Fidoyi olimning boy merosi

Hayoti va faoliyati nafaqat qashqadaryoliklarga, balki mamlakatimiz ziyolilari uchun ibrat maktabi bo'la oladigan adabiyotshunos olim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Poyon Ravshanov uzoq yillar Qarshi davlat universitetida xalqimiz farzandlariga saboq berdi. Oddiy o'qituvchilikdan kafedra mudiri, fakultet dekani va o'quv ishlari prorektoriga qadar bosqichda to'plagan ilmlarini el bilan baham ko'rdi. Saksondan ziyod tarixiy, badiiy va nazmiy asarlar yaratdi.

Domla butun umrini ilmu ma'rifatga bag'ishlash barobarida o'zining yorqin va erkin fikrlari bilan markaziy va mahalliy matbuot nashrlarida faol ishtirok etdi. Elimizga ma'rifat, ziyo ulashdi.

Olimning asarlari uch yirik yo'nalish: adabiyotshunoslik, badiiy ijod va tarixshunoslikni o'z ichiga oladi. U adabiyotshunos sifatida bolalar qissachiligi bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. “Bolalikning sehrli olami”, “Adabiy sahifalar”, “Adabiyot: nazariya va amaliyot” singari ilmiy risolalari ijodkor talabalar uchun ilm manbai vazifasini o'tadi. Shuningdek, Poyon aka qo'lyozma va toshbosma manbalar ustida ishlab, “Temurnoma”, “Turkiy qavmlar tarixi” kabi ilmiy-tarixiy asarlarni nashrga tayyorladi. “Vatan tarixidan: Turon VII–XIX asrlarda”, “Amir Temur xonadoni”, “Amir Temur vatani”, “Qashqadaryo tarixi”, “Qarshi tarixi”, “Shahrisabz tarixi”, “Jenov tarixi” singari ham hajm, ham mohiyat e'tibori bilan salmoqli ilmiy asarlar yaratdi. Tarixiy-ilmiy materiallar asosida “Zavol”, “Naxshab qissasi”, “Temurbek va amir Husayn qissasi”, “Shukuhli umr” singari badiiy asarlar ijod qildi.

Poyon Ravshanov Qashqadaryo viloyati arxivlarida ishlab Qashqadaryodan sobiq ittifoq davrida nohaq qamoqlarga olinib, qatag'on qilingan insonlarning o'tmishini o'rganib uch jildlik “Qatag'on” “Istibdod” “Tajovuz” nomli kitoblar nashr qildirdi. Shuningdek, “Qizil saltanat iskanjasida”, “Amirlashkar Alimquli tarixi” kitoblarini yozdi. Ushbu asarlaridagi tarixiy voqeliklar asosida “Qamoq saltanati” romanini, “Malika Kenagas oyim yoxud Amir Nasrulloning o'limi qissasi”, “Qorovulbegi qismati”, “Qo'lga tushgan qasoskorlar” qissalari dunyo yuzini ko'rdi. Bundan tashqari, u chorak asrdan ortiq vaqt davomida Nasaf va Kesh (Shahrisabz) uzoq o'tmishida shakllangan adabiy hayot tarixini tadqiq etgan adabiyotshunos olimdir. Adabiyotshunos olimning ayniqsa, “Adabiy sahifalar” asarida Qashqadaryo timsolida xalqimizning eng qadimgi davrlaridagi hayoti va ijodiy tafakkur tarzi mukammal yoritilgan. Adabiyotshunoslikda birinchi bo'lib ushbu asarda IX–X asrlardan to XIX asr boshiga qadar vohada yashab ijod etgan Nasafiy va Keshiy nisbali yigirma bir shoir va to'qqiz xattotning jahon tamaddunida tutgan o'rni to'g'risida qimmatli ma'lumotlar berilgan. Poyon Ravshanov tarixshunosligining kattagina qismi bevosita sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi davrini qamrab oladi. Olimning 1988 yilda katta shov-shuvlar va e'tiroflarga sabab bo'lgan “Amir Temur muhri” nomli maqolasi ushbu xayrli ishlarning debochasi edi. Shundan so'ng izma-iz Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma”si tabdili va tadqiqi, “Amir Temur tug'ilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi”, “Amir Temur vatani”, “Amir Temur va Amir Husayn qissasi”, “Amir Temur xonadoni” asarlari yaratildi. Adibning, ayniqsa, Amir Temur haqida yozgan “Amir Temur sulolasi”, “Temuriylar silsilasi” kabi asarlari bizni asl tarixiy haqiqatlar bilan yanada yaqindan tanishtirdi.

“Amir Temur sulolasi”ni muallif o'z o'quvchilariga tarixiy roman sifatida taqdim qiladi. Asarda Sohibqiron va uning Markaziy Osiyo, Xuroson, Eron va Hindistonda besh asrga yaqin hukm surgan sulolasi qismati tasvirlangan. 1447 yildan 1507 yilga qadar Movarounnahr va Xurosonda kechgan shiddatli voqea-hodisalar, sulolaning oltmish yillik tarixi yoritilgan “Temuriylar silsilasi” asari ham shu yo'sinda dunyo yuzini ko'rdi. Ma'lumki, bu davrda Shohrux va Ulug'bek mirzodan meros yurtni idora qilgan temuriyzodalar hayoti va faoliyati ancha chigal kechdi. Asarda toju taxtga intilgan, unga bir sira va davomli muyassar bo'lgan bir necha temuriyzodalar qismati tarixiy-badiiy manbalar asosida real tasvirlangan. Ular qatorida “Oqsaroy tarixi” asari ham alohida o'rin tutadi. Ayniqsa, 1380–1396 yillarda bun­yod etilgan Oqsaroy qasri — sohibqiron Amir Temur hazratlari barpo ettirgan betakror muhtasham me'moriy obidadir. Uning hayrotomuz tarixi kitobda keng tasvirlangan.

Alqissa, ilmiy-ijodiy faoliyati bilan adabiyotimiz, tarixchiligimiz rivojiga katta hissa qo'shgan adib va shoir, adabiyotshunos va tarixchi Poyon Ravshanov vafotidan so'ng 2020 yilning 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgan Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uning shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 42 ming donadan ziyod kitoblar — nodir ma'naviy meros olimning oila ahli istagi asosida viloyat Yoshlar markaziga berildi. Ushbu maqsadda bu yerdan alohida joy ajratilib jihozlandi. Shuningdek, mazkur kutubxonaning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ'ib qilish viloyat rahbariyati zimmasiga yuklatildi.

Bu shubhasiz, olimga va u qoldirgan ma'naviy merosga yuksak hurmat namuna­sidir.

G'ulom ABDIYEV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =