“MUBORAK HAYoTI”ning hayoti so'ndimi?

Bu xabarni eshitib, “Yolg'on bo'lsa kerak”, deb o'yladim. Axir, kelib-kelib Muborak tumanining gazetasi chiqmay qoladimi? Matbuotga aloqasi bor bir tanishimga qo'ng'iroq qilib so'radim. “Rost, gazeta chiqmayotganiga ancha bo'ldi”, dedi u.

Muborakni bilasiz, Qashqadaryo viloyatidagi eng rivoj topgan tumanlardan. Mamlakatimizning gaz va neft ta'minotida alohida o'ringa ega, yirik sanoat korxonalari maskani! Qirq yillik tuman gazetasining birdan chiqmay qolishini esa tasavvur qilish qiyin. Ammo bu haqiqat ekan. Ko'nglim og'rindi. Chunki kamina bu gazetaning ilk soni chiqqanda nav­batchi bo'lganman…

Esimda, o'sha yillari Muborak shahrining “Do'stlik” mahallasidagi ikkita kottejning biri tahririyat, ikkinchisi bosmaxonaga aylantirilib, ish boshlangandi. O'shanda mamlakat matbuoti tarixida tuman miqyosida ilk bor uch tilda: o'zbekcha “Do'stlik bayrog'i”, ruscha “Drujba narodov” hamda qrim-tatarcha “Dostыk bayrag'i” gazetalarini nashr etishga kirishilgandi. Bu gazetalarning har biri haftasiga uch marta chiqar edi. Qolaversa, ruscha “Zarya” va qrim-tatarcha “Tang”, qo'shni Bahoriston (hozirgi Mirishkor) tumanining “Bahoriston haqiqati” gazetalari, umuman olganda, jihozlari eskirib ketgan bosmaxonada haftasiga 15 marta gazeta nashr etilgan.

“Muborak hayoti” gazetasi tahririyatiga har kuni 20-30 talab xat kelar, gazetaning deyarli har sonida tanqidiy-tahliliy maqolalar bosilib, mutasaddi tashkilotlar tanqidlarga javob yo'llar, yo'l qo'yilgan xato-nuqsonlarni bartaraf etishga harakat qilardi. Shuni ham aytish kerakki, gazetaga Muborakdagi barcha sanoat korxonalari to'liq obuna bo'lar, bu tashkilotlarning ba'zi xodimlari o'zlarining xat-xabarlari, badiiy mashqlari bilan gazeta sahifalarida   ishtirok ham etishardi.

Xo'sh, endi nima bo'ladi? Nega bugun tuman gazetasi chiqishdan to'xtadi? Gazetaning o'quvchilar e'tiboridan qolishida keyingi yillarda rahbarlik qilgan muharrirning ham aybi bor, nazarimda. U gazetadan o'z tirikchiligi yo'lida shaxsiy tomorqaday foydalana boshladi. Faqat jamoa xo'ja­liklari faoliyati haqida siyqa materiallar beriladigan, chaynalaverib shiltasi chiqib ketgan gaplar jamlanmasiga aylanib qolgandi bu nashr. Bir-biridan dolzarb mavzudagi maqolalarga keng o'rin berib, o'quvchilar auditoriyasini kengaytirishga harakat qilinmadi.

“Muborak hayoti”ning eng so'nggi muharriri ham savod va tashkilotchilik, izlanishu intilish masalasida avvalgisidan pesh bo'lmagani bois, obunachilar soni kes­kin kamayib ketdi. Oqibatda mana, joriy yilga kelib tuman gazetasi umuman chiqmay qoldi.

Tuman rahbariyati ham o'z nashrlariga e'tibor qilishni mutlaqo xayollariga keltirishmadi. Vaholanki, mamlakatimiz rahbari takror-takror uqtirganidek, ma'naviy qashshoqlik iqtisodiy qashshoqlikdan ming bora xavfli. Bu fojiani anglab yetmayotgan rahbarlarni nima deb atashgada hayron qolasan kishi.

Jonim achiganidan yaqinda “Muborak hayoti”ning oxirgi muharririga bog'lanib: “Tuman hokimi bilan maslahatlashmadingizmi?” — deb so'radim. Uning aytishicha, hokim, dastlab, tahririyat hisobiga 5 million so'mcha mablag' o'tkazib beribdi. So'ng, “Gazeta uchun meni blogerlar internetda sharmanda qilishlarini istamayman”, deb javob beribdi. Hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydigan ma'naviyat rivojiga qayishgan rahbarni internetda qoralaydigan o'zini “bloger” ataguvchilarga, avvalo, “ma'naviyat dushmanlari” deb qarash kerak, menimcha. Qolaversa, blogerni bahona qilib, o'z nashridan voz kechayotgan hokim qanday rahbar bo'ldi? Ishbilarmon, g'ayratli rahbar o'z faoliyatida gazetaga tayansa, faqat yutadi-ku!

Vaqti zamonida tuman gazetasi muharriri tahririyat uchun qurilishi lozim bo'lgan binodan “ko'ngilli ravishda” voz kechishi oqibatida “Muborak hayoti” ko'chada qolib ketgan edi. Xullas, u bo'ldi, bu bo'ldi qirq yillik tuman gazetasi bugun chiqmay qo'ydi. Hatto viloyatning nisbatan qoloq tumanlarida gazetalar nashr etilib turgan bir payt­­da Muborakday katta tumanning bugun o'z gazetasi bo'lmasa?..

Yuz mingdan ortiq aholi, o'nlab yirik sanoat korxonalari, to'rt-beshta harbiy qism, yuzlab fermer xo'jaliklari, qirqqa yaqin ta'lim dargohi va ko'plab mahallalar, bir necha yuzlab firma va xususiy korxonalarga ega bo'lgan tumanda gazetaning yopilib ketishi, avvalo, tuman hokimiyati uchun uyatli hol emasmi?

To'g'ri, rivojlangan davrda yashayapmiz. Hammaning qo'lida uyali telefonlar bor. Barcha yangiligu xabarlardan internet orqali voqif bo'lish mumkin. Lekin bu matbuotning faoliyatiga nuqta qo'yish degani emas! Hozirgi shiddatli zamonda bosma matbuotning ham o'z vazifasi, jamiyat rivojida o'z o'rni bor. Muborak tumani rahbariyati o'zi muassis bo'lgan gazetani saqlab qolish choralarini qo'rsa, maqbul ish bo'lardi.

Ochil TOHIR,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − nine =