Publitsistni hayotning o'zi o'qitadi yoki 2020 yilda chop etilgan ayrim publitsistik kitoblar haqida

Bugun qaysi davrada bo'lmasin, so'z avvali o'tgan bir yil mobaynida dunyo hamjamiyatini jiddiy tahlikaga solgan va hamon yuraklarni zirqiratib turgan COVID-19 pandemiyasi, bu mash'um kasallik keltirib chiqargan oqibatlar, ahli jahonning mana shu o'tgan vaqt mobaynida karantinda va undan keyin chiqargan saboqlari haqida bo'lmoqda. Albatta bu tabiiy. Chunki, mana bir yildan oshdiki, butun dunyo, shu jumladan, mamlakatimiz aholisi ham ana shu pandemiya sharoitida kun kechirmoqda. Yuzlarimizdagi niqoblar hali olinganicha yo'q. Oraliq masofalar saqlanmoqda. Garchi, bugunga kelib pandemiyaning shashti, Ollohga shukur, birmuncha qaytdi. Bu ham, avvalo, Xudoi taoloning beqiyos marhamati bo'lsa, qolaversa, mamlakat Prezidentidan tortib, oddiy dehqongacha butun xalqning sa'y-harakati, sabr­-toqati, shijoatli mehnati natijasidir.

 

Pandemiya sharoitida kasallikka qarshi bevosita kurashgan sog'liqni saqlash tizimi, ichki ishlar, xavfsizlik va boshqa ko'plab soha xodimlari qatorida jurnalistlar, yozuvchilar, OAV bilan bog'liq barcha ijodiy va texnik xodimlarning ham mehnatlarini ta'kidlash kerak. Kasallikka oid dunyo va mamlakatda kechayotgan voqea-hodisalar, talafotlar, ko'rguliklar qatorida ko'ngillarga taskin beruvchi xabarlar, yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlar, gazeta-jurnallar, radio-televidenie orqali aynan ana shu soha kishilari xalqqa yetkazib turdi. Demak, ular xuddi COVID-19 ga chalingan bemor bilan bevosita muloqotga kirishgan shifokor kabi kasalxonalarda, davolash va kasallikni aniqlash markazlarida bo'lib mavzuni yoritdilar. 2020 yilda chop etilgan gazeta-jurnallarni varaqlarkansiz, shu yili nashrdan chiqqan kitoblarni o'qirkansiz bunga guvoh bo'lasiz.

2020 yilda chop etilgan publitsistika janriga oid kitoblar haqida maqola tayyorlashni o'ylab, shahardagi kitob do'konlariga bordim. To'g'risini aytsam, turli janrlarda, turli mavzulardagi kitoblarni ko'rib ko'zim qamashib, aqlim shoshib qoldi. Qani endi bu kitob­lar bundan qirq-ellik yil avval, odamlar kitobga tashna zamonlarda chop etilgan bo'lsami… Rus klassikasidan tortib, o'zbek mumtoz adabiyoti va zamonaviy shoir va yozuvchilarining manaman degan asarlari kitob do'konlarining peshtaxtalaridan munosib joy olgan. Ammo… Agar kitoblarning rango-rangligidan qamashgan ko'zlarim aldamagan, qarshimdan chiqib: “men yozarmanman” degan nomlarning ko'pligidan shoshib qolgan aqlim adashmagan bo'lsa publitsistika janriga oid 2020 yilda chop etilgan kitoblarni topa olmadim. Ilohim ko'zlarim aldagan, aqlim adashgan bo'lsin deya, Yozuvchilar uyushmasiga kelib publitsistika kengashining raisi Ahmadjon Meliboyevga murojaat qildim. Yo'q, hartugul bu yerda bir nechta kitob bor ekan. Ularning ayrimlarini o'zim ham o'qigan edim. Bu kitoblar haqida keyinroq so'z yuritamiz. Hozir esa yana do'konlarda tom ma'nodagi publitsistik asarlarning kamyobligi haqida. Publitsistika qanday janr o'zi? Yozuvchilikka hech qaerda o'qitmaydi. Ammo aksariyat yozuvchilar gazeta-jurnallarda ishlab, jurnalistikaning qattiq nonini   yeb yozuvchi bo'lishgani bor gap. Demak, ular dastlab publitsistika bilan shug'ullanishgan. Zotan publitsistika sodda qilib aytganda, ijtimoiy-siyosiy mavzularda yozilgan maqola, ocherk, yana pamflet ham publitsistik asarlar sirasiga kiradi. Keyingi davrlarda publitsistik esselar adabiyotda keng o'rin egallamoqda. Mazkur janr matnning uzun yoki qisqaligiga qarab emas, unda ko'tarilgan mavzuning dolzarbligi va ifodaning, talqinning o'quvchiga nechog'li o'qishli qilib yetkaza olishi bilan oddiy maqoladan ajralib turadi.

