Issiq bir non kabi
1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Bolalar haqida o'ylaganda (ularni o'ylamay bo'ladimi, axir?!) har qanday odam beixtiyor nafaqat o'zini balki hamma narsani unutadi. Shubhasiz, bolalarsiz hayotni, ertani tasavvur qilib bo'lmas. Bejiz, turkning otashnafas shoiri Nozim Hikmat shunday yozmagan edi:
Dunyoni topshiraylik bolalarga, hech bo'lmasa bir kunga,
Ol alvon bir shar kabi beraylik o'ynasinlar.
O'ynasinlar qo'shiqlar kuylab yulduzlar orasida.
Dunyoni bolalarga topshiraylik.
Chunonchi, bolalar va bolalikning olami beg'ubor va samimiy bir go'zallikka chulg'angandir. BOLALAR… Ular haqida aytilaverib yod bo'lib ketgan gaplar bugun yana va yana, yana va yana aytilajakdir.
Men esam, jo'mrakda oqib turgan suvni ishlatayotganimda, gaz plitamning ochiq turgani esimga tushganida, qushlar va daraxtlarga ko'zim tushganida, har juma quyoshga nazarimni tikkanimda bolalarimga qoldirayotgan merosimizni o'ylab titrayman. Men ko'rgan qushlarni ular ham ko'rmog'ini, men hidlagan gullarni hidlamog'ini, menga hayot bergan havodan ular ham nafas olmoqlarini istayman. Mening bolalarimga baxshida mehrim kabi bolalarimning bolalari ham o'z zurriyodlariga Allohning eng ulug' rahmatini ulashsalar deyman.
Bugun bir ko'rinmas balo iskanjasida insoniyatni qamragan vahm mening-da yuragimni o'rtamoqda.
Dunyoga ko'z tika turib, otalari va onalari emas, telefon, televizorlar “tarbiyalayotgan” bolalarni ko'ryapman. Jannat va jahannamga tutash bir yo'lning biz yashayotgan dunyodan boshlanganini sezyapman.
Yuragim tovonimga tusha boshlagan bir vaqtda esa yana NURga duchorman. Nurki, sizning umidbaxsh kelajagingiz nuri. Nurki, baxt sari odimlayotgan bolalar nuri…
Imkoniyati cheklangan bolalar ishtirokidagi “Musaffo ranglar jilosi” tanlovida bolalik mo''jizalariga duch keldim. Toza tasavvurlarini chizgilarga to'kayotgan muhtasham qalblar bilan uchrashdim.
“Bu — mening quyoshim!”, dedi ulardan biri o'zi chizgan suratni tasvirlar ekan.
Ha, darhaqiqat:
Bu — sizning quyoshingiz!!!
Bu — sizning gullaringiz!!!
Bu — sizning osmoningiz!!!
Agar siz bo'lmasangiz, bizning hech nimamiz yo'q. Agar siz bo'lmasangiz, biz-da yo'qmiz, BOLALAR…
Biz kattalar ertamizni sizdan topamiz, shuning uchun-da, bugunimizni siz bilan baham ko'ramiz.
Gul ko'nglimizning gulnigor qizaloqlari, osmon dilimizning baxtqanot bolakaylari. Bu kun — dunyo xalqlarining bolalarni himoya qilmoq kuni. Bu kun sizning xos bayramingiz. Biringizning qo'lingizda pufaklar, biringiz muzqaymoq yalamoqdasiz, yana biringiz yorug'likdan qamashayotgan ko'zlaringizni shirin bir xarxasha bilan ishqalab turibsiz. Qay holatda bo'lmang, Yaratgan in'om etgan jami nasibalardan shirinroqdirsiz.
Dunyo bolalari — sizning barchangizni yaxshi ko'rmaslik qoshida ilojsizmiz. Bolalardan bolalarga meros qolguvchi tonglar haqqi hurmati bolalikni ehtiyot qilish biz kattalar uchun nasldan-naslga o'tuvchi tuyg'uga aylanmog'i kerak!!! Bolalarning qalbini, seryog'du olamini, samimiyatini himoya qilish har birimizning ko'ngil tutqichlariga aylanmog'i shart!
Muhayyo PIRNAFASOVA