Axborot xizmatining “xizmati” nimadan iborat?
Ma'lumki, har bir davlat tashkiloti, muassasasida axborot xizmati yoki jamoatchilik bilan ishlash xizmatlari tashkil etilib, bugungi kunda ularning faoliyati keng yo'lga qo'yildi. Albatta, bu axborot olish, so'z va matbuot erkinligini ta'minlashda juda yaxshi qadamlardan biri bo'ldi deyish mumkin.
Ammo bu harakatlar bugungi kunda qanday samara beryapti, aytmoqchimizki barcha tuzilmalarda ham ko'zda tutilganidek ish yuritilyaptimi?
Tan olish kerak, o'z faoliyatini namunali tarzda olib borayotgan axborot xizmatlari ham yo'q emas. Xususan, bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat soliq qo'mitasi, Adliya vazirligi singari idoralar, ayrim bank axborot xizmatlari va ularning quyi tizimlaridagi bo'limlari faoliyatidan qoniqish mumkin. Chunki gap ular tomonidan tashkil etilayotgan turli tadbirlardagina emas, balki istalgan vaqtda ommaga berilayotgan ochiq ma'lumotlarning tezkorligi hamda shaffofligida deya olamiz. Lekin nima uchun aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimliklari va boshqa qator davlat tashkilotlarining axborot xizmatlari faoliyati u qadar sezilmaydi?
Aslida axborot xizmati yoxud Jamoatchilik bilan ishlash bo'limlari faoliyati qanday bo'lishi, nimalardan iborat ekanligi haqidagi tushuncha ko'pchilikka u qadar oydin bo'lmay qolmoqda. Kimdir ularning faoliyati korxona, tashkilotning ishi haqidagi ma'lumotlarni keng ommaga yetkazish, deb tushunsa, ayrimlar faqat matbuot nashrlari bilan aloqani yo'lga qo'yishda, degan fikrda.
Yaqinda ana shunday axborot xizmati xodimlaridan biri bilan uchrashib qoldim. Ilgaridan tanish bo'lganligi uchun ishi bilan qiziqdim.
— E-e, aka, ishlarim yomon emas, — deya maqtanib gapira boshladi u. — Boshliqning kun bo'yi ishi, yurish-turishidan boshlab, kerakli ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqqa joylayman. Kechqurun esa boshliq ijtimoiy tarmoq orqali ular bilan tanishib, rahmat aytib qo'yadi.
Demak, axborot xizmatining vazifasi shu ekan-da, degan fikrga borasiz. Aslida, ularning zimmasiga shunday vazifalar yuklanganki, ma'zur tutasiz, shu sohada bugun faoliyat yuritayotgan “jurnalist”larning ya'ni matbuot kotiblarining ko'pchiligi haligacha tushunib yetmaganga o'xshaydi.
Bugun ular zimmasidagi vazifa o'zi ishlayotgan vazirlik yoki tashkilot, korxona faoliyati, ichki tizimi, bosh vazifasi, ijtimoiy mavqei haqidagi har bir ma'lumotni keng ommaga yetkazishdan iborat. Biroq bu talabga bugungi “xizmat”larimiz davr talab qilganidek javob bermayapti!
Jamoatchilik vakillari uyoqda tursin, hatto biz, matbuot xodimlari ham tashkilotlarga murojaat etganingizda axborot xizmatidagilardan tegishli ma'lumotlarni o'z vaqtida ololmaymiz! Xizmat vakillarining og'zaki ma'lumotiga ko'ra bizni, qolaversa, jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berishning imkoniyati yo'q emish. Maqsad qandaydir yo'llar bilan korxona, tashkilotning yopiq sirlarini oshkor qilmaslikdan boshqa narsa emas. Aslida, biz hech qachon biron-bir tashkilotning ichki sirini oshkor etishga bel bog'lamaymiz. Muxbir, degan “qorabotir” tashkilot ostonasiga yaqinlashdimi, boshliq yig'ilishga ketgan, o'rinbosari esa hududlar bo'ylab nazoratga yo'nalgan bo'ladi.
Qolganlar esa “biz kichkina odammiz”, deb o'zlarini chetga olishadi. Axborot xizmati xodimi esa boshliqsiz hech bir ma'lumot bera olmasligini oshkora tan oladi…
Axborot xizmati, degan tizim joriy etilganida endi ma'lumot olish, ichki tartib bilan tanishish yuzasidan ilgari belgilangan yeng uchidagi tartiblarga barham beriladi, deb o'ylagan edik. Afsus, chuchvarani xom sanaganga o'xshaymiz! Bugungi axborot xizmatlarining ko'pi matbuot bilan mutlaqo yaqinlashgani yo'q. Holbuki, biz birgalikda faoliyat yuritib, bir-birimizning kamchilik va nuqsonlarimizni hamkorlikda bartaraf etishimiz lozim emasmi? Buning o'rniga aksariyat axborot xizmati xodimlari allaqachon amal otida sayr etib yurishibdi! Mayli, aslo hasad qilmaymiz, buyursin, xizmat mashinalarini minib yurishaversin, “otning kallasiday” maoshlar ham olishsin. Biroq shunga yarasha faoliyat ham bo'lsin-da. Eng achinarlisi, matbuot nima desangiz hatto ikki og'iz izoh berolmaydigan talaba qiz yoxud sirtqi yo'nalish orqali endigina o'qishga kirgan yigit ro'parangizda — men axborot xizmatidanman, deya qarshi oladi. Yana shuni tan olish kerakki, hatto ishlayotganlarning hammasi ham sohaga taalluqli ijodkorlardan emas.
Nazarimizda, eng og'riqli muammo ana shunda bo'lsa kerak.
Quvondiq XALILOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,
“Samarqand” gazetasi muxbiri