Bu onlarning gashti o'zgacha…

Kecha yurtimizning barcha umumta'lim maktablarida o'quv yilining yakunlanishiga oid tadbirlar bo'lib o'tdi.

O'quvchilar qalbidagi hayajon – sinfdoshlaridan, ustozlari hamda qadrdon maktabi bilan xayrlashish onlaridagi ko'zga qalqqan yoshlarni hech bir so'z bilan ta'riflab bo'lmasa kerak.

Bu kunlarning gashti bo'lak, bu onlarning quvonchi o'zgacha!

Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi rus tiliga ixtisoslashgan 159-sonli mak­­­­tabda ham shukuhli tarzda tashkil qilindi. Poytaxtimizdagi eng namunali ta'lim maskanlaridan biri hisoblangan mazkur maktabdagi tadbir yig'ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Unda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, taniqli san'atkorlar va o'quvchilarning ota-onalari ishtirok etib, bitiruvchilarni katta hayot sari qo'yayotgan ilk qadamlari bilan tabriklashdi.

— Maktabimiz 960 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, 1713 nafar o'quvchi 2 “smena”da ta'lim oladi. Ayni paytda 11-sinf o'quvchilarimiz 141 nafarni, 9-sinf bitiruvchilarimiz esa 197 nafarni tashkil etadi. 9-sinf bitiruvchilarining 90 foizi maktabda 11-sinfgacha o'qishni tanlagan, — dey­di mazkur ta'lim dargohi direktori Hamida Mansurova.

— 9-sinfni tugatyapman. Sinfdosh­larim litseyga, harbiy maktab va bosh­­qa turli ta'lim muassasalariga hujjat topshirdi. Men esa o'z maktabimda 10-, 11-sinfni o'qimoqchiman.

Chunki ustozlarimni yaxshi ko'raman. O'qituvchilarim va sinfdosh­larimga   ko'nikkanman. Oliy ta'lim muassasasi borasida esa hali bir qarorga kelganim yo'q. Lekin kelajakda xorijda o'qish niyatim bor. Nasib qilsa, chet elda o'qib, O'zbekis­tonga foydasi tegadigan yetuk mutaxassis bo'lib qaytmoqchiman.

Orzularimga erishish uchun hozirdan astoydil harakat qilyapman. O'z ustimda ishlab, ustozlarim va ota-onamning yuzlarini yorug' qilaman, — dedi bitiruvchilardan biri Ruxsora Shokirova.

Ko'tarinki ruhda o'tgan tadbirda O'zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovning dilbar kuy-qo'shiqlari yig'ilganlarga a'lo kayfiyat ulashdi. Maktab kutubxonasiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 50 ta eng sara badiiy asarlar jamlanmasi topshirildi. Taniqli shoir, O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, Qoraqalpog'iston xalq shoiri Rustam Musurmonning bitiruvchilar uchun aytgan dil so'zlari va go'zal she'rlari katta taassurot qoldirdi, olqishlar bilan kutib olindi.

Shuningdek, 2020-2021 o'quv yilida yuqori natijalarga erishgan faol o'quvchilar hamda fidoyi ustoz-murabbiylar maktab ma'muriyati va tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar. Ma'lumot o'rnida, mazkur maktab samaradorligi bo'yicha eng yaxshi natijalarga erishgan bilim dargohlaridan biri sanalib, shahardagi yuzlab maktablar orasida o'z o'rniga ega mas­kan hisoblanadi.

— O'quvchilarimizni o'z farzandlarimizdek yaxshi ko'ramiz. Bu o'g'il-qizlar ko'z oldimizda ulg'aydi, yonimizda katta bo'lishdi. Mana hash-pash deguncha oradan 11 yil o'tib, bir qancha o'quvchilarimiz mus­taqil hayot sari qadam qo'yishmoqda. Biz ularga ishonamiz va nafaqat maktabimiz, balki respublikamizdagi barcha bitiruvchi yoshlarimizning kelgusi ishlarida omad va zafarlar tilaymiz, — dedi maktab direktori Hamida Mansurova.

Ha, yana bir o'quv yili ham yakuniga yetdi. Darslar tugadi. Bayramona tadbirni kuzata turib, ota-onalarning ustozlarga minnatdorlik bildirayotganiga guvoh bo'ldik. Kimdadir quvonch ko'z yoshlari miltillaydi. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o'tirgan, bir oila a'zolaridek bo'lib qolgan sinfdoshlarning har biri endi o'zining mustaqil hayot yo'lini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o'quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo'ladi…

— Bitiruvchilarimiz endi har qachongidan ham kuchli, matonatli, sabrli va eng muhimi mustaqil bo'lishlari lozim. Samimiylik, mehr-muhabbat va sadoqat kabi tuyg'ularini yo'qotishmasa, albatta, hayotning har qanday sinovlarini yengib o'tishadi. Eng muhimi, maqsadlari sari dadil odimlab, kelajakda o'zlari orzu qilgan inson bo'lishadi, degan umiddaman, — dedi maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'­yicha direktor o'rinbosari Shoiraxon Shernazarova.

Biz esa farzandlarimiz maktab partasida olgan bilimlarini kelgusida yanada mustahkamlab, Vatanimizga munosib xizmat qiladigan yetuk insonlar bo'lishlarini tilab qolamiz.

Abdulaziz AHMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 3 =