ona tiliga fidoyilikni taniqli bolqor şoiri Qaysin Quliyevdan har qança örgansak arziydi. Qaysin oğa ulğaygan diyorda atigi 40 mingga yaqin bolqorlar yaşardi. Tilşunoslar yaxşi bilişadi, bunday kamsonli millatlarda onalar alla aytişmasa, aşug (baxşi)lari kuylamasa, şoir va adiblari ona tilida ijod qilişmasa ularning tiliga unutiliş xavfi har lahzada tahdid soladi. Buni yurakdan his qilgan yoş Qaysin ona tilida şeʼrlar yozdi va muxlislar eʼtiborini qozondi. 1943 yilda, yaʼni 26 yoşli Qaysin Quliyevning nomzodi adabiyot yönalişida Davlat mukofotiga qöyildi.
Ammo 1944 yilda bolqor xalqi öz Vatanidan majburan köçirilgani sabab Qaysin Quliyevga Davlat mukofoti berilmadi. Qaysin Quliyevga bolqorlar diyorida, hatto Moskvada yaşaşiga ruxsat etilganiga qaramay, u xalqi bilan birga Qirğizistonga keldi. Çunki ona tili va şeʼr xalqdan kuç oladi. Rus tilini yaxşi bilgani uçun Qaysin oğa Qirğiziston Yozuvçilar uyuşmasida rus adabiyoti bölimini boşqardi. U qirğiz tilini mustaqil ravişda örgandi (şuni mamnuniyat bilan eslatişim kerak, Qaysin oğa Navoiyday buyuk şoiri bor özbek adabiyotini asliyatdan öqiş uçun özbek tilimizni ham mustaqil ravişda örgangan) va qirğiz adiblarining asarlarini rus tiliga tarjima qildi. Şunday tarjimalaridan biri Davlat mukofotiga munosib körildi.Otasi qatağon yillarida qatl etilgan Çingiz Aytmatovning hikoyalari heç joyda naşr qilinmayotgan vaqtda “boşini kundaga qöygan holda” uni qöllab-quvvatladi, katta adabiyotning eşiklarini oçdi.
Ustoz şoir rus tilini yaxşi bilsa ham bolqor tilida ijod qilişda davom etdi, jahon adabiyoti xazinasiga “Yarador toş”, “Qoyalarga iltijo”, “Ona tilimga baxşida qöşiq”, “Muhabbatim madhiyasi” kabi şeʼr-dostonlarini va maşhur “Qiş edi…” romanini tuhfa etdi. Uning asarlari kamsonli bolqor xalqi tilida yozilgan bölişiga qaramay hozirgi kunda dunyoning 146 tiliga tarjima qilindi. Muhimi, Qaysin Quliyev kabi fidoyi bolqor adiblari xizmatlari tufayli dunyoda bolqor tili yaşayapti.
Onajonim haqda etmasman inkor,
Sizga mehr bilan sözladim bisyor.
Axir, öz onasin sevmagan odam,
Sevmas özgalarning onasini ham.
Yuqoridagi misralarni yurak qoni bilan yozgan Qaysin oğa öz ona tili fidoyisi böliş bilan birga kamsonli millatlarning tillarini asraşda ham jonbozlik körsatdi. Mustabid tuzum ğoyaparastlari mamlakatda yagona tilni rivojlantirişni tarğib qila boşlaşdi. Ular özlarining puç iddaolarini olimlarga tasdiqlatib oliş maqsadida ötgan asrning oltmişinçi yillarida Moskvada Fanlar akademiyasining majlisini ötkazişdi. Deputat bölgani uçungina Qaysin Quliyev şu majlisda nutq sözlaşga muvaffaq böldi: “Ayrimlar kamsonli millatlarning tili öladi, deb gapirayotganidan xabarim bor. Buni olimlar emas, hayotning özi hal qiladi. Ona tili — har birimiz uçun tabarruk tuproq va mehribon onamiz nafasi…” Bu nutqdan olimlar sergak tortişdi.
Öşa davrda olimlar ziyrak edi, har xil puç iddaolarni qöllab-quvvatlamasdi. Birgina misol: mustabid tuzum rahbarlari maşhur akademik Andrey Saxarovni barça unvon va mukofotlaridan mahrum etişgaç, Fanlar akademiyasiga uning akademiklik unvonini bekor qiliş töğrisida buyruq berişdi. Sizga ham maʼlum, Fanlar akademiyasidagi olimlar bu bemaʼni buyruqni bajarişmadi.
Afsuski, majlisda kamsonli millatlarning tillarini yoqlab nutq sözlagan Qaysin Quliyev keyingi 12 yil davomida deputatlikka saylanmadi. Ikkinçi jahon uruşi janglarida toblangan şoir ona tilini yoqlab yangi şeʼrlarini yozdi:
Til xalqqa suvoriyday, navkarday doim posbon,
Donişmandday, dehqondan
har işda doim dastyor.
Şu bois til xalq kabi mangulikka daxldor,
Agar ölsa u, halok bölar misli qahramon.
Bu misralarni öqigan ğoyaparastlar ham mamlakatdagi 150 dan ortiq tillar qahramonlarça halok bölsa qanday fojialar röy berişini köz oldilariga keltirişdi. Keyinroq Qaysin oğa quyidagi otaşin misralarida ona tilining inson hayotidagi örnini oddiy sözlarda badiiy ifoda qildi:
Ona tilim! Jonli neʼmatsan beşak,
Bizga kuç berasan va zavqli ijod.
Biz seni eşitsak, senda gaplaşsak,
Demak, biz hayotmiz, demak, biz hayot.
Dunyodagi tillar fidoyi insonlar qahramonliklari tufayli yillar, asrlar oşa bizgaça yetib kelgan. Çingiz Aytmatov Qaysin Quliyev kitobiga yozgan sözboşisida ustozining “Mening eʼtiqodim şu: şoir ona Vatani uçun oğir damlarda oldingi saflarda bölişi kerak. Qörqoqlik va loqaydlik şoirlarga yot xislatdir, bu ona tilida tasavvur qilişni bilmaslik va jozibasini his eta olmaslikka öxşaydi” sözlarini iqtibos keltirib, fikrini şunday davom ettirgan: “Eʼtibor bering, ona tilida tasavvur qiliş qahramonlikka tenglaştirilyapti. Qahramonlik faqatgina askarlarning jangda körsatgan botirligi emas”. Darhaqiqat, ona tilini asraş va uni rivojlantiriş fidoyilikni, baʼzan qahramonlik körsatişni talab qiladi.
Bizning Qaysin Quliyevga nisbatan vazifamiz birmunça oson va lekin juda masʼuliyatli. Çunki bizning Vatanimiz – Özbekiston mustaqil davlat, özbek tilimiz davlat tili maqomiga ega. Har birimiz ona tilimizni yanada rivojlantiriş va jahondagi özining yuqori mavqeini egallaşi uçun Qaysin oğaga nisbatan köproq fidoyilik, zarur paytda qahramonlik körsatişimiz kerak böladi. Axir, dunyoda özbeklar, özbekça sözlaşuvçilar köp bölgani bilan ona tilimizni rivojlantiradigan makon bitta bu — ÖZBEKISTON!
Asror MÖMIN,
Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist
