Yuksak e'tibor shukuhi

Mustaqillik, Ozodlik, Hurlik… Bu so'zlar oddiy so'zlar emas. Ular bugun har bir vatandoshimizning qalbida, yuragida jo bo'lib, g'urur va iftixor tuyg'ularini, quvonch va shodlik, mas­rurlik shukuhi ila qorishiq desak aslo xato bo'lmas.

O'zbekiston — Ona Vatanimiz o'z erkiga erishganiga 30 yil to'ldi. Bu tarixiy sana, shubhasiz. Bu o'tgan yillar Vatanimiz taraqqiyoti, rivoji yo'lida juda katta silsila, zarhal harflar bilan bitishga arzigulik davrdir. Ehtimol, 30 yil tarix oldida uncha katta vaqt hisoblanmas. Lekin inson taqdiri, el-yurt oldida bu kichik vaqt emas.

Bugun yurtimizda Mustaqillik e'lon qilingan 1991 yilda tug'ilgan o'g'il-qizlar — eng navqiron yoshda! Ular jamiyat hayotida o'z o'rniga ega, turli sohalarda mehnat qilib, obro'-e'tibor, nom qozonishga erishgan ming-minglab umidli kelajagimiz egalariga aylanishgan.

Ayniqsa, oxirgi 5 yil ichida mamlakatimiz har tomonlama yangicha bosqichga ko'tarildi. Barcha sohalarda o'zgarish, yangilanish sari dadil qadam qo'yildi. Lug'atimizda Yangi O'zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish singari ulug'vor maqsadlar ilgari surildi.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati O'zbekistonni tamomila yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shu bois, bugungi odamlar kechagiday fikr qilmaydi, tamomila o'ktam, zamonaviy, demokratik tarzda fikr-mushohada egalaridir. O'zbekistonimizning 30 yillik shodiyonalari arafasida ilm-fan, san'at, adabiyot, matbuot, iqtisodiyot, qish­loq xo'jaligi, sud-huquq, mudofaa, qo'yingki barcha-barcha sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, hatto el-yurtimizga mehnati singgan marhum vatandosh­larimizgacha Prezidentimiz Farmonlariga muvofiq yuksak unvon, orden va medallar topshirildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021 yil 24 maydagi Farmoniga muvofiq o'n minglab yurtdoshlarimiz “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

Joriy yil 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida hamda Mustaqilligimizning 30 yilligi ayyomi munosabati bilan   ko'p­lab yurtdoshlarimiz qatorida 100 nafarga yaqin jurnalistlarga Prezidentimizning Farmoniga muvofiq yuksak davlat mukofotlari berildi.

Kuni kecha esa mamlakat OAVlari xodimlaridan qariyb ming nafariga “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.

Bayram shukuhi har bir yuraklarda. Ana shu ayyom arafasi kunlarida poytaxtimizning Milliy matbuot markazida bir guruh OAV xodimlariga “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonini topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Mukofotlarni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov tantanali ravishda o'z egalariga topshirishdi.

Tadbirda mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo'lida erishilgan yuksak natijalarda axborot sohasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassislarning ham ulkan hissasi borligi ta'kidlandi.

Davlatimiz rahbarining e'tiboriga sazovor bo'lgan poytaxtimizda yashab mehnat qilayotgan yoki keksalik gashtini surib yoshlarga o'z tajriba-o'gitlari bilan ko'mak berayotgan faxriy jurnalistlar, soha vakillaridan  300 ga yaqin OAV vakillari bu mukofotlar el-yurt oldidagi xizmatlarining yuksak e'tirofi ekanini aytib, minnatdorlik bildirdi.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov bir qator kasbdoshlar bilan  mamlakatimiz jurnalistikasi  rivojiga ulkan hissa qo'shgan va bugungi kunda yosh jurnalistlarga  o'z tajribalari bilan saboq berib kelayotgan faxriylarimiz  Sobir Qurbonov, Nasiba Ibrohimova, Sharof Boshbekovlarning uylariga borib, “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonini topshirdilar.

Faxriylarimiz bu e'tibor va g'amxo'rlikdan mamnun bo'lib,   Yangi O'zbekiston ravnaqi yo'lida astoydil mehnat qilishlarini ta'kidladilar.

Bundan tashqari, Uyushma boshqaruvi a'zolari, taniqli jurnalistlar Abbosxon Usmonov, Ergash Ibragimov, Saidakrom Saidvaliyev va boshqa bir qancha faxriy jurnalistlarga ham esdalik nishonlarini topshirdilar.

Ustoz jurnalistlar davlatimiz rahbari tomonidan ko'rsatilayotgan bunday yuksak e'tibor, g'amxo'rlikdan minnatdorliklarini izhor etishdi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + sixteen =