Qiziq bir holat. Ko'pgina taniqli publitsistlar adabiyot institutini ham, jurnalistika fakultetini ham o'qimagan. Masalan taniqli sovet publitsisti Anatoliy Agranovskiy ma'lumoti bo'yicha tarixchi. Harbiy mutaxassisligi esa aviatsiya shturmani bo'lgan. O'smirlik yillarida rassom-multiplikator, keyinchalik esa kinooperator yordamchisi va hokazo vazifalarda ishlagan. Aytmoqchimizki, publitsistni hayotning o'zi o'qitadi. Uning hayotiy tajribalari qancha keng bo'lsa, qalamga olayotgan muammoni qanchalik chuqur bilsa yozgan asari ham shu darajada o'tkir bo'ladi.

Xo'sh, nega bugungi kunda kitob do'konlarida publitsistik asarlar kam uchrayapti? Hayotimizda qalamga olishga arzigulik mavzular yo'qmi? Yoki yozuvchilarimizning mahoratlari yetishmaydimi? Aslida hammasi joyida! Mavzu ham bisyor! Mahorat ham keragicha topiladi! Bunday publitsistik kitoblarga xaridor bo'ladigan nashriyotlar yo'q! Borlariga esa o'zingiz pul to'lashingiz kerak! Aslida allaqanday oldi-qochdi romanlar emas, hayotimizdagi, har kuni ko'rib-bilib yurgan muammolarni qalamga olgan publitsistik maqolaning xaridori ko'p bo'lishi kerak emasmi?! Men aminmanman, hozir ijod bilan shug'ullanayotgan(shug'ullanmayotganlarida ham) yozuvchining tortmasida kamida ikkita publitsistik to'plamga yetadigan maqola va ocherklari, esselari, xatlari bor. Shaxsan menda to'rtta to'plam yotibdi. “O'zimizning o'zbeklar” nomli to'plamimni 1996 yilda tayyorlaganman. Bunday kitoblar Hakim Sattoriyda, Ahmadjon Meliboyevda, Zuhriddin Isomiddinovda, Nabijon Boqiyda yo'qmi? Bor albatta! Bugun publitsistik (nafaqat publitsistik) kitob chop ettirish uchun yo zaringiz, yoki zo'ringiz bo'lishi kerak!

Endi bevosita 2020 yilda chop etilgan o'zim o'qib chiqqan ayrim ijtimoiy, siyosiy va ilmiy publitsis­tik kitoblar haqida to'xtalmoqchiman. Yuqorida ta'kidlaganimdek, nafaqat mamlakatimiz uchun balki butun dunyo miqyosida o'tgan yil og'ir keldi. Sirasini aytganda, kitob do'konlari peshtaxtalaridan publitsistik asarlarga yetarli   joy topilmaganining asosiy sa­bablaridan biri ham karantin tufayli nashriyotlarning to'liq ishlamagani bo'lsa ajab emas. Shunga qaramay bir nechta muallifning asarlari dunyo yuzini ko'rdi. Ulardan biri Ahmadjon Meliboyevning “Toj­dor ajal hamlasi yoxud dunyoni titratgan 40 kun” siyosiy-ma'rifiy publitsistik kundaligidir. Men o'qib chiqib shunday xulosaga keldim: agar mazkur kitob chop etilmaganida edi, biz o'tgan yili dunyo hamjamiyati, shu jumladan, xalqimiz boshidan kechgan juda katta fojiali voqea-hodisalar, insonlarning sabr-toqati, og'ir kunlarda bir-birlariga ko'rsatgan mehr-oqibatlari barobarida, shaytoniy his-tuyg'ularga berilgan kishilarning naqadar tubanlashib ketgani haqidagi bir yozuvchining majburiy muhofazada o'tirgan bir insonning ko'rgan-kechirganlari, o'y-fikrlari, orzulari, o'qigan-yozganlaridan bexabar qolar edik.

