Xotirlari ol “Shafaq”

Kitob javonim sari qo'l cho'zib, bir zum turib qoldim. Bir-biridan mazmundor, qalin muqovali kitob­larga boqib, suratidan siyratidagi pokiza, sodda va ma'sum tiynati balqib turgan ustoz Shukrulloning kitobini qo'limga oldim. “Shafaq”. Yangi kitob, o'zbek va rus tilida “Akademnashr” tomonidan chop etilgan mazkur she'riy kitob adibning tavallud kuniga munosib sovg'a bo'ldi, nazarimda. Ustoz ijodkor hayot bo'lganlarida qutlug' 100 yoshni qarshi olgan bo'lardi.

Mutay Karim, David Qo'g'iltinov, Rasul Hamzatov kabi taniqli ijodkorlarning o'z davrida Shukrullo ijodiga atab yozilgan fikrlari yangi kitobga o'ziga xos fayz bergan bo'lsa, turli yillarda yozilgan she'rlar shoirning kechmishidan, tuyg'ularidan bugungi o'quvchini boxabar etadi. Ayniqsa,“Cho'qqi ustida quyosh”, “Vijdon”, “Tirik o'lmoq”, “Iz” kabi she'rlarida millatning ruhini o'stiradigan, orzu va umid beradigan, hayot va o'lim oralig'idagi umrni toza vijdon bilan yashash haqidagi sodda va ravon, shaklbozlikdan holi, samimiy misralari kishini mushohadaga chorlaydi.

Adib bir asrga yetgulik hayo­tida ne-ne ko'rguliklarni, qatag'on shamollarini, dovullarini ko'rgan va ularni boricha ki­toblariga tushira olgan yetuk ijodkor edi. Ustoz bilan suhbatdosh bo'lishga, qimmatli tarixiy yodnomalarini tinglashga musharraf bo'lgan shogirdlar qatorida men ham baxtliman. Har bir uchrashuv — tarix, har bir suhbati pandnoma edi Shukrullo domlaning.

Adib o'z dasxati bilan bergan “Tirik ruhlar”, “Kafansiz ko'milganlar” kabi kitoblarida mustabid tuzumning xira kunlari, unda zakiy ajdodlarimiz boshiga kulfatlar solgan adolatsiz tuzumning nohaqliklari haqida ro'y-rost so'zlagan asarlari bugun ham qadri va qiymati balandligiga amin bo'laman.

Kitobni beixtiyor varaqlab ko'raman.

“Ubaydullaxonning gunohi bormidi?! Bunday savol faqat uning uyida yoki qarindosh-urug'lari orasidagina bo'lmay, qamalish xabarini eshitgan butun Toshkent shahridagi odamlar hatto uzoq-uzoqlardagi tanishlari orasida aylanib katta shov-shuvga sabab bo'lgan edi.

– Shunday odam qamalibdimi?

– Otilarmishmi?

– Yo tavba! Qaysi Ubaydulla?

– Shayxontovurlik Asadulla maxsumning o'g'li.

– Advokat-da!

– Faqat advokat emas, uning qilgan ishlari uncha-muncha odamning qo'lidan kelmasdi.

– … Bu o'sha o'risning buyuk yozuvchisi Tols­toyga xat yozgan odam-da!

– Ha, o'sha! Ubaydulla!

– Bu advokat bo'lsa yozuvchi bilan nimani talashgan?

– Millatni!

– Millatni?!

– Ha, millatni! Millatni taqdirini talashishdan bosh­­qa uni dardi bo'lgan emas. Bo'lmagan. (“Tirik ruhlar”. Toshkent. Adabiyot uchqunlari. 2018 y.)

Erksevar, millatning hur yigitlaridan biri, ustozning xolavachchasi bo'lmish Ubaydulla Xo'jayev haqida, uning yurtparvarlik harakatlari borasida yozuvchi asarlarida alohida to'xtalgan. “U zamonlarda Tols­toy asarlarini o'qish emas, uning nomini hatto ijodkorlar orasida ham bilganlar kam bo'lgan bir davrda, uning “Yovuzlikka qarshilik ko'rsatmaslik” haqidagi dunyoqarashi, falsafasi to'g'risida buyuk adib bilan bahslashishga jur'at etish!.. Uning ustiga yana rus tilida, Tolstoyni qoyil qiladigan saviyada yozib, ifoda qilish!..” degandi yozuvchi o'z asarida.

Adabiyotga qiziqib, Toshkentdagi Pedagogika bilim yurtida talaba bo'lgan Shuk­rullo o'sha davrda gurkirab maydonga chiqqan Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Fitratlarning ijodidan ta'sirlanishi tabiiy edi, albatta.Usmon Nosir o'sha yillarning eng sevikli shoiri bo'lib, “Yurak”, “Mehrim” kabi kitoblari o'quvchilarning qo'lidan, ta'rif-tavsifi tillardan tushmagan. Zamonning zayli bilan xalq dushmani bo'lib qamalgan, komsomollar yig'ilishida la'natlab, kimning qo'lida kitoblari bo'lsa yoqib tashlashi ta'kidlangan shoir Usmon Nosirning she'rini davrada aytgani va qo'rqmay yod olganini tan olgani uchun qamoqqa olingan Shuk­rullo o'sha vaqtda o'ttizga ham kirmagan edi.

2019 yil iyul oyida ustozni yo'qlab borganimizda anchagacha suhbatlashib o'tirdik. Davr­ning dolg'ali kunlarini tonggi tushdek tiniq xotirlagan ustozning kitoblarni ko'zoynaksiz o'qishlari bizni yanayam hayratlantirgandi.

— Qamoqqa tushganimda ikkita farzandimiz bor, xotinim yana homilador edi, — deya eslagandi ustoz biz bilan suhbatda.   — Bu yo'lda men bilan yonma-yon turib, qiyinchiligimga bardosh bergan ayolni eslamay o'tmasam bo'lmas. Munavvarxon juda sabrli, aqlli ayol edi. 1951 yilning yanvar oyida uyni maxsus kishilar tintuv qilib, meni olib ketishgancha shu bilan 25 yillik qamoq jazosiga sud hukm qildi. 5 yil deganda aybsiz aybdor bo'lib, “jazoni o'tab” qaytdim. Shu kunlarda ko'rmagan xo'rliklarim qolmadi. Yurtdan olisda, inson zotiga, sha'niga zid qilmishlar, tuhmat va haqoratlar, aldov va zo'ravonlik­larni ko'rib, xayolimda mening nohaq qamalganimni ortimdagilar, xalqim, yaqinlarim bilarmikan, menga ishonisharmikan, ayolim shuncha yil kutarmikin?, degan azobli o'ylar, beadoq savollar iskanjasida yashadim. Qamoqdagi xo'rliklar bir tomon, shum xayollar bir tomon bo'lib yurganimda Munavvarxondan xat oldim: “Shuk­rullo aka, noumid bo'lmang, yigirma besh yil o'tadi-ketadi. Chiqqaningizda bor-yo'g'i ellik to'rtda bo'lasiz. Bolalarimiz endi atak-chechak qilayotibdi. Qamoqdan chiqqaningizda ularning uylanadigan, turmushga chiqadigan vaqti bo'ladi. Kelishingiz bilan to'ylar qilamiz”, – deb yozibdi-da. Buni qarang, ayolning jasoratini ko'ring. Bu qadar hayotsevarlik, matonatli, bardoshli bo'lish hazilakam gapmi.

… Bugun adib oramizda yo'q. Yuz bilan yuzlashib, zamonning sitamlarini xo'b tortgan adib haqida farzandi Abdug'ofur aka shunday deydi:

– Ota-onamdek bardoshli, bir-biriga mehrli insonlarni uchratmadim. Dadam qalbi ummon, kechirimli va sabrli kishi edilar. Uyimizga taniqli shoirlar, yozuvchilar ko'p kelishardi. Rasul Hamzatov, Rima Kazakova, O'ljas Sulaymonov, Chingiz Aytmatov kabi mashhur ijodkorlar ko'p bora mehmon bo'lishgan. Rasul Hamzatov Toshkentga kelsa, albatta biznikiga kirar, menga “Gafur otvezi menya v Chirchik” derdilar. U yerdagi   turnalar monumentiga soatlab tikilib o'tirardi. G'afur G'ulom, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Mamadali Mahmudovlar xonadonimizning aziz mehmonlari bo'lishgan. Qatag'on yillaridagi qiyinchiliklarni jimgina, oh-vohsiz, chiroyli sabr bilan o'tkazdilar. Keyinchalik oqlanganlaridan keyin e'tirof va unvonlarni ham shunday vazminlik bilan qabul qildilar.

Bugun shukurki, asarlari nashriyotlarda qayta-qayta nashr etilmoqda. Yaqinda mutasaddi tashkilotlar tomonidan uyimizga otamga bag'ishlangan xotira lavhi o'rnatib ketishdi. Bu uyni yaqin kelajakda Shuk­rullo nomidagi uy-muzeyiga aylantirish rejam bor. Dadamning tuyg'ulari, quvonch va iztiroblari ko'chgan asarlar yosh avlodga saboq berishi kerak, menimcha. Qolaversa, dadamning avlodlarga asarlari orqali hali aytadigan so'zlari ko'p deb o'ylayman.

Biz ham shu fikrlarga qo'shildik. Toki, haq gapni hamma vaqt ayta olgan, vijdoni, xalqi oldida yuzi yorug', asarlari bilan qancha qalblarga kirib borgan yozuvchining kitoblarida hali bizga aytar gaplari ko'p, hikmatlari mo'l…

Nargiza ASADOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 4 =