Til begi bo'lish osonmi?

Til begi. U nima degani? Siz bu iboraga birinchi duch kelayotgan bo'lsangiz, hali ko'nglingizda uning nafasi ham bo'lmagani uchun biroz erish tuyulib, ajablanasiz. Ammo “til begi” sekin dilingizga o'tiradi. Endi fikrlay boshlaysiz va “Til begi bo'lish osonmi?” degan to'xtamga kelasiz.

Til begi.

Ikki davra esimga tushadi.

Birinchi davrada kim kelyapti, kim ketyapti, birov bilan birovning ishi yo'q, hatto ziyolinamo kishi davraga kirganda, boshqalar jimib qolishdi. Haligi kishi noqulay ahvolda qoldi shekilli, “menga uzr” deya chiqib ketdi, yonimda o'tirgan kimsa: “ – Kirib nima qilarding, nomard!” dedi uning ortidan kesatib. Men o'sha kishiga achindim, axir u ham mehr istab kirgandir, bir og'iz shirin so'zga mushtoq bo'lib suhbatga bosh suqqandir shu davraga! Eh, til, til begi yetishmadi shu davrada!

Marg'ilonga bordik, odamlarning bir-birlari bilan juda samimiy gaplashayotganlarini, qo'llarini ko'ksilariga qo'ygancha ta'zim qilib, bir-birlarining hurmatlarini joyiga quyayotganlarining guvohi bo'ldik. Yana o'rnilaridan turib, mehmonni “xush, keldingiz!” deya tavoze bilan kutib olayotganlarini ko'rib, behuda Abdulla Qodiriy shu yerdan Kumushbibini tanlamaganini ham angladik.

Inson deyilganda uning ko'p fazilatlari qatori til madaniyati ham asosiy ahamiyatga ega. Odamiylikning bu durdonasidan mosuvo kimsa shonu sharafdan ham yiroq bo'ladi.

Til begi bo'lish katta san'at. Chiroyli so'zlagan kishini ko'rganingizda unga havasingiz kelib: “ —   oila­sida, jamiyatda obro' e'tibor topadi.

Hazrat Navoiy bobomiz: “ Insonni so'z ayladi judo hayvondin” deydi. Bundan ortiq hikmat bormi?

Til begi!

O'zbek tilining imkoniyatlari juda keng. Dunyoda besh mingga yaqin til mavjud bo'lsa, o'shalarning ichidagi eng nufuzli, eng boy tillardan biri ham shu ona tilimizdir. Shu tilning begi bo'lish – dunyo   til xazinasini boyitish, uni yangi ibora, maqollar bilan to'ldirish, ya'ni olam ahliga ezguliklar baxsh etish demakdir.

Tilimizning jozibasi shundaki, ostonaga kelgan odam borki, xalqimiz bag'rini keng ochib kutib oladi va qalbidagi eng nodir so'zlar bilan siylaydi, eng tansiq taomlarini unga ilinib, xizmatida shay turadi. “— Buncha yaxshi   xalq bu!” — deydi mehmon ham hayratlanib.

Momomiz, onamiz: “ — Qizim, kelinim, ostonani supurib qo'y!” deydi shu tilda. Ertalabdan yog' tushsa yalagudek ostonalarni, ko'chalarni ko'rib, qalbimiz yasharib, vujudimiz yayraydi. Shu tilimizda yangragan pok, samimiy so'zlar sharofatidan emasmi bu?! Til bekalari bo'lgan momo va onalarimiz shirin so'zlaridan emasmi bu?!

Ovqat tanovul qilib tursak, “osh bo'lsin” deyishadi. Bundan tanamiz huzur qiladi. Suv berganga “suvday serob bo'ling” deb minnatdorlik bildiradilar. Ertalabdan qariyalarimiz: “Dunyoda tinchlik bo'lsin!” deya duoga qo'l ochadilar.

Bu shunday til. Dunyoga, insoniyatga yaxshilik istagan til. Shu bois bu til hurmatga, e'tiborga loyiqdir.

So'radilar:

— O'zbekning eng yaxshi so'zi nima?

— Tinchlik! – deya javob qildik.

— Izzat qilgani kim?

— Ona!

— Kutgani kim?

— Mehmon!

— Qadrlagani nima?

— Do'stlik!

— Nasihati nima?

— Ilm ol, hunar o'rgan, odam bo'l!

— Bu buyuklik nishonasi! — dedi suhbatdoshimiz.

Hali bu til insoniyatga ko'p ezguliklar baxsh etadi. Bugun beshigida ulg'ayayotgan bolakay ham   onasining allasini eshitib, murg'ak qalbida elining eng ezgu so'zlarini jo etmoqda. U ertaga o'z tilining begi bo'ladi. Til begi bo'lgan inson yaxshilikdan, do'stlikdan, tinchlikdan so'zlaydi, farovonlikni orzu qilib, shu yo'lda mehnat qiladi, “olamga go'zallik hadya etaylik!” deya boshqalarni ham yaxshilikka boshlaydi. Shunday sharafli yashashga o'rgatayotgan tilni har qancha ulug'lashning o'zi ham katta baxtdir. Til begi bo'ling, yosh do'stlarim!

Abduvali MENGBOYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =