Yozyovon hokimiga gazeta kerak ekan

Yozyovon tuman matbuoti uchun muborak Ramazon kunlarida munosib e'tibor qaratildi. Hokimlik axborot xizmati va “Markaziy Farg'ona” gazetasiga yangi bino, zamonaviy jihozlangan yangi xonalar tortiq qilindi. Bularning barchasi tuman hokimi Dilshodjon Jalilovning mat­buotga hurmati, e'tibori yuqori ekanligidan dalolat.

Mazkur yilning 27 apreli “Markaziy Farg'ona”chilarning yodida qolishi tabiiy. Qutlug' Ramazon kunida viloyat ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Yozyovonda o'tadigan navbatdagi press-tur tahririyatning yangi binosi ochilishiga to'g'ri kelgani yanada quvonchli bo'ldi.

Tuman matbuot uyi ochilish marosimida tuman hokimi Dilshodjon Jalilov ishtirok etdi va Prezidentimiz tomonidan ommaviy axborot vositalariga bo'lgan e'tiborning qiyo­­si yo'qligini aytib, tahririyat xodimlarini, gazeta muxlislarini yangi binoga ko'chib o'tganliklari bilan tab­rikladi.

Tadbirda so'z olgan O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi raisi, “Farg'ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Muhammadjon Obidov hozircha matbuotga bunday e'tibor Farg'ona viloyati misolida Yozyovon tumani hokimi tomonidan bo'lganligi, endilikda bosh­­qa tuman-shahar gazetalari muassislari ham yozyovonliklardan o'rnak olishiga umid qilishini ta'kidlab, tahririyat xodimlariga yangi binoda faoliyat ko'rsatishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Respublika Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig'i Shohidbek Aslonov shunday dedi:

— Yozyovonlik matbuotchilar endi mamlakatimiz ravnaqi yo'lida mas­'uliyatni his etib, tuman aholisining, ayniqsa, o'smir-yoshlarning ma'naviy-huquqiy bilimlarini, tushunchalarini oshirishda sidqidildan mehnat qilishiga tilakdoshmiz.

Tuman hokimligida o'tgan matbuot anjumanida so'z olgan viloyat hokimi o'rinbosari J.Qo'chqorov viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotida matbuotning o'rni, yozyovonlik jurnalistlar faoliyatiga yuqori baho berdi.

Ha, ushbu kun nafaqat Yozyovon matbuotchilari uchun unutilmas bo'ldi, balki viloyatning turli sarhadlarida ijod qiluvchi hamkasblar bilan diydorlashuv tadbiri sifatida ham esda qoladigan bo'ldi.

Tadbir so'ngida qatnashchilarning olqishlari ostida tuman hokimligi axborot xizmatiga yangi “Spark” avtomashinasi topshirildi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − three =