Ha, kitobda qalamga olingan voqea-hodisalar, toj­dor virusning butun dunyo ahlining boshiga keltirgan balolari, ularni daf etish uchun insoniyat tomonidan qay darajada bo'lmasin ko'rilayotgan chora-tadbirlar, yaxshi va yomon xabarlar, ko'ngilga taskin beruvchi yangiliklar ijtimoiy tarmoqlarda, jahon axborot agentliklarining saytlarida, gazeta-jurnallarda, televidenieda, chet el radio eshittirishlarida o'qilgan va yozilgan. Va hamon davom etmoqda. Ammo o'sha bor ma'lumotlarni tizimga solib, ularni tevarak-atrof­­da kechayotgan kechmishlarga yo'g'irib hayotiy xulosalar chiqara bilish uchun ham xalq tili bilan aytganda uquv zarur bo'ladi. Kitobni kunba-kun o'qir ekansiz yozuvchining ana shu o'ziga xos uquvini his qilasiz. O'qiymiz:

“6 aprel. “Yangi O'zbekiston”da e'lon qilingan maqolani yana qayta ishladim, yangi fakt va mushohadalar bilan to'ldirdim. Maqolaning yakuni butunlay boshqacha bo'ldi va “O'zlikka qaytish yoxud traktor bilan chizib bo'lmaydigan surat”(2020 yilning yanvar oyida internetda tarqalgan italiyalik fermer Dario Gambarinning o'z dalasiga traktor bilan “KORONAVIRUS” degan surat chizganiga ishora – Yo.X.) nomli sarlavha ostida O'zA saytida e'lon qilindi… Shu kuni kompyuter ixtiyorida uzoq qolib ketdim. Nazarimda biz ziyolilar qandaydir sustkashlik qilayotganga o'xshaymiz. Fidoyi shifokorlar kasallikka chalingan har bir bemorning hayoti uchun kurashmoqdalar. Biz-chi?.. Xayolimda bir nimalar aylana boshladi va quyidagi matn yuzaga keldi: “Koronavirus xuruji bois insoniyat Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og'ir kulfatga duchor bo'lib turibdi…”

Shu tariqa yozuvchi dunyo bo'ylab bu kulfatdan qutilish choralari ko'rilayotganiga qaramay ahvol tobora qiyinlashayotgani, ammo insoniyat bu baloni daf qilishdan chekinmasligi zarurligi, bu borada mamlakatimizda Prezident rahbarligida olib borilayotgan tadbirlar xususida to'xtalib davom etadi:

O'zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov vafot etdi. Ustoz keyingi besh-olti yil ichida Xiva bosqini xususida “Tosh yong'oq” nomida tarixiy roman yozdilar. Mavzuga doir necha o'nlab, balki yuzlab manbalarni ko'rib chiqqanlariga qoyil. Ko'plashib o'qidik, fikr-mulohaza bildirdik. Bir yil o'tirib, takliflarimiz asosida romanni qayta ishlab keldilar. Nashrga tayyorlash arafasida edik. Afsus…

Kechki xabar. Farg'onada tuman kengashi deputati Abdullajon Isoqov ehtiyojmandlarga yordam ko'rsatish uchun uyini sotgan.”

Yuqorida keltirilgan parcha kundalikdagi eng qisqa matn. Biz uni yanada qisqartirib oldik. Shuning o'zida ham mamlakatning yurak urishini yaqqol sezasiz… Millatimiz ulug'larining hayotlaridan keltirilgan lavhalar, rivoyat va hikoyatlar esa kundalikning o'qishliligini yanada oshirgan.

Biz so'z yuritmoqchi bo'lgan ikkinchi kitob –“2020: MILLATNI ULG'AYTIRGAN YIL” to'plamidir. Unga “Ishonch” va “Ishonch-Doveriya” gazetalarida 2020 yilda chop etilgan maqola, dolzarb xabar, yozuvchi va jurnalistlarning publitsistik chiqishlari jamlangan. Kitobdagi maqolalar jamiyatimiz hayotining turli jab­halarini qamrab olgani bilan alohida ahamiyatli. Rostdan ham o'tgan yil nafaqat o'zbek millatini, ayni paytda butun insoniyatni ulg'aytirdi, uyqudan uyg'otdi, deb qo'shimcha qilsak bo'ladi. Bu holni to'plamga kiritilgan qator maqolalarning dolzarb mavzularda yozilgani, o'quvchining diqqatini muammoning, qo'yilgan masalaning ildiziga qaratish, tahlilni keng olish kabi publi­sistik talablarga javob berishida ham ko'rish mumkin.

