Rag'bat — samarali faoliyat pillapoyasi
O'zbekiston va Tojikiston xalqlari o'rtasida ko'p asrlik do'stlik va qo'shnichilik rishtalari mavjud. Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, hozirda mamlakatimizdagi uch yuzga yaqin umumta'lim maktablarida tojik tilida ham dars beriladi. Bir qator o'rta va oliy ta'lim muassasalarida, jumladan, Samarqand va Termiz davlat universitetlarida tojik filologiyasi bo'yicha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yilgan. Toshkent shahri va viloyatlarda tojik madaniyat markazlari samarali faoliyat yuritmoqda.
O'nga yaqin tuman va shahar gazetalarida tojik tili sahifalari bor. Markaziy va hududiy teleradiokanallarda tojik tilida ko'rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlanib efirga uzatilmoqda. O'tgan yili Samarqand shahrida nashr etiladigan viloyat hokimligining “Ovozi Samarqand” gazetasining 30 yilligi keng nishonlandi. Ushbu tahririyat jamoasi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” tanlovining matbuot yo'nalishi bo'yicha g'olibi hisoblanadi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan yurtimizda turli tillarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari, ularda mehnat qilayotgan xodimlarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Tojik, qozoq va boshqa tillarda faoliyat olib boradigan ommaviy axborot vositalarida samarali mehnat qilib kelayotgan iste'dodli, qalami o'tkir jurnalistlar uyushma tomonidan moddiy va ma'naviy rag'batlantirib kelinayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.
Uyushma tomonidan amalga oshirilayotgan ana shunday tadbirlardan biri kuni kecha “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari tahririyatlarida bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ko'pmillatli mamlakatimizda matbuot va so'z erkinligini ta'minlash borasidagi islohotlar ortga qaytmas tus olgani, uyushma tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini har jihatdan qo'llab-quvvatlash, turli millat va elatga mansub hamkasblar o'rtasida o'zaro do'stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini alohida ta'kidladi.
Tadbir doirasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari tahririyatlariga zamonaviy kompyuter to'plamlari sovg'a qilindi. Shuningdek, uyushma a'zoligiga qabul qilingan “Ovozi tojik” gazetasi bosh muharriri Sherpo'lat Vakilov, tahririyat mas'ul kotibi A'lim Narziyev hamda “Nurli jol” gazetasi bosh muharriri, uyushma a'zosi G'ulomzokir Yusupov va gazeta bo'lim muharriri Jannat Moldashevalarga a'zolik guvohnomasi hamda a'zolik ko'krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Zero, rag'bat — samarali faoliyat uchun pillapoyadir.
Islom ASILBEKOV,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi mutaxassisi