Xolislik mezon bo'lsa edi yoxud tinglashni o'rganish madaniyati haqida

Aslida bu haqda yozmoqchi emasdim. Ammo… “to'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi” deb bejiz aytishmagan ekan. Baribir gapirishga qaror qildim. Agar o'z haqqini talab qilish, adolat izlash ayb bo'lsa, aybdor bo'la qolaylik.

To'rt yildan buyon O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 noyabrdagi qaroriga muvofiq ta'sis etilgan “Mard o'g'lon” davlat mukofotiga “Madaniyat-jurnalistika” yo'nalishida hujjat topshirib kelaman. Shu paytgacha Namangan viloyat bosqichidan o'tib, Respublikaga tavsiya etilar edim. Ammo nasiba qo'shilmaganmi, mukofotga sazovor bo'lganimcha yo'q.

Aksiga olib, bu yil Yoshlar ishlari agentligining viloyat bo'limidan ham o't­mabman. Qizig'i shundaki, aynan jurnalis­tika bo'yicha topshirilgan hujjatlarni sohaga aloqador odamlar chetda qolib, viloyat madaniyat boshqarmasining vakillari baholashibdi.

Nahotki, shuncha yutuqlar (quyida ularni nomma-nom keltirilgan) bilan viloyatdan chiqishga munosib bo'lmadik? Yoshlar ishlari agentligining kadrlar bo'limi xodimi Murod (sharifini aytmadi) akaga bog'landim. Juda balandparvoz ekan, muomala mada­niyatidan asar ham yo'q, zarda bilan: “Biz bu yerda i…rilib (qo'pol so'z) ishladik, tinmadik, kechalari ham hujjat tayyorladik”, desa bo'ladimi.

“Ishlagan bo'lsangiz, bu sizning vazifangiz, mehnatingizga yarasha davlatdan oylik olayapsiz”, degim keldi-yu… Xullas, Agentlikning bu xodimi umumiy gaplardan nariga o'tmadi.

Kuyib-pishayotganimning sababini ham aytay. Otam — dehqon, onam — oddiy uy bekasi. 6 yil deganda talaba bo'lganman. Meni taniydiganlar juda yaxshi bilishadi buni. Bugungi yutuqlarimga osonlikcha erishmadim. Rostini aytsam, shu mukofotni olib, magistraturada imtiyozli o'qisam, degan umid bilan harakat qilgandim. Qo'llari ketmonda qotib ketgan otamni yana ikki yil “bolamning kontrakti bor”, degan hadikka solmasam, degandim.

Niyatim amalga oshmagan bo'lsa ham, kerakli xulosalar oldim.

Quyida “da'vo”imga sabab ko'rsatish maqsadida shu taqozo qilgani bois, erishgan kamtarona yutuqlarimni sanab o'tishga majburman.

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 3-bosqich talabasiman. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida mutaxassis bo'lib ishlayman. 300 ga yaqin publitsis­tik maqola va badiiy hikoyalarim tuman, viloyat, respub­lika bosma nashrlarida chop etilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Zomin — 2017” seminari hamda Respublika yosh ijodkorlari kengashining “Bo'stonliq — 2017” forumlarida ishtirok etganman. 10 ga yaqin ilmiy-taqriziy, tezisli maqolalarim Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya kabi davlatlardagi jurnal, konferensiya-monografiya to'plamlarida chop etilgan. Badiiy hikoyalarimdan 5 tasi Hindistonda chop etilgan “Zamonaviy o'zbek hikoyalari” (Contemporary Uzbek Short Stories) xalqaro nasr antalogiyasidan o'rin olgan. Hindistonda chop etilgan hikoyalar to'p­lamim mazkur davlatning adabiyot yo'nalishidagi “SAHITYA SHREE” nomidagi nufuzli adabiy mukofot va maxsus sertifikatiga loyiq ko'rilgan. Hindistonning Haydarobod shahrida o'tkazilgan “O'zbekiston–Hindiston madaniyat kunlari” doirasida bo'lib o'tgan adabiyot haftaligining maxsus diplomi bilan taqdirlanganman. “Zamonamiz qahramonlari”, “Jilg'alar qo'shig'i”, “Ulug' saltanat vasfi”, “Baxt qo'ng'irog'i”, “Umid yog'dusi” kabi ilmiy maqolalarim yoshlar almanaxlaridan, “Bugungi o'zbek tilshunosligida til va adabiyotning o'rni”, “Filologiyaning umumnazariy masalalari”, “Zamonaviy psixologiya muammolari” kabi chiqishlarim res­publika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya, ilmiy va tahliliy maqolalar to'plamlaridan joy olgan. “Ma'rifat” gazetasida e'lon qilingan “Muallim, o'quvchingiz nima o'qiyapti?” nomli maqolam “Talaba-jurnalistning yorqin publitsistik ishi” nominatsiyasi yo'nalishida g'olib deb topilgan. Jahon iste'dodlari uyushmasi (Qozog'iston) tomonidan o'tkazilgan “Olis bolalikka sayohat” xalqaro-onlayn tanlovining 1-mavsumida “Eng yaxshi hikoya” nominatsiyasi g'olibi hamda maxsus diplom bilan taqdirlandim va 2020 yil 18 avgustda ushbu uyushmaning a'zoligiga qabul qilinganman. 2020 yil 30 sentyabrda Qirg'iziston Respublikasida faoliyat olib borayotgan “Qirg'iz shoir-yozuvchilari” jamoat fondi a'zosi bo'lganman. O'tgan yili Qozog'iston Respublikasining “Abay” nomidagi adabiy medali bilan taqdirlangandim. Shuningdek, Jahon iste'dodlari uyushmasining “Eleuli yenbegi ushin” (“Muhim xizmatlari uchun”) medali sohibi bo'lganman. Joriy yilda esa Qozog'iston Respub­likasida o'tkazilgan “Eng yaxshi yosh olim — 2021” xalqaro tanlovining jurnalistika yo'nalishi bo'yicha birinchi o'rin (oltin medal) sohibi bo'ldim.

Yuqoridagilardan “Bu bola rosa mukofotga o'ch ekan-da”, deb o'ylamang. Aslo! Aslida eng katta yutuq, mukofot sog'-omonlikda, ota-ona, eng yaqin insonlarning borligi, ustozu do'sti yorlarning e'tibori, yurtimizning tinchligi, osmonimizning musaffoligidadir. Lekin yoshlarni har jihatdan qo'llab-quvvatlaydigan Yoshlar ishlari agentligi, uning viloyatdagi bo'limlarida adolat, xolislik yo'q ekan, degan fikrga keldim. Shunisi alam qildi, xolos.

Siz nima deysiz, aziz tengdosh, o'zi kimlar mukofotga loyiq?

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =