YuPANChLI MAKTUB

59 yil muqaddam Moskvadan Toshkentga – Erkin Vohidovga yo'llagan muxtasar xatimning nusxasi topildi. Moskvaning markaziy kutubxonasida gazeta qatlamlarini varaqlab yosh shoir Erkin Vohidovning asarlarini o'qib daftarga yarim qog'ozlik matnni yozib qo'ygan ekanman. Uni yotoqda oqqa ko'chirib Toshkentga yuborgan ekanman. Ming-ming kitob, qo'lyozmalar nusxalari, mashinkadan chiqqan ssenariylar hamda turli mavzu va darajadagi muhokamalar, stenogrammalari, kamina maqolalari chop etilgan gazeta va jurnallar qatlamlari, kassetalar, disklar, maktublar orasida qalin to'lg'azilgan daftarning bir sahifasiga tuzatishlar bilan muhrlangan to'rt ellik xat 1963 yilning sakkizinchi mart kuni Moskvadan Erkin Vohidovning uyiga yuborilgan ekan.
Maktubning o'sha — biz topgan nusxasini suratga olib mushtariyga, kitobxonga ko'rsatish istagida bo'ldik. Sarg'aya boshlagan oq qog'oz, o'sha davr xati, hatto pasportda yozilgan ismim (“Hamidulla”) emas, yaqin do'stlarim talaffuz etadigan yana bir ismim – “Sanjar” deb yozib qo'yilgan. Maktub yozilgan daftarda davr belgilari, ilmiy faoliyat rejasi Mos­kva viloyatidagi filmlar fondida ko'rilgan, baholiqud­rat tahlil qilingan “Qasam” (1937 y.), “Asal” (1940), Xudoybergan Devonovdan qolgan noyob meros – Xorazm vohasining XX asr boshlaridagi ko'rinishlari… Yozuvlar Mos­kva – Toshkent yo'nalishi bo'yicha harakat qiladigan o'n to'rtinchi poezdning o'n birinchi vagonidagi kupening 17-19 o'rinlaridan joy olganimiz ham yozilgan. Hamrohim keyinchalik xalq artisti darajasiga ko'tarilgan kompozitor Ikrom Akbarovning qallig'i Neonilla Sergeevna bo'lgan ekan. U bilan jussali bekatida bir zum narx-navoni bilgan ekanmiz. Bir kilo guruch 1 so'm (aslida rubl – u kezlari).
Bizga qadrli bo'lgan topilmaning ayrim tafsilotlarini ham keltirganim uchun uzr so'rayman. Men uchun qadrli xat makon topgan fursatning bir-ikki belgisi o'sha daftarda bor ekan.
Soxta kamtarinlikni yig'ishtirib qo'yib maktub matnini keltirish va menga muhim bo'lgan bir-ikki jihatini qalamga olay.
“Erkinjon! Kechikib bo'lsa-da, “O'zbekis­ton madaniyati”dagi she'ringizni o'qidim. Sevikli shoirim H.Olimjon asarlarini varaqlaganday bo'ldim. Zavq oldim! Rahmat! Ba'zan ijodingizda qiyinchilik bo'lsa-yu qalamingizga (va o'zingizga!) biroz dam bermoqchi bo'lsangiz, men kabi ko'p she'rxonlaringizni eslab, niyatingizdan qayting!..
Har yili “Navdalarni bezab g'unchalar” endi ikki shoir dilimni xursand qiladigan bo'ldi. Yangi she'rlaringizga mushtoqmiz.
Sanjar.
8.05.63”.
Erkin “o'ziga dam berganini” bilmayman. Lekin noxush kayfiyatda ko'rib mulohazamni aytganman. Hamisha samimiy, kamtarin suhbatdoshim aniqlik kiritgan, vaziyat va holatga.
– Yuqori lavozimga tayinlanibsiz. Tabrik­layotgandir