Ustozimni eslab…

Men o'shanda 11-sinf o'quvchisi edim. Internetdan O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakim va telebosh­lovchi Dildora Rustamovaning telefon raqamini oldim.

Jurnalistikaga bo'lgan qiziqishim ularga qo'ng'iroq qilishga undadi. Birinchilardan bo'lib Sa'dulla Hakim qo'ng'irog'imga javob berdi.

Sa'dulla Hakim bilan suhbat qurdim, u kishidan jurnalistikaga doir maslahatlar oldim. Keyin telegram orqali she'rlarimni jo'natdim. Meni ijodiy imtihonlarim bo'lishi kerak edi o'sha yili. Insholarimni, she'rlarimni doim ustoz Sa'dulla Hakimga jo'natib, o'gitlaridan o'zim uchun xulosalar chiqarib ish yuritadigan bo'ldim. Biz bir-birimizga ustoz-shogird bo'lib qoldik. Ustoz men uchun otadek bo'lib qolgan edi. Ular ham meni o'z qizidek ko'rardi.

Sa'dulla aka har bir qo'ng'iroqlari orqali mening ijodimni o'zgacha mehr bilan alqardilar.

Men esa doim “Mehribon, Aziz ustozim” — deya javob qaytarardim.

U kishining otalardek mehri xuddi quyoshdek qalbimga iliqlik taratardi. Ustoz o'zining dostonini menga telegram orqali jo'natib, fikrimni so'radi. Dostonni o'qib chiqdim, menga yoqdi va o'z fikrimni bayon etdim. Ustozim menga “Sen kelajakda didi baland ijodkor bo'lasan”, derdilar.

G'alaba qozonsam ham, haq bo'lsam ham, nohaq bo'lsam ham u kishi doim faqat men tomon bo'lardi. O'sha yili men universitetga o'qishga kirolmadim. Hatto o'shandayam menga bir og'iz yomon gapirib ko'nglimni cho'ktirmadi. Men qanday bo'lsam ham uning nazdida eng zo'r shogird edim. Ustozim borligi uchun men o'zimni xuddi suyanishim uchun ulkan bir tog'im bordek, kuchli his qilardim.

Men uzoq viloyatda yashardim, ustozim esa poytaxtda. Biz bir-birimizdan ancha uzoqda bo'lsak-da, qalbimiz yaqin edi. Ba'zilar bir-birining yonida turib ham yaqin tutolmaydi, biz esa u kishi bilan masofadan turib bo'lsa ham qalban yaqin edik.

O'shanda bildimki, mehr uchun masofa muhim emas eng muhimi ko'ngillar yaqinligi bo'lsa kifoya ekan!

Ustozimning pand-nasihatlari hamon qulog'imda jaranglab turadi. Bir necha kun ustozimdan hech qanday xabar kelmadi, qo'ng'iroqlarimga ham javob bo'lmadi, nima bo'ldi ekan, deb rosa xavotir oldim. Kutdim…

Ammo bir kun Tezkor xabarlar telegram kanalida “Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakim vafot etdi” — degan bir sovuq xabarga ko'zim tushib qoldi. O'sha ondayoq ko'zlarimdan shoshqator yoshlar oqa boshladi… Go'yoki yuragim tomiridan bir tor uzilib ketganday bo'ldi. Uch kecha-yu kunduz yig'lab tong ottirdim… Sa'dulla Hakim menga ikki yil mobaynida ustozlik qildi.   Nafaqat ustozlik balki u mening eng yaqin kishimdek edi. Yetti yot begona bo'la turib ham o'z farzandiday yaxshi ko'rdi, menga behad ijodiy madad berdi.

Lekin men uchun hamisha tirik. Men Sa'dulla Hakimning shogirdi, hozir yoshim 20 da, barcha taniqli ijodkorlar meni yoshimda poytaxtga kelib ijodda o'z o'rinlariga ega bo'lishgan. Yaqinda Toshkentga keldim, poytaxtga men ham jurnalist, ham shoira sifatida o'z yo'limni, o'z o'rnimni topmoqchiman. Ustozimning bergan o'gitlariga doim amal qilib jurnalist bo'lib, ijod sirlarini puxta o'rganib, o'qib, izlanib albatta, ustozimning ruhini shod qilaman.

Hosilabonu ERGAShOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 2 =