Ey yomg'ir, yog'aver, ming yildan so'ng ham

Osmonlarni yopindim

 

Ey, so'zlari shaklga bo'y bermagan qo'shig'im,

Ohlaringdan to'kilgan osmonlarni yopindim.

 

Ey, ohangi olamga bo'y bermagan qo'shig'im,

Izlaringdan to'kilgan zamonlarni yopindim.

 

Ey, izlari zaminga bo'y bermagan qo'shig'im,

Samolarda adashgan so'zlaringni yopindim.

 

Ey, qadami xayolga bo'y bermagan qo'shig'im,

Ko'ngil tubiga cho'kkan armoningni yopindim.

 

Ey, yo'llari shamolga nikoh etilgan qo'shiq,

Yurak uyida otgan tonglaringni yopindim.

 

                                * * *

Ruh uyida atirgul-u, qor qorishiq,

Sozim o'zing, qalbimdagi qorlarni chal.

 

Chal, sozandam, yonib bitsin borim mening,

Ammo jondan parvozlarni nishonga ol.

 

Yomg'ir kuylab yer bag'riga singib borar,

Xolo, mening ko'nglim samo kuylarida.

 

Osmonni chang ila chalgan yulduzlarim,

Ko'zlaringda kuylar, qaro ko'zlaringda.

 

Oy nuriga singib ketdi qanotlarim,

Bu olamda rost ila yolg'on qorishiq.

 

Qaldirg'ochim, kuyla dilim, ko'nma dilim.

 

Shavkat Rahmon xotirasiga

 

Shavkat Rahmon degan asov shoirga,

Haqiqat atalgan olov daraxtning,

Qaysi yaprog'idan joy berding, Robbim?

Yo qo'shiq umrining quyoshida u,

Eng yorqin bir tola bo'lib titraydir?

Yo singan ko'ngilning siniqlarini,

Yulduzlar qoni-la ulayotirmi?

Yoki hur kunlarning hur nigohida,

Porlab quyosh bo'lib kuylayotir u?

Va yo maloiklar shoir qalbida,

Yoqqan oloviga o'zi hayratda.

Yoxud kunduzlarning ishqida bedor,

Yorug' anduhini tarashlayotir?

Yo, dunyo, yolg'onchi yo'llaring aro,

Olov faryod bo'lib yo'ling to'sgan u?

Xiyonatga botgan tor dunyolardan,

O'zib ketgan ruhi arshida hozir.

Shoirlar o'lmaydi ikki olamda,

Zulfiqor ruh, jo'mard tariqatida.

Razolat va haqning qoq o'rtasida,

Ilohiy yuragin yondirayotir.

Duduq sukunatni buzar bir nola,

Daryodil samo-da, ilkis sitilar.

“Menga nonday zarur, qilichday keskir,

Zaharday mard so'zlar bo'lsayoq basdir”.

 

 

Rauf Parfi suratiga chizgilar

 

*

O'tdim hayratlarning qabristonidan,

So'zning hur nigohi o'ldirsin meni.

 

                         *

Ey, yomg'ir! Yog'aver, ming yildan so'ng ham,

Men sening ko'nglingda aytaman qo'shiq.

Ey quyosh! Bulutlar azobini ich,

Ey, shamol, ko'zingdan sizgan qonlardan,

                 hayratimning isi kelgaydir!

Ey, Osmon! Ey ona, ey buyuk alla,

Sen kuyuk bag'rimdan boshingni olgil!

Ey, Tuproq! Sen qonsan, buyuk hikmatsan,

Senga sig'inaman, buyuk ustozim!

 

Ey, ohang! Ey ohang, men osilgan dor,

Qarshingda turibman, yakto, tanho, lol.

Senga qurbonlikka so'zlarni emas,

Avvalo o'zimni atadim.

 

Ey, umri nurlarga tutash she'riyat,

Quyosh topmading-a, ko'zyoshdan ortiq?

Ey, hayot, borsan-ku, borsan-ku sendan,

Taralib turgaydir ovozim!

 

             Toza so'z

 Ona suti yanglig' top-toza so'zni,

Quygim keldi yuragim bilan

Hayotning ilonlar uygan ko'ziga.

Suzdim yaproqlarning tomirlarida,

Tingladim ranglarning nafaslarini.

Endim bulutlarning ohorlariga,

Tinidim yomg'irning munojotida.

Sukunat bag'rida

                         yechdim xayolni.

Ammo tuproq zo'r kuy,

Eng munavvar kuy.

Dunyo! Onaginam,

                       men seni tashlab,

Qayga ham borardim, o'zing ayt?

 

                     Musfira Munavvar

 

Musfira Munavvar — Karmana tumanida tug'ilgan. O'zbekis­ton Milliy universitetining   jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ayni vaqtda Navoiy davlat pedagogika instituti dotsenti. Falsafa fanlari nomzodi. “Nur qiblasi”, “Ota uyi” she'riy kitoblari va “Ma'naviy ildizlar” ilmiy risolalari chop etilgan. Turkiya, Hin­diston davlatlarida o'tkazilgan adabiyot festivallari ishtirokchisi. Yaqinda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlari ijodkorlari qatnashgan “Oltin so'z” she'riyat mushoirasida ham ishtirok etib, maxsus sertifikat bilan taqdirlangan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 4 =