Ikkinchi jahon urushi qachon boshlangan yoki savod qanday g'ovlab ketadi?

Ijtimoiy tarmoqda bir lavha ko'rib qoldim. Aslida bu lavhani bir yil avval ham ko'rgandim-u, shunchaki kulgim qistagandi, xolos. Bu yil ham o'sha va shunga o'xshash yangi lavhaga ko'zim tushdi. Ichim yondi, qonim qaynadi, boshim qizishdi… Qanday lavha, dersiz. Ehtimol, uni siz ham ko'rgansiz. Lavhada 9 may kuni Moskvadagi Qizil maydonda o'tkazilayotgan marshda qatnashayotgan bir qancha o'zbekis­tonlik mehnat muhojirlariga Ikkinchi jahon urushi haqida savollar beriladi. Bo'lganda ham juda oddiy savollar: “Ikkinchi jahon urushi qachon bosh­langan? Gitler kim bo'lgan? Stalin kim edi?..”, kabi.

Aytishingiz mumkin, “E, bularni maktab bolasi ham biladi-ku”, deb. Harholda, siz hozir qo'lida gazeta tutib turgan kishi sifatida shunday o'ylaysiz. Ammo lavhada savol bilan murojaat qilingan yosh yigitlardan tortib, o'rta yoshli kishilargacha yuqoridagi oddiy savollarga ham birortasi qoniqarli javob bermaganini ko'rishingiz mumkin. “Ikkinchi jahon urushi 1441 yil boshlanib, 1445 yil tugagan”, deydi bir yurtdoshimiz.

“Gitler ruslarning podshosi bo'lgan-da”, deydi yana bir “bilimdon”. Bu kaslar kitob-pitob o'qishmagani-ku aniq, aqalli, televizor ham ko'rishmaganmikan-a?!

Bu urush butun insoniyatning boshiga qanchalik qatta ziyon keltirganini qo'ya turing, shu mal'un urushda yarim milliondan ziyod o'zbekistonliklar qurbon bo'lgani, qancha oilalar kulfat ostida qolgani, necha yuz minglab bolalar yetim, ayollar tul, ota-onalar farzandsiz qolgani, xalqimizning front ortida kechirgan og'ir mehnatu g'am-g'ussaga ko'milgan rangsiz hayoti shu oddiy savollarning javobini bilmaydigan kimsalarning tushiga kirarmidi?!

Tarixning bunday, qaysidir ma'noda “mashhur” sahifalarini bilmaganlar, noqulay bo'lsa-da, aytish joiz, bu qadar saviyasiz, savodsiz kimsalar To'marisu Shiroqni, Spitamenlarini, Jalollidin, Temur Maliklarni, Amir Temuru, Temuriylarini; Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Buxoriy, Termiziylarini, Alisher Navoiylarini; yaqin tarixda chor rossiyasi-yu sovetlar zulmiga qarshi bosh ko'targan mard ota-bobolarini, jadidlarini tanishiga ishonib bo'ladimi?! Ularni tanimay, bilmay turib, tirik ruhining millat yelkasidagi nafasini his qilmay turib, o'zbekman, deyish uyat. Hayf-e, bundaylarga o'zbeklik, deysan o'kinch bilan.

To'g'ri, hamma zamonlarda ham, hamma jamiyatlarda ham bu toifa kishilar bo'lgan, hozir ham bor. Ammo bugun ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar rivojlangan XXI asrda ham shu qadar ko'rsavodlikni tasavvur qilib bo'lmaydi. Lekin tasavvur qilishga hojat yo'q, marhamat: tirik, real palag'da kaslar!

Xo'sh, qachon paydo bo'ldi bunday avlod? Nima uchun paydo bo'ldi? Qaysi sharoit bu ahvolga keltirdi? Qanday oilalarda tarbiya topdi bu toifalar? Qaysi, qanday maktablarda o'qidi?.. Va eng og'ir savol: bundaylardan kimlar yetishib chiqadi, ular yana qanday “zot”larni tarbiyalaydi?!

Lavhani ko'rsangiz, javob berayotganlarning savlatidan ot hurkadi. Ismlariga qarasangiz, Temurbek, Ulug'bek, Muhammad… Eh, ular aqalli o'z ismining ma'nosini anglarmikan? Bu nomlarning yuki bosmasmikan ularni? Ularga muhojirlikda “Qaerdansan”, deyilsa, “O'zbekistondanman”, deyishadi, “O'zbekman”, deyishadimi? Tasavvur qilsam, uyalib ketyapman.

Balki nazdingizda, birgina lavhadan fojia yasab yuborayotgandek ko'rinarman. Yo'q, fojia yasamayapman, chinakam tragediyaning o'zi yetilib kelmayaptimi? Bugun kechasidan bexabarlarning ertasi bo'lmaydi! Har birimizga igna yutgan itning azobidek azob berishi kerak bu holat. Kelajak yoshlar qo'lida, bugungi avlod qo'lida, deymiz. Haq gap. Va … ming afsus!

Shahzod QAHRAMON o'g'li

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 8 =