“ARTEL” suv chiqardi, endi yo'lni kim ta'mirlaydi?
Jizzax viloyati, Zomin tumanining olis hududlaridan O'rtaqishloq aholisi qariyb 50 yildan buyon toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekardi. O'rtaqishloqliklar mazkur masala yuzasidan turli mutasaddilarga, xususan, tuman hokimligi va tuman “Suv-oqova” davlat unitar korxonasiga, hatto O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, turli hukumat idoralariga ham murojaat qilishdi. Bu murojaatlar nafaqat o'zbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlarda, balki xorij internet nashrlarida ham qizg'in muhokamalarga sabab bo'lgandi. Natija esa…
— Bolalarimiz olis masofadan eshak aravalarda suv tashirdi. Elektr quvvatining pasayishi, undagi uzilishlar sabab ma'lum soatdagina ishlaydigan artizan qudug'i suvidan olish juda qiyin edi. Turnaqator navbatlar safi kun sayin uzayib bordi. Axir, suv — tiriklik, suvsiz hayot yo'q! Bir-bir yarim oyda keladigan ariq suvidan ichishga majbur edik. Farzandlarimiz tong saharlab suvga ketardi. Navbat kattaligi sabab maktabga kechikardi, darsdan qolishga majbur bo'lardi, — deydi qishloq ayollaridan Karima opa Abdukarimova.
Bu hududda aholining asosiy daromadi chorva mollari hisoblanadi. Suv tanqisligi, uning yaroqsizligi sabab chorva mollarida ham kasalliklar ko'paygandi. Bu esa xalqning turmush tarziga sezilarli zarar yetkazgan. Axir, yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortig'i ichimlik suvi sifatining pastligi hamda suv ta'minotida sanitar-gigienik qoidalarning buzilishi bilan bog'liqligiga isbot shart bo'lmasa kerak? Zero, har bir kishi sanitariya me'yorlariga amal qilib, sog'lom hayot kechirishi uchun kuniga 50 litr suvdan foydalanadi.
— Qishlog'imizda 70 xonadon bor. Jami 1500 dan ziyod fuqaro istiqomat qiladi. Suv bizda doimo muammo bo'lib kelgan. Hatto o'tgan vaqt ichida 68 nafar bola ichimlik suvining talabga javob bermasligi oqibatida sariq kasal bo'lib, vafot etdi. Kasalgarchilik ko'paydi. Murojaatlarimiz amaliy natija bermadi. So'ng “Artel” kompaniyasi “Sharq tonggi” tuman gazetasiga homiylik qilayotgani, tumandagi 3-maktabni joriy ta'mir etgani-yu nochor oilalarga beg'araz yordam ko'rsatayotganini eshitdik. Qishloq ahli maslahatlashib, kompaniya mutasaddilariga murojaat qildik, — deydi maktab o'qituvchisi Ilhom Xudoyberdiyev.
Ma'lum bo'lishicha, joriy yilning 31 may kuni o'rtaqishloqliklar “Artel” kompaniyasi rahbariyatidan mazkur masalada yordam so'rashgan. Zomin tumanidagi “Artel” korxonasiga qarashli “Trust Electronics” MChJ rahbariyati esa mazkur holatni o'rganib, artizan qudug'i qazish uchun 140 metr masofadan elektr simlari tortib keladi. Qisqa muddatdan so'ng, qariyb 350 million so'm mablag' evaziga 200 metr chuqurlikdan ichishga yaroqli suv chiqa boshladi. Va bugun bu artizan qudug'i aholining suvga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirmoqda!
— Yoshim 95 da. Traktorchi bo'lganman. Esimni taniganimdan buyon qishlog'imizda suv muammosi bo'lgan. Artizan qudug'idan otilib chiqayotgan rohatbaxsh, hayotbaxsh zilol suvni ko'rib, to'g'risi, terimga sig'mayapman. “Artel” kompaniyasi suv chiqarib berdi, endi qaniydi, hokimlik ham hadeb va'da beravermasdan, yo'l muammosini hal qilib bersa… — deydi Botir bobo Xudoyberdiyev.
BMT ma'lumotlariga ko'ra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi yashaydigan joyda toza ichimlik suvi yetishmaydi. Afsuski, bu muammo O'zbekistonni ham chetlab o'tmagani rost. Imkon qadar bu masalani bartaraf etib, xayriya tadbirlarini ko'paytirish zarur. Axir, xalqimizda “Suv keltirgan elda aziz”, degan naql bor. Hamma zamonlarda ham yo'l va ko'prik qurgan, qolaversa ichimlik suvi chiqargan insonlarning odamlar orasida qadri baland bo'lgan.
Qishloq ahli endi abgor holatda, o'ydim-chuqur qishloq yo'llariga ham e'tibor qaratilishidan umid qilib yashayapti. Ammo Zomin tumani mutasaddilari kutilganidek sukutni yaxshi ko'rishmoqda…
Abdulaziz AHMEDOV