Shijoatni, jasoratni o'rganaylik

Anora Sodiqova,

“Rost24.uz” sayti bosh muharriri:

— Hamma davrlarda ham jurnalistlarga oson bo'lmagan. Bu kasbni bilib turib tanlaganmiz. Jurnalis­tika kurashishni talab qiladigan soha. Matbuot va ommaviy axborot vositalarini to'rtinchi hokimiyat sifatida hamma yaxshi biladi. Biladi-yu… faqat biz shu kuchga to'laqonli ega bo'lish uchun harakat qilishimiz kerak.

O'zbek jurnalistikasining erkinligi, yutuqlari haqida gapirilganda ko'pchilik avvalgi davr bilan qiyos­lashga o'rganib qoldi. Bunday solishtirish u qadar to'g'ri emas, nazarimda. Chunki jurnalistikamizni avvalgi vaziyati bilan qiyoslagandan ko'ra, “Aslida jurnalistika qanday bo'lishi kerak?” —degan savol nuqtai nazari bilan qarashimiz lozim.

Hamkasblarimga shuni ayt­gan bo'lardimki, oldinga yanayam katta maqsadlar qo'yib, haqiqiy to'rtinchi hokimiyat bo'lishga intilaylik!

Bilasizmi, demokratiya ancha rivojlangan ayrim davlatlarda matbuot va ommaviy axborot vositalariga nisbatan birinchi hokimiyat sifatida ham qarashadi. Bu jurnalistikaning kuchida ko'rinadi. Shuning uchun kuchli davlatlarda kuchli jurnalistika barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biri sifatida o'zini ko'rsatgan. O'zbek jurnalistikasi ham ana shunday maydonga chiqishi kerak. Buning uchun esa eng avvalo, jamiyatning, iqtisodiyotning rivojlanishida shaffoflik muhim.

Nima uchun aynan 27 iyun — Matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanishi albatta, ma'lum. Chunki bu kunda ilk milliy nashrimiz “Taraqqiy” bundan qariyb 115 yil oldin chop etila boshlangan.

Bu kunni bayram sifatida nishonlarkanmiz, mustamlakachilik zamonidagi o'sha og'ir vaziyatlarda milliy matbuotimizning poydevorini qo'ygan insonlardan shijoatni, jasoratni o'rganaylik, ulardan ruh olaylik. Ular millat qayg'usi bilan yashashgan. Biz ham ajdod jurnalistlarning shu jihatlaridan o'rnak olaylik. Bu kun ularni yodimizga soladigan va bizga yana kuch-g'ayrat bag'ish­laydigan kun bo'lsin. Bayram bahona jasur ma'rifatparvarlarimizni eslab, hamkasblarimni ularga munosib bo'lishini tilab qolaman.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 6 =