Gazetangiz chiqyaptimi, hamkasb?

Keyingi yillarda respublikamizning deyarli barcha hududlarida aksariyat bosma nashrlarning ahvoli yaxshi emas, menimcha. Bu borada viloyatimizda ham o'ziga yarasha muammolar mavjud. To'g'ri, muammmolarni bartaraf etish, gazetalar davriyligini yo'lga qo'yish, obuna­sini tashkil etish bo'yicha qandaydir choralar ko'rilyapti. Lekin bular umumiy muammolarni bartaraf etish, gazetalar davriyligini yo'lga qo'yish uchun yetarli bo'lmayapti.

Keling, shu o'rinda Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolarga bir nazar tashlaylik.

Birinchi galda kadrlar masalasiga e'tibor qaratsak. Xo'sh, Sirdaryoda gazetada saviyani belgilaydigan jurnalist kadrlar yetarlimi? Afsuski, bu savolga javob berish juda qiyin. Zero, uzluksiz faoliyat olib borayotgan viloyat hokimligining “Yangi Sirdaryo” gazetasida ijodiy xodimlarning eng yoshi ham oltmishdan o'tib, oldi yetmishdan xatlagan. To'g'ri, ularning barchasi mahoratli jurnalistlar, respublikaning istalgan gazetasida bemalol qalam tebrata olishadi. Lekin yosh, qolaversa salomatlik o'z ishini qilib, ta'sirini ko'rsatayotgani ham bor haqiqat.

Sirdaryo — Toshkentning shundoqqina biqinida joylashgan go'sha. Bu esa oliy ma'lumotli, qo'lidan ish keladigan kadrlarni viloyatda ushlab qolishni yanada qiyinlashtiradi. Ayniqsa, jurnalistika sohasida bu yaqqol ko'rinmoqda. Viloyatdagi gazetalar iqtisodiy nochor ahvoldaligi sabab yosh mutaxassisga yetarli maosh berolmaydi. Uy-joy qurish, mashinali bo'lishni esa gapirmasa ham bo'laveradi. Poytaxtda esa buning imkoni ko'proq. Har qalay, bugungi ko'p yoshlar shunday fikrda.

Istagan internet jurnalistikasi, matbuot xizmati xodimi ham viloyatdagi eng mashhur jurnalistdan ko'proq maosh oladi. Qolaversa, Toshkentdagi qator-qator banklar bilan kelishib, kredit rasmiylashtirib qurilayotgan uylardan birini ham olishi mumkin. Shunday ekan, sirdaryolik yoshni tarbiyalab, jurnalistika oliygohlariga o'qishga jo'natar ekansiz, u bilan jimgina xayrlashib qo'yavering.

Xo'sh, shunday ekan, viloyatdagi matbuot nashrlarining iqtisodiy ahvolini yaxshilash mumkinmi? Ha, faqat qars ikki qo'ldan chiqadi. Ya'ni, jurnalistlar tomonidan hal etilishi, e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan muammolar talay. Tan olish lozim, bugun zamon o'zgarmoqda. Gazetani nomigagina chiqarish, internet nashrlaridagi tumanga aloqasi bo'lmagan voqea-hodisalar bilan to'ldirish samara bermaydi. Qolaversa, bugungi bosma matbuot axborot tarqatishda internet jurnalistikasi va ra­dio-televidenie bilan raqobatlashishi qiyin. Demak, tahliliy-tanqidiy maqolalarga e'tiborni kuchaytirishi kerak. Bugungi muharrir mas'uliyatni zimmasiga olib, ichki senzurni o'ldirib, gazetxon qalbini qiynayotgan muammolarni ko'tarib chiqishi, jamoatchilik orasida sog'lom fikr uyg'ota oladigan maqolalarni chop etishi lozim. Ishda oshkoralik bo'lishi, muammolarga dadillik bilan yondashish zarur. Qolaversa, hokim bilan yuzma-yuz bo'lishdan cho'chimasligi, u bilan suhbatlashib, maslahatlashib ish olib borishi, masalani hokim oldiga dangal qo'ya bilishi kerak. Zero, hokim ham odam, u ham mana shu hududni obodonlashtiraman, olib borilayotgan ishlarni yanada yaxshilayman, ishlab chiqarish ob'yektlarini tiklayman, degan umidda. Gazeta muharriri unga yordam bermoqni istasa, jo'yali takliflar bilan hokim oldiga kirsa, albatta u ham jurnalistning ko'kragidan itarmaydi, balki quloq osadi, maslahatlashadi. Ayniqsa, bugun byudjet mablag'ining ma'lum qismi joylarda qolayotgan, undan samarali foydalanish mahalliy hokimiyat ixtiyoriga berilgan bir vaqtda. Masalan, tumandagi muhtoj oilalar, yoshlar mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan o'qimishli gazetaga tekin obuna qilib berilishi mumkin. Yoki tumanda fermer, mahalla fuqarolar yig'ini, tadbirkorlik sub'yektlari bemalol bir-ikkitadan obunani tashkillashtirishi mumkin. Zero, viloyatdagi matbuot nashrlarining narxi juda ham yuqori emas. Demak, qachonki gazeta o'qi­mishli, tuman sharoitidagi muammolarni dadil ko'tarib chiqa olsa, bunga erishsa bo'ladi! Qachonki, jurnalistning o'ziga bo'lgan ishonchi ortsa, o'sha gazetaning o'quvchisi ham ko'payadi, uni qo'llovchi homiylar ham topiladi!

Viloyatdagi aksar gazetalar hokimliklar muassisligida chop etiladi. Shirin shahri, shuningdek, Guliston va Xovos tumanlari gazetalari bir oyda ikki marta chop etilayotir. Lekin qolgan tuman va shahar gazetalari haqida bu gapni aytib bo'lmaydi. Gazetalar ko'pdan beri chop etilmaydi, muharrirlar hokim bilan uchrasholmaydi yoki yordam ololmaganidan gazeta nomi bor, o'zi yo'q nashrga aylanib qolgan. Ochiq aytish kerakki, ushbu tumanlar muharrirlari o'ziga, gazeta chiqarishlariga ishonishmaydi. Sharoit bo'lgan taqdirda ham nomigagina gazeta chiqarishib, buning oqibatida nashrning kelajagiga bolta urishadi.

Yaqinda Sardoba tuman gazetasiga yangi muharrir tayinlandi. Bu esa samara berdi. Gazeta chop etila boshlandi. Uning mundarijasi ham o'zgardi. Yangi muharrir – Suyun Namozovning ma'lum qilishicha, endi gazeta har oyda albatta, chop etiladi. Harholda tuman hokimi va muharrir o'rtasidagi suhbatda shunga kelishishgan. Tumanda gazetani chop etish uchun mablag' ham topilgan. Tabiiyki, uning o'quvchilari ham!

Qolgan tumanlarda ham hokim bilan to'g'ridan- to'g'ri suhbatlashadigan, ahvolni boricha ko'rsatib, tushuntirib beradigan muharrirlar topilsa, imonim komilki, hokimlar albatta yordam qo'lini cho'zadi va gazeta chop etiladi.

Yana bir gap: hozir aynan obuna mavsumi boshlanish arafasida turibmiz. Lekin tan olish kerak, viloyatda bu borada doimo kechikilmoqda. Natijada obuna kech boshlanmoqda, vaqtida nazorat bo'lmayapti va shoshilinchda ko'plab sub'yektlar obuna kompaniyasidan chetda qolib ketmoqda.

Gazeta muharrirlari hozirdan hokimlarga obuna borasida murojaat qilishlari lozim. Axir, har qanday hokim ham yonida ishonchli hamkor, yordamchi bo'lishi, birgalikda yaxshi ishlarni amalga oshirish, o'zidan so'ng yaxshi nom qolishini istaydi. Bunday holatda gazeta, uning muharriri va jurnalistlar yaxshi ishlar, tashabbuslarni amalga oshirishda aynan hokimning yordamchisi bo'lishlari mumkin.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo'limi yaqin kunlarda AOKA bilan hamkorlikda vohadagi barcha bosh muharrirlarni muloqotga chorlashni maqsad qilgan. Unda viloyatdagi gazetalarning bugungi ahvoli, saviyasi, ularning mazmun-mundarijasi haqida maslahatlashiladi. Qolaversa, bosma nashrlar oldida turgan obunani tashkil etish, gazetaning tannarxi va uni yetkazib berish, bu borada muassislar bilan ishlash masalalari ko'rib chiqiladi.

Tashqaridan turib maslahat berish oson, amalda esa bu ishni bajarish qiyin, deyishingiz mumkin. Balki shundaydir, lekin tuman matbuot nashrlari faoliyatini o'rganganimizda afsuski, yuqorida ta'kidlangan muammolar yuzaga qalqib chiqmoqda. Demak, o'zimizni jurnalist sanab, shu soha nonini yeyish niyatida ekanmiz, muammolarni bartaraf etish uchun o'zimizda kuch topa olishimiz kerak.

Boyjigit ABDULLAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

Sirdaryo viloyat bo'limi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =