Toshkentda Xalqaro konferensiya ish boshladi

Ma'lumki, O'zbekiston Milliy kutubxonasi har yili an'anaviy tarzda axborot-kutubxona faoliyati bo'yicha Xalqaro anjumanlar o'tkazib keladi.

Joriy yilning 19-21 may kunlari ham Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa qator vazirlik hamda idoralar hamkorligida “Central Asia – 2021: fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari” XIV Xalqaro konferensiyasi bo'lib o'tadi. Konferensiyada Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon va Belarusdan soha mutaxassislari ishtirok etadi.

— Bugun kutubxonamizning 150 yillik to'yini nishonlayapmiz! Ayni paytda O'zbekiston Milliy kutubxonasining umumiy fondi 7,5 millionga yaqin axborot-kutubxona resurslaridan iborat. Quvonarli jihati shundaki, bu yilgi konferensiya doirasida ilk bor axborot-kutubxona sohasining rivojiga munosib hissa qo'shgan, milliy madaniy merosni asrab-avaylash, kitobxonlikni keng targ'ib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash yo'lida samarali mehnat qilgan kutubxonachilar “Axborot-kutubxona a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanadi, – dedi O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.

Bu yilgi konferensiya o'tgan yildagilaridan kitob va kitobxonlik hamda kutubxonachi kadrlar masalalari, sohadagi muammolar, pandemiya sharoitida butun dunyo kutubxonalari tajribalari, kutubxonalarda ilmiy-metodik faoliyat holati va ilmiy faoliyat yuritishda jahon axborot-resurslaridan foydalanishning muhimligiga alohida e'tibor qaratilishi bilan ahamiyatlidir.

Konferensiya doirasida O'zbekiston Milliy kutubxonasining 150 yillik yubileyini keng nishonlash va   axborot-kutubxona, nashriyot-matbaa hamda kitob savdosi sohalari mutaxassislarining Mus­taqil davlatlar hamdo'stligi mamlakatlarida kitob va kitobxonlikni targ'ib qilish va ommalashtirish bo'yicha eng muvaffaqiyatli metodik ishlanmalar, loyihalarni aniqlash maqsadida “Kitob va mutolaa jamiyat rivojlanishidagi strategik resursi” mavzusida hamdo'stlik forumi ham o'tkaziladi.

A. AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 10 =