Qahramonlarimizni bilamizmi?
Jurnalist mavzuni qaerdan oladi? Albatta, hayot qaynab turgan jabhalardan-da! Bu yil Sirdaryoda respublikamiz boshkenti — Toshkentdan tashrif buyurgan bir guruh yozuvchi va shoirlar, olimlar, teatr va kino san'ati namoyandalari, mashhur xonandalar ishtirokida “Ma'naviyat festivali” bo'lib o'tdi. Ahli sirdaryolik oydinlarimizning chiqishlaridan bahravor bo'ldi. Mana shu festival doirasida “O'zbekiston qahramonlari” kitobining taqdimoti ham tashkillashtirildi. Ushbu tadbirda viloyatimizdan O'zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga musharraf bo'lgan zamonamiz qahramonlari ham ishtirok etishdi. Ular minbarga ko'tarilib, O'zbekistonning kelajagi bo'lgan yoshlarga motivatsiya berdilar. Zalda o'tirib kaminada, yoshlarimiz qahramonlarimizni bilishadimi, degan fikr xayolimdan “yalt” etib o'tdi va mana shu mavzuni o'rganib, matbuotga olib chiqishni ko'nglimga tugib qo'ygandim.
Shu o'rinda mazkur kitobga epigraf qilib olingan Prezidentimizning quyidagi so'zlarini keltirishni joiz deb bildim: “Betakror yurtimizga, olijanob xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish barchamizning sharafli va muqaddas burchimizdir”.
O'zbekiston qahramonlari ana shunday yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shganliklari tufayli ko'ksilarini oltin yulduz bezab turibdi.
Bugungi kungacha o'zining sharafli mehnati bilan elda e'zoz topgan qahramonlar soni 103 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 3 nafari esa sirdaryolik ishlab chiqarish va ta'lim ilg'orlaridir. Xo'sh, o'sib kelayotgan yosh avlod qahramon ota-bobolari, momolarini biladimi?
Mavzuni o'rganish maqsadida Guliston shahri va Oqoltin tumanidagi bir necha umumta'lim hamda hunar maktablari o'quvchilari bilan muloqotda bo'ldik. So'rovnomalar tarqatib, javoblar oldik. Afsus-nadomatlar bo'lsinki, yosh avlodning bu boradagi bilimlari haminqadarligi oydinlashib qoldi. To'g'ri, ularni: “Mamlakatimizdagi barcha O'zbekiston qahramonlarini nega bilmaysan?” deb ayblash to'g'ri emasdir. Qahramonlarsiz ham o'quvchilarning yuklamasi to'lib-toshib yotibdi. Biroq o'zlari bilan bir viloyatda yashab, bir havodan nafas olayotgan qahramonlarni bilmaslik ma'naviyatsizlik deymizmi, loqaydlik deymizmi, o'zingiz baho beravering. O'quvchilar bilan uchrashuv chog'ida shu narsa ayon bo'ldiki, hatto ustoz-o'qituvchilar ham Sirdaryo zaminidan yetishib chiqqan O'zbekiston qahramoni yuksak unvoniga sazovor bo'lgan yurtdoshlarini bilmasliklari ayon bo'lib qoldi.
Biz maktabda o'qigan kezlarda tasib oladigan qahramonlarimiz bo'lardi. Ularning tarjimai hollarini o'qib o'rganardik. O'shalarday bo'lishga harakat qilardik. Maktab zallarida o'z zamonining qahramonlari darj etilgan stendlar bo'lardi. Qolaversa, har bir maktab millatimizning yirik bir namoyandasi nomi bilan atalardi. Masalan, men tahsil olgan Xovos tumanidagi maktab Bobur mirzo nomi bilan nomlanardi. O'shanda millatimizning buyuk siymosi hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishish maqsadida “Boburnoma”ni o'qib chiqqanligim rost. Keyinchalik qaysi bir “dono” rahbarning tashabbusi bilan maktablardagi nomlar olib tashlandi. Bizningcha, bu noto'g'ri qadam bo'ldi. Jilla qursa, o'quvchilar maktablari nomlangan inson haqida nimalarnidir o'rganardilar, faxrlanardilar. Mana, ijod maktablarining nomlari mashhur shoir va adiblar nomi bilan atalayapti-ku! Mazkur maktablarda tahsil olayotgan o'g'il-qizlar ta'lim muassasalari nomlangan adiblar hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishmoqdalar, g'ururlanmoqdalar.
Biz so'rovga tortgan “Sirdaryolik qahramonlarni bilasizmi?” degan savolga respondent-o'quvchilarning ming afsuski, 90 foizi “Bilmaymiz”,— deya javob berishgan. Biroq 10 foiz o'quvchilar, ular asosan qizlar, “Zulfiyaxonim” javobini peshkash qilishgan. Chunki ularning bari Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olishga da'vogardirlar. Demak, biz o'quvchilarning sirdaryolik qahramonlarni bilishlari uchun ham motivatsiya berishimiz kerak. Masalan, barcha maktablarda “Sirdaryolik O'zbekiston qahramonlari” burchaklarini tashkil etish joiz. Ular bilan maktablarda, boshqa ta'lim-tarbiya muassasalarida, jamoat tashkilot va korxonalarida uchrashuvlar o'tkazish darkor. Yana “Zakovat” klubi zakiylarining bahslarida sirdaryolik qahramonlar haqida savollar berilsa, ayni muddao bo'lardi. Qolaversa, har bir maktab kutubxonasiga “O'zbekiston qahramonlari” kitobidan bir nusxa sovg'a qilinsa, o'quvchilar o'z qahramonlarini yaqindan tanib olarmidi?! Bu muammoni har bir viloyat o'z kesimida hal qilsa, olam guliston.
Sirdaryoliklar viloyatdan chiqqan birinchi O'zbekiston Qahramoni, quruvchi Anvar Qurbonov, fidoyi o'qituvchi-rahbar Same Samatov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin), Sirdaryo IESning sobiq bosh direktori Mirzahmad Shaimovlarni, ularning el-yurt uchun qilgan mehnatlari haqida bilishlari joiz emasmi? Axir, o'sib kelayotgan yosh avlodni vatandoshlarimizning yaratuvchilik, ijodkorlik, bunyodkorlik fazilatlari ruhida tarbiyalash biz, kattalarning muqaddas burchimizdir.
Muhammadali AHMAD