To'plamda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash jarayonlari, sog'liqni saqlash, ichki ishlar va boshqa soha xodimlarining fidokorona mehnatlari, Buxoro to'foni, Sardoba toshqini, So'x voqealari kabi samoviy va oriziy balo-qazolarga munosabatdan tortib, milliy g'oya, madaniyat va ma'rifat, qadriyatlarning jamiyatdagi o'rni, bu sohalardagi yutuq hamda muammolargacha o'z tahlilini topgan. Shuni alohida ta'kidlash o'rinliki, keyingi yillarda OAV, xususan, gazetalarimiz tobora erkinlashib bormoqda. Bu holni “Ishonch”, “Hurriyat” gazetalarining chiqishlarida ko'rish mumkin. Xususan, mazkur to'plamga kiritilgan ikkita publitsistik chiqish haqida to'xtalmoqchi edim. Ulardan biri Shoyim Bo'tayevning “Portlamagan minalar” maqolasidir. Mustaqilligimiz tarixidan ma'lumki, 1999 yilda qo'shni Tojikiston respublikasida fuqarolar urushi qo'zg'olib, O'zbekiston tomonidan ikki o'rtadagi chegaralar bo'ylab minalar joylashtirilgan edi. Keyinchalik Tojikistonda urush ham to'xtadi. O'zaro urushgan tomonlar yarashib ham ketishdi. Ammo chegaralarga o'rnatilgan minalar ehtiyot shart qanday bo'lsa, shundayligicha qoldi… Bu joylarda istiqomat qiladigan aholining xavfsizligi haqida hech kim o'ylamadi. Tojikiston tomoni minalarni biz qo'ymaganmiz dedi, O'zbekiston esa minalarga mamlakatning harbiy muhofazasi sifatida qaradi…

Muallif mazkur chiqishi bilan juda muhim siyo­siy-harbiy masalaga e'tiborni qaratgan. Chegaralarni minalashtirish natijasida har ikki tomonning tinch aholisi o'rtasida o'lganlar va jabrlanganlar bo'lgani haqida yozadi.

O'tgan yili chop etilgan ocherk va esselar jamlanmasidan yana biri bu taniqli jurnalist va yozuvchi Ashurali Jo'rayevning “Uyg'onish zamoning muborak bo'lsin” kitobidir. Sarlavhadan ham sezilib turibdiki, muallif o'z kitobida keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, ulug' shoirimiz nomi bilan yuritiluvchi Navoiy viloyatida yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar haqida qalam tebratadi. Shuningdek, kitobdan yozuvchining ma'naviyat, ma'rifat, odob-axloq, kitob mutolaasi bilan bog'liq bir qator o'qishli maqolalari, esselari ham joy olgan. Kitobdagi “Tinchlikka ta'zim qil”, qadim ziyoratgohlardan biri Nurota haqidagi “Nurota –poklanish ka'basi”, shoira Oydin Hojiyevaning “Tong tuhfalari” kitobi munosabati bilan yozilgan “Oydin qo'shiqlar”, “Kitob va ketmon”, “Tarbiya farishtalari” kabi ocherk va esselari kitobxonda o'ziga xos taassurotlar, fikrlar uyg'otadi. Fikr uyg'otgan asar esa diqqatga sazovordir. Nurota haqidagi ocherk samimiy yozilgan. Juda yaxshi gaplar, o'gitlar aytilgan. Agar mana shu samimiyat Nurota bilan bog'liq rivoyatlar, hikoyatlar bilan bog'lab aytilsa edi, ularning ta'sirchanligi yanada kuchayardi. Mazkur ocherkning nomlanishini o'ylab ko'rish kerak, chamamda. Albatta, ziyo­ratgohlar inson ruhini poklaydi. Ammo Islomda poklanish Ka'basi deganda yolg'iz Makka-yu, Madina ziyorati nazarda tutiladi. Yana ham bilmadim.

Adabiyotshunos olim va yozuvchi Zuhriddin Isomiddinovning o'tgan yili chop etilgan “So'z qismati” kitobida esa muallif yuqorida aytilgan “Assalomu alaykum” lafzining kechmishini tadqiq etish jarayonida uning zamonlararo kechgan qismatini ko'rsatib bergan. Jumladan, “Assalomu alaykum”ning diniy ibora sifatida qatag'on qilinib, oddiy “salom”ga aylangani, bu kalomning tarixiy maqomi, uning turli devorlarga boshi urilib pachaqlanib ketish arafasida yana tilimizga qaytgani Bobur Mirzo kuzatishlari, “O'tgan kunlar”dagi manzaralar va nihoyat bugunda darsga kirgan o'qituvchiga “Assalomu alaykum” deb, go'yo kichiklar kattaga salom berayotgandek tuyulsada, ammo salomlashishning etikasi buzilayotgani, shuningdek, o'zaro salom-alikdagi boshqa ko'plab evrilishlar, Ollohga salom berishning nojoizligi, yangi kelinlarning salomlariga qaynonalarning zug'umlari haqida hayotiy misollar keltiriladi.

Kitob o'quvchiga etnografik etyudlar sifatida tanishtiriladi. Ammo kitobni sinchiklab o'qisangiz unda publitsistik ruh kuchli ekanini sezasiz. Ilm publi­sistik ohang kasb etadi. So'zlarning qismati inson hayoti, uning taqdiri, turmush tarzi bilan chambarchas bog'likda ochib beriladi. Kitobdagi “Pochcha” so'zining tarixiga oid”, “Hassa, hassakashlar va nayza”, “Tulpor otning qanoti” kabi ko'plab so'z va iboralar haqida juda qiziqarli ma'lumotlar berilgan.

Hammamiz yaxshi bilamiz o'zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mustaqilligimizning eng asosiy ramzlaridan biri bo'ldi. Ammo mana o'ttiz yildirki, ana shu muborak ramz ro'yi-rost bo'y ko'rsatmayapti. Nafsilambirini aytganda bu haqda eng ko'p bong urayotgan olimlardan biri, balki, asosiysi Zuhriddin Isomiddinovdir. Biz tilga olgan kitobda ham yozuvchining “Millatning onasi” sarlavhali juda og'riqli pub­litsistikasi joy olgan.

O'qiymiz: “Ayrimlar til bayramlari arafasida jo'shib-jo'shib, “O'zbek tili bizning eng katta boyligimiz”, “Ona tilimiz – faxru g'ururimiz”, “O'zbek tili – madaniyatimiz ko'zgusi” deya “aforizmlar” ijod qila boshlashadi. Mening uchun ona tilim – boylik emas. Negaki, kishi boyligidan ajrasa, qayg'uradi, ammo boshi omon bo'lsa yana topadi. Til boy beriladigan bo'lsa-chi? Abadulabad alvido aytiladi. Shuning uchun ham ona tilimiz bizning boyligimiz emas, borligimiz, boru yo'g'imiz…” Iqtibos tugadi. Izohga hojat yo'q nazarimizda…

O'tgan yili yana bir qator taniqli yozuvchilarning publitsistik asarlari chop etilganini eshitdik, ammo ma'lum sabablarga ko'ra ularga yeta olmadik. Jumladan, iste'dodli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning 4 tomlik asarlari chop etilganidan, uning 4-tomi pub­litsistik asarlar ekanidan xabar topdik. O'qiganlar bo'lsa aytishar. Lekin biz filolog olim Halim Saidning “O'zbekiston olimlari” rukni ostida Xurshid Do'stmuhammad haqida yozgan publitsistik asariga ro'para keldik. Kitob juda samimiy, ortiqcha ofarinbozlikdan holi, o'qishli yozilgan. Jumladan, muallif so'zni publitsist yozuvchining bundan yigirma yillar oldin chop etilgan “Ozod iztirob quvonchlari” risolasida o'zi kashf etgan haqiqatlaridan boshlaydi. O'qiymiz: “Insoniyat tafakkuri anglab yetgan eng ulkan haqiqat – Olamning yaxlit bir butunligidir! Ushbu olamni tutib turgan Mutlaq muvozanat – Mutlaq uyg'unlik – ikkinchi haqiqat! Ana shu ikki haqiqatdan kelib chiquvchi uchinchi haqiqat – insonning bilishga moyilligi!” Iqtibos tugadi.

Muxtasar qilib aytganda, Halim Saidov o'zining mazkur “Hayotning qadri, qimmati…” kitobida olim, yozuvchi va publitsist X. Do'stmuhammadning o'ziga xos ijod tarzini, iqtidorini ishonarli ochib bergan.

Xullas, 2020 yilda chop etilgan ayrim publitsistik kitoblarni o'qib, topgan-yiqqanlarimiz shular bo'ldi.

Yoqubjon Xo'jamberdiyev

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =