Yangi yilni jamoaviy nishonlash shartmi?

Negadir bayramlarni katta davralarda do'stlar, jamoa­doshlar bilan birgalikda nishonlash urfga aylanib bormoqda.

Bu urfning shunday ko'rinish­lari borki, yildan-yilga “nishonlash” marosimi yangi-yangi an'analar, to'kin das­turxon va davradoshlar hisobiga kengayib bormoqda. To'g'ri, ayrim jamoalarda Yangi yil bayramini nishonlash udumi va uning xarajatlari tashkilot hisobidan qoplanadi. To'kin dasturxon, o'yin-kulgu bazmgohdagi sharoitlarga gap yo'q! Ko'pincha bunday dahmazali tadbirlarni o'zaro mehr-oqibatning mustahkamlanishi, bir-birimizga bo'lgan sadoqatning ildiz otishi, deb tushunamiz.

Aslida-chi? Xayolimga ba'zan bu to'qlikka sho'xlik emasmi, degan fikr keladi. Ushbu holatni muammo darajasida muhokama qiladigan bo'lsak, ayni bayram arafasida narx-navoning bir necha bor oshib ketishiga guvoh bo'lamiz. Ko'zimizni yumib, avval bayram tashvishiga, so'ngra uni jim-jimador qilib nishonlashga kirishib ketamiz. Tayyorgarlik jarayoni 10-15 kun avval boshlanadi. Hatto, ­oilaviy bayram nishonlashga ham alohida tayyorgarlik ko'ramiz. Yangi yil kechasida kimlarni mehmonga taklif etishni ham, kimnikiga mehmonga borishni ham oldindan rejalashtiramiz. To ertalabga qadar uyma-uy yurib Yangi yilni kutib olmasak, zo'r nishonlamasak, Yangi yil kelmay qoladigandek!

Aslida Yangi yil bayramini nishonlash Yevropa xalqlarining udumi bo'lib, yurtimizga kirib kelganiga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Lekin uning ohanrabodek butun vujudimizni qamrab olishi shunchalik tez amalga oshdiki, hech bir bayram, hatto Navro'z ham bir oila a'zolari ishtirokida “Novыy god”chalik tantana qilinmaydi. Biz qachon noo'rin udumlarimizga chek qo'yamiz?

Axir, hamma narsa o'z me'yorida bo'lgani yaxshi emasmi?

Sarvara ABDURAHMONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 4 =