Yana to'ylarimiz haqida

yoxud kalavaning uchi qaerda?

Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan bir qator qarorlarda “Mahalla fuqarolar yig'ini: to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni o'tkazish bilan bog'liq milliy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid bo'lgan marosimlar, nomaqbul odatlar, ularning salbiy oqibatlari to'g'risida tushuntirish ishlari olib borishi va tegish­li tavsiyalar berishi; to'y egalari tomonidan sodir etiladigan milliy urf-odat va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik kabi xatti-harakatlarni, tegish­li talablarga rioya etilmagan holatlarni jamoatchilik nazoratiga olishi…” belgilab qo'yilgan.

Qolaversa, pandemiya tufayli o'rnatilgan qat'iy cheklovlarga ham ko'pchilik e'tibor qaratishni istamayapti. Ertasi bilan ishi yo'q, soxta dabdabaga buncha o'ch odamlar-a!

Mas'ullar, jamoatchilik esa negadir ji..m..m! Xo'sh, nima uchun to'y va marosimlarda yangidan-yangi odatlar “kashf” etilyapti-yu, ularni tartibga soladigan mutasaddilar bunga lom-mim demayapti?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda quda tomonga sarpo ulashishning antiqa videosi tarqaldi. Unash­tirish marosimimi yoki to'ydan keyingi holatmi, kelin tomon kuyovning ota-onasi, aka-ukasiga sarpo ulashayotgani tasvirga tushirilibdi. Lavhani ko'rgan har qanday aqli raso odam bu dabdababozlikni yoqlamasligi tabiiy. Qaynonaning o'ziga tilla taqinchoqlar, o'rin-joy anjomlaridan tortib, qishki-yozgi liboslar, hatto chiroyli qutilarga joylangan, o'zlarining ta'biri bilan aytganda, “ko'rsatishga hijolat bo'ladigan” ichki kiyimlargacha siylov qilgan kelin tomon ularni shunday g'urur bilan namoyish qilardiki, hayratdan yoqa ushlaysiz.

To'g'ri, bu katta xarajatni kelin tomon qilgan, ular sizu bizning cho'ntagimizdan pul olishmagan albatta. Ammo ular shunchalar himmatli bo'lsalar, siylovlarini o'zaro qilib qo'yavermaydilarmi? Jarayonni ijtimoiy tarmoqqa olib chiqishdan maqsad nima?  Shunday xurmacha odatni ommalashtirishmi? Yoki bunday imkoniyati yo'q, topib-tutib, qiynalib to'y qilayotganlarni o'ksitishmi? Achinarlisi, mahalla, shahar-tumanlardagi to'y va boshqa marosimlarni tartibga keltirishga mas'ul bo'lgan xodimlarning bu holatlarga tomoshabin bo'lib turganida. Balki komissiya a'zolaridan kimlardir allaqachon bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi ham bo'lgandir?

Bugun nima uchun ana shunday dabdabalar girdobida barpo etilayotgan oila qasrlari mo'rt bo'lib, arzimagan bahonalar bilan darz ketyapti yoki butunlay barbod bo'lyapti? Ma'lumotlarga nazar tashlasangiz, oilaviy ajrimlar yildan-yilga ortib borayotganiga, ro'kach qilinayotgan vaj-karsonlar ajrimgacha yetib borishga, norasida, begunoh bolalarni tirik yetimlik qismatiga tashlashga arzimasligiga guvoh bo'lasiz.

Tan olaylik, oliyjanob maqsadlar ro'yobi uchun mas'ul bo'lgan mahalladagi ba'zi ijrochilarning bee'tiborligi, yuklatilgan vazifaga yuzaki yondashayotgani oqibatida bugun ajrimlar ko'payib, noqonuniy nikohlar, otalikni belgilash, yolg'iz onalar ko'rsatkichlari ham kamaymayapti.

Xo'sh, kalavaning uchi qaerda? Keling masalani chuqurroq tahlil qilib ko'ramiz.

Birinchidan, yigit-qizlar o'z oilasida turmushga yetarlicha tayyorlanmayapti. Turmushning quvonchu tashvishlariga andarmon bo'layotgan ota-onalarning aksariyati o'g'illariga uy-joy qurish, qizlariga sep-sidirg'a yig'ish, serhasham va serchiqim to'y qilish bilan zimmalaridagi vazifani soqit qilayotgan bo'ladilar. Vaholanki, yigitni qurayotgan oilasining chinakam sarboni bo'lish, erlik, otalik burchi nimalardan iborat ekanligiga o'rgatish, qizni tushayotgan xonadonida muomalada ham, saranjom-sarishtalikda ham, pazandalikda ham, bo'lajak onalikda ham duch keladigan sinovlarga jisman va ruhan bardoshli qilib tarbiyalash ikkinchi darajaga tushib qolayotir.

Muammoning ikkinchi tomoni mahalladagi mas'ullarning o'z vazifalariga yuzaki yondashayotganida, jamoatchilik nazorati unutib qo'yilayotganida ko'rinadi. Agar o'zini o'zi boshqarish organlaridagi oilaviy qad­riyatlarni mustahkamlash komissiyalari, “Keksalar maslahati” guruhlari, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalari belgilangan vazifalarini risoladagidek bajarganida, qolaversa, oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha mutaxassislar asosiy vazifalaridan chalg'ib “yugur-yugur”lar bilan band bo'lmaganlarida, oilaviy qadriyatlar unutilib, tirik yetimlar soni ortmas, erkak-ayollar soni deyarli bir-biriga monand kelayotgan bir paytda qo'sh xotinlilar urchib ketmasdi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti ham, umidli kelajagi ham yosh oilalarning dunyoqarashi, intilishiga chambarchas bog'liqdir. Bunday oilalar qo'rg'onida hamma narsa, jumladan, to'y va boshqa marosimlarga ham, bola tarbiyasiga ham shaxsiy ish deb qaramaydilar. Ammo oila bilan bog'liq bot-bot duch kelayotganimiz barcha illatlar, jumladan, amaldagi tartib-qoidadan chiqib, hukumat darajasida qabul qilingan me'yorga, jamoatchilikka bepi­sandlik qilayotganlar ham oramizdagi odamlardir. Atrofda bo'layotgan bunday holatlarga loqaydlik, befarqlik esa illatlar ko'payishiga yo'l ochmoqda.

Zero, “To'y bu — mening shaxsiy ishim” deguvchilar xato qilishadi. U xalqimizning ma'naviyati, madaniyati, ham dunyoviy, ham diniy qadriyatlarini namoyon etuvchi ijtimoiy jarayondir.

Aytaylik, to'yda mushak otish o'rniga bir ehtiyoj­mandlarga yordam berish ham diniy, ham dunyoviy qadriyatga amal qilish emasmidi? Qudani tilla-taqinchoqdan tortib bosh-oyoq kiyintirgan vallomatlar buning o'rniga biror to'y qilolmay yurgan nochor oilaga ko'maklashsa, u dunyoi bu dunyoda behisob savobga doxil bo'lmasmidi? Bunday oilalar qanchalab topiladi atrofimizda.

Aytmoqchimizki, to'y va boshqa marosimlarni tartibga keltirish davlat ahamiyatiga molik masaladir. Kambag'allikni qisqartirish, aholining keskin tabaqalashib ketishiga yo'l qo'ymagan holda olib borilayotgan siyosatga oilaviy tantanalarimizni tartibga solish bilan ham hissa qo'shish har birimizning insoniy burchimiz ekanini unutmaylik. Unutganlarni esa jamoatchilik nazorati asosida tartibga chaqirish xayrli, ayni paytda savobli ishdir.

Xadichaxon KARIMOVA,

Farg'ona viloyatidagi “Oydin” gazetasi bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + eleven =