Etmish dovon shukuhi

Sa'dulla Hakim

 

(Ushbu she'rlar matbuotda ilk bor e'lon qilinmoqda)

 

ETMISh DOVON ShUKUHI

Baxt qushidek qo'nib bu boshga yetmish,

Etmish dovon oshgan yo'ldoshga yetmish.

 

Tosh boshga yetmishdir, endi darz ketmas,

Necha bor darz ketib, bosh toshga yetmish.

 

Bo'yoqchi qo'liga tushib sochu qosh,

Yuz ajib o'ymakor naqqoshga yetmish.

 

Do'stu yor, farzandu nabiralar jam,

So'z – shukru alqovga, qo'l oshga yetmish.

 

Quvonchdan yetib yosh ko'z qarog'iga,

Qurigan buloqdek ko'z yoshga yetmish.

 

Oftob kelmish tushib alvon ufqqa,

Umr shafaq ichra quyoshga yetmish!

 

                     QIZIL OLMA

Ko'p eslayman, hali bola chog'imizda,

Qizil olma bo'lar edi bog'imizda.

 

Fayzli qilib o'tkinchi har daqiqani,

Har bir olma tovlanardi aqiq kabi.

 

Mezon o'tib, savatlarga terar edik,

Omborxona to'ridan joy berar edik.

 

Bir juft olma, bir juft behi, ipga tizib,

Uy shiftiga osib qo'ymoq edi qiziq.

 

Qish kunlari naq bostirib kelganda qor,

Uyda bahor, taralardi xushbo'y ifor.

 

Qorli tunlar bo'lar edi uzun-uzun,

Qo'rli sandal atrofida qilib huzur,

 

Otamizu onamiz ham some' birdak,

Gohi doston tinglar edik, gohi ertak.

 

Biz bolalar buni avlo ish deb bilib,

Navbat bilan o'qir edik qo'shiq qilib.

 

Lipillardi tilin cho'zib osma chiroq,

Bo'lmas edi bunday tundan tun yaxshiroq.

 

Shu asnoda onamiz shod qilar edi,

Dasturxonda olma paydo bo'lar edi.

 

So'ng ohista ochib bukma chopqisini,

Ixlos ila yupqa qilib archib uni,

 

Hammamizga bir bo'lagin ko'rib baham,

Po'chog'ini totgan bo'lar edi otam.

 

Har oqshomda olma bo'lib bergan chog'i,

Bittamizga tegar edi kattarog'i.

 

Kimga tegsa o'sha bo'lak, oxirida

Olma po'stin eltar otning oxuriga.

 

Toza havo, oppoq qorni kechib kelar,

Ot boshidan yem xaltasin yechib kelar.

 

O'shal choqlar ko'kka boqsang, ajib chiroy,

Ko'rinardi oltin olma bo'lib ul oy.

 

…Bolaligim, ertagi bu, o'tib bo'ldi,

Otam-onam rost dunyoga ketib bo'ldi.

 

Pok ruhlari samolarda kezib yurar,

Balki holim olislardan sezib yurar.

 

Har ishda bir hikmat otam ko'rgan ekan,

Olma emas, mehrin bo'lib bergan ekan.

 

Atrofimda nabiralar – qoshu ko'zim,

Olma archib o'tiribman endi o'zim.

15.09.2020.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =