O'zbek milliy armiyasini orzu qilgan sarkarda

yoxud Mirkomil MIRShAROPOV kim edi?

O'zbek xalqidan yetishib chiqqan sarkardalar orasida Mirkomil Mirsharopov alohida o'rinni egallaydi. 1900 yili Avliyo otada mol boquvchi oilasida tug'ilgan,  rus-tuzem maktabining 4 sinfini tugatgan Mirkomilni hech kim kelajakda mashhur sarkarda bo'lib yetishadi, deb o'ylamagan edi. U 1920 yili Toshkentdagi 8 oylik harbiy kursni tugatganidan so'ng Xorazm harbiy nozirining o'rinbosari sifatida faoliyat ko'rsatgan. Keyin Orenburg frontida jangovar komandir sifatida ishtirok etgach, harbiy-nazariy bilimni mukammal egallash maqsadida 1925-1929 yillarda bo'lajak Sovet ittifoqi marshali K.E.Voroshilov bilan birga Frunze nomidagi harbiy akademiyada tahsil oladi. 1931 yildan boshlab 6-otliq o'zbek askarlar polkiga polk komandiri etib tayinlanadi. Keyinchalik bu polk 19-tog'li  otliq o'zbek diviziyasiga aylantiriladi.

Mirkomil Mirsharopov jangovar yo'lning murakkab va mashaqqatli bekatlaridan o'tib, 19-tog'li otliq o'zbek diviziyasining qo'mondoni darajasiga ko'tariladi, shu diviziyaning qo'mondoni sifatida xalq va armiya o'rtasida katta shon-shuhrat qozondi. U qo'mondon bo'lgan diviziyaning tantanali yig'inlarida sarkarda sharafiga bastalangan “Mirsharopov marshi” ijro etiladi. Xullas, Mirkomil Mirsharopov tom ma'noda o'zbek xalqi orasidan yetishib chiqqan iste'dodli sarkarda sifatida e'tirof etiladi.

O'zbekiston shu yillarda Fayzulla Xo'jayev va Akmal Ikromov rahbarligida xalq xo'jaligi, fan va madaniyat sohasida muayyan yutuqlarga erishayotgan, bu rahbarlarning el-yurt o'rtasidagi obro'-e'tibori ham kundan-kunga oshib borayotgan edi. Ularning yaxshi shakllanib borayotgan o'zbek divi­ziyasiga orqa qilib, SSSR Konstitutsiyasida belgilangan mustaqillikni talab etishi hech gap emas edi. Shuning uchun ham M.Mirsharopov 1935 yili o'zbek diviziyasidan Mo'g'uliston Harbiy nozirligiga harbiy attashe sifatida yuboriladi. O'zining jangovar tajribasini oshirish va o'zbek tog'li otliq askarlar diviziyasini yanada shakllantirish orzusi bilan yashagan M.Mirsharopov SSSR mudofaa xalq komissari, kursdoshi K.E.Voroshilovga murojaat etib, undan O'zbekistonga qaytarib yuborishini iltimos qiladi. Ammo mudofaa xalq komissarining buyrug'i bilan u 1936 yil 11 mayda endigina tuzilayotgan Shimoliy Kavkaz tog'li xalqlar alohida otliq askarlar brigadasiga komandir-komissar etib tayinlanadi.

M.Mirsharopov besh oy ichida Shimoliy Kavkazdagi Dog'iston, Kabariddin-Bolqor, Shimoliy Osetin, Chechen-Ingush avtonom respublikalari, shuningdek, Qorachoy va Cherkessk avtonom viloyatlarida yashovchi 11 tilda so'zlashuvchi 26 millat va elatga mansub askarlarni o'z tarkibiga olgan yangi brigadani shakllantirishga muvaffaq bo'ladi.

Yosh qo'mondon o'z oldiga qo'yilgan vazifani qisqa muddatda qanchalik muvaffaqiyatli bajarganiga qaramay, 1937 yil 23 iyun kuni Maykop shahridan yana Voroshilov nomiga “o'rtoqlik xat”ini yo'llab, undan ona yurtiga xizmatga yuborishini so'raydi. Ammo oradan ko'p o'tmay, 1937 yil 28 oktyabrda M.Mirsharopov NKVDning Azov Qora dengiz o'lkasi boshqarmasi tomonidan qamoqqa olinib, maxsus poezdning panjarali kupesida etap bilan Toshkentga olib kelinadi.

“Favqulodda hodisa”

Bayon etilayotgan voqealardan ikki yil avval M.Mirsharopov qo'mondonlik qilgan 19-diviziyaning G'afurov va Hoshimov familiyali ikki askari 1937 yilning qish oylarida ichiga sim tiqilgan konfetni otga berib,   uni o'ldirmoqchi bo'lishgan. NKVDga yollangan askarlardan biri bundan darak topib, 19-diviziya huzuridagi NKVD maxsus bo'limi vakiliga bu “favqulodda hodisa”ni xabar qiladi. Xullas, ko'p o'tmay, diviziyada ro'y bergan “favqulodda hodisa” xabari NKVD maxsus bo'limi boshlig'i Mishkovskiyning qulog'iga yetib boradi.

So'nggi manba Mishkovskiyga oddiy askar G'afurovning o'ziga biriktirilgan otni yomon ko'rgani uchun uni o'ldirib, boshqa otni olmoqchi bo'lganini aytgan. Ammo Mishkovskiy maxsus bo'lim vakilini jerkib tashlab: “Sen qanaqa chekistsan o'zi! Har qanday ahmoqona gaplarga ham ishonaverasanmi?! Bu uyushgan zararkunandalik-ku! Shubhasiz, bu yerda katta bir guruh bor!” — degan. Xullas, bahonatalab zamon emasmi, NKVDning 19-diviziya huzuridagi maxsus bo'limi diviziyadagi aksilinqilobiy millatchilik tashkilotini fosh etish ishlarini shoshilinch ravishda boshlab yuboradi.

Diviziya qoshidagi maxsus bo'limning sobiq xodimi  A.Ya.Karpachevskiy 1939 yil 15 oktyabrda bo'lib o'tgan so'roq paytida bunday ko'rgazma bergan:

“Men tergov ishiga aloqador shaxslarga kartochka to'ldirar hamda ayblanuvchilar va guvohlarning so'roq bayonnomalaridan  kimning qanday ko'rgazma berganini ko'chirib yozar edim. Bundan tashqari, ko'pincha Mishkovskiyning farmoyishiga ko'ra, ba'zi hollarda shaxsan u yoki Ambarsumyan va boshqalar bilan birga ayblanuvchilarni tunda jazolash maqsadida tayyorlangan zax, siymon polli kameraga olib borar edim… Mishkovskiy bu kamerada ayblanuvchilar qo'liga har doim kishan solar (uning yozuv stolida hamisha bir juft kishan tayyor turardi) yoki mahbuslarini kishanlashni bizga topshirar edi.

Agar ayblanuvchi so'roqqa kameradan chaqirilgan bo'lsa, diviziyaning maxsus xonasida bir necha kun qolib ketar edi… Mishkovskiy chiqargan buyruqqa ko'ra, ayblanuvchining o'tirib-yotishiga ruxsat berilmagan. Agar ayb­lanuvchi 6 sutkadan 10-12 sutkagacha bo'lgan davrda ko'rgazma berishdan bosh tortsa yoki talab etilgan narsani yozib bermasa, Mishkovskiy uni o'zining xonasiga olib ketar yoki bu ishni Vasilyevga topshirar edi. Ba'zan ular uyqusizlikdan madorsizlangan ayblanuvchilarni birgalashib kaltaklashar va shunday yo'l bilan ulardan kerakli ko'rgazmani olishar edi. Agar ayblanuvchi ko'rgazma bermay, o'z qarorida qat'iy tursa, Mishkovskiy Vasilyev bilan birga uni yuqorida eslatganim siymon kameraga olib borib, ayblanuvchini qamchi bilan urishar va uni kamerada kishanlangan holda tun bo'yi qoldirishar  edi. Bu usulga dosh berib, ko'rgazma bermagan odam zoti bo'lmagan”.

NKVDning Karpachevskiy ko'rgazmasida tilga olingan ikki xodimi  qish chillasida askarlar ustiga shlangdan suv sepib, kaltaklab, sutkalab tergovxonada turg'izib qo'yib, o'zlariga kerakli ma'lumotni olishga erishardi. Askarlar  qiynoq  orqasida diviziyada aksilinqilobiy inqilobiy millatchilik va hatto qo'zg'olonchilik tashkilotining borligini “tan olib”, bu tashkilotga go'yo a'zo bo'lgan do'stlari va komandirlari  nomini aytib berardilar. Shu tarzda 1937 yil martidan 1938 yil noyabriga qadar bo'lgan muddatda diviziyaning dastlab 30, keyin 20 nafar, jami 50 nafar ko'zga ko'ringan askar va komandirlari qamoqqa olinadi. 16 kishi, shu jumladan, Mirkomil Mirsharopov va boshqa qo'mondonlar otuvga hukm qilinadi. Qolganlarga esa turli muddatli qamoq jazosi beriladi. Shu tarzda o'zbek xalqining iftixori bo'lgan 19-tog'li otliq askarlar diviziyasi shafqatsizlarcha tugatiladi va tarqatib yuboriladi.

1956 yili Sovet davlatining 30-50-yillardagi qatag'on siyosati qoralanib, shu davr­­da jabrlanganlarning ishlari qayta ko'rila boshlaydi. Shu davrda hayot bo'lgan va M.Mirsharopovni ko'rgan harbiylardan biri Nurmurod Bekmurodov (1900 yili, Pastdarg'om tumanida tug'ilgan) 1956 yil 24 aprelda tergovga chaqirilganda, Mirsharopov to'g'risida bunday ma'lumotni beradi: “Men Mirsharopovni taxminan 1927 yildan beri bilar edim. U 1927-1932 yillarda 41-otliq askarlar polkiga, 1932 yildan 1934 yilgacha 19-o'zbek diviziyasiga qo'mondonlik qilgan. U polk va diviziya komandiri bo'lgan vaqtida komandirlar va askarlar o'rtasida katta obro' qozongan. Lagerga yaqin joylashgan kolxozlardan biri uning nomi bilan atalgan, u haqidagi o'zbek tilidagi qo'shiqda polk, keyin esa diviziya “Mirsharopov diviziyasi” deb ulug'langan. Lekin men uni hurmat qilmaganman. U menga nisbatan adolatsizlik qilgan”.

Bu adolatsizlik nimadan iborat bo'lganligini bilishni istarsiz, hurmatli gezetxon? N.Bekmurodov bu “adolatsizlik” haqida ham  yozgan: “Taxminan 1929 yili, — degan u, — men Maqsumning bandasini tugatib, uning kallasini olib kelganman. Samarqandga kelganimda, u meni chaqirib, nechta orden olganimni so'radi. Men o'sha paytda bosmachilarga qarshi kurashdagi xizmatim uchun Buxoro hukumatidan ikkita orden olgan edim. Men nima uchun va nech­ta orden olganimni aytdim. Shundan keyin u boshqa orden olmasligimni aytib, kabinetidan haydab chiqarib yubordi. Mirsharopov nega menga bunday adolatsizlik qildi, bilmayman. Ammo Mirsharopov shunday deganiga qaramay, men Maqsumning bandasini tugatganim uchun orden olganman. Meni bu ordenga kim tavsiya etgan, bu ham noma'lum”.

N.Bekmurodovning bu so'zlaridan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Mirsharopov garchand o'zi ham bosmachilarga qarshi kurashda ma'lum darajada ishtirok etgan bo'lsa-da, bosmachilarning Turkistonni rus bosqinchilaridan ozod qilish yo'lida kurashayotganlarini, rus armiyasining esa bosmachilarga qarshi kurash bahonasida Turkiston aholisini qirayotganini yaxshi anglagan edi.

Bekjonov Ibragim Paskayevich (1895 yili, Ryazan shahrida tug'ilgan, iste'fodagi general) esa  tergovchiga Mirsharopov haqidagi bunday ma'lumotni bergan: “1929-30 yillarda Mirsharopov diviziyaga komandir etib ta­yinlangan, men bo'lsam shu vaqtda 41-otliq askarlar polkiga komandir edim. 1933 yilda Olma-ota shahriga ketdim. 1935 yili qaytib kelganimda u diviziyada yo'q edi. U polkka komandirlik qilgan paytida o'zini savodli hisoblar, qo'li ostidagilarga katta talabchanlik bilan qarardi, ammo u  barcha ishlarni bosh­qalarning qo'li bilan bajarardi. Xizmat mohiyatiga kirmas, topshiriqlari yuzaki topshiriqlar bo'lardi. U ko'p vaqtini O'zbekiston K(b)PMK va MIKning turli s'yezdlari, plenumlari, kengashlari va boshqa joylarda o'tkazardi. Shu bilan faxrlanar, o'zini boshqalardan baland, mustaqil tutardi. Diviziyaga komandirlik qilganida ham shunday bo'ldi. U brigadaning sobiq komandiri Ivan Yefimovich Petrov bilan adi-badiga borib, uning topshiriqlarini pisand qilmagan.

Yaxshi eslayman, Mirsharopov doim aytardiki, o'zbek diviziyasidagi yevropalik komandirlar muvaqqat komandirlar bo'lib, ularning vazifalari o'zbeklardan komandir kadrlarni tayyorlash, shundan keyin barcha komandirlar tarkibi faqat o'zbeklardan iborat bo'lishi kerak…”.

Mirabdullayev Mirvahob (1904 yili, Toshkentda tug'ilgan) esa 1956 yil 18 sentyabrda tergovchiga bunday ma'lumotni bergan: “Men Mirsharopovni muomalali, madaniy va sezgir komandirlardan biri sifatida bilganman. U doim harbiy bo'limlarda bo'lib oddiy qizil askarlar bilan suhbatlashar, ularning arz-dodini diqqat bilan tinglar, qanday yordam berishi mumkin bo'lsa, shu yordamini berardi.  Shu bilan birga Mirsharopov juda talabchan edi. Hech kim uning topshiriqlarini bajarmaslikka jur'at qilolmas edi. Komandirlar va jangchilar o'rtasidagi hurmati katta, hamma hurmat qilar edi. Harbiy masalada, — men o'sha paytda bu masalani qanchalik to'g'ri tushunardim, bilmayman,  — lekin u yaxshi, savodli komandir edi”.

* * *

 Mirkomil Mirsharopov to'g'risidagi xotiralarda uning nafaqat iste'dodli qo'mondon, balki jasur, mard va matonatli inson bo'lganligi ham aytiladi. Ammo u 1937 yil 16 noya­brda O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari Apresyan nomiga yozgan arizasi 1921 yildan boshlab aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga a'zo bo'lgani va faoliyati davomida sovetlarga qarshi ongli ravishda ish olib borganini aytgan. Qo'limizdagi uzuq-yuluq yozma ko'rgazmalarda ham shu ruhdagi ma'lumotlar mavjud.

Mirkomil Mirsharopovning 1921 yildan bosh­lab sovet davlatiga qarshi ongli ravishda ish olib borganligi haqidagi bu ko'rgazmalari mislsiz qiynoqlar orqasida yozilgani shubha uyg'otmaydi. Qiynoq va azoblardan sillasi qurigan sarkarda, ehtimol, tezroq otib tashlashlariga umid qilib, bunday ariza va ko'rgazmalarni yozgan bo'lishi ehtimoldan xoli emas.

Ammo shunisi ham borki, Mirkomil Mirsharopov jangovar hayotining “bosmachi”larga qarshi kurash davriga nazar tashlasak, uning milliy ozodlik yo'lida faoliyat ko'rsatgani  bu vatandoshlariga xayrixoh bo'lgani va ularni mumkin qadar omon saqlab qolishga harakat qilganini ko'ramiz.

Albatta, jasur o'zbek sarkardasi Stalin o'limidan so'ng oqlangan. Yovuz tuzum qurboniga aylangan ana shunday yuzlab, minglab iste'dodlar xalq, vatan uchun jonini berib xizmat qilgan bo'lsalar-da, ular taqdiri nihoyatda ayanchli yakun topgan edi.

Faqat bugun shuni ishonch bilan ayta olamizki, Mirkomil Mirsharopov o'z vatanining mustamlakachilik kishanlariga tobora o'ralib borayotgani, xalqining esa qullarcha mehnat qilayotganini ko'rgan zukko sarkarda edi. Shuning uchun ham u O'zbekistonda milliy kadrlardan iborat armiyani tuzmoqchi bo'lgan va bunga qisman erishgan. Balki Mirkomil Mirsharopov hayotining ana shu yulduzli soatida uning hurriyat va mustaqillik haqidagi orzusi yashirinib yotgandir.

Naim KARIMOV,

akademik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 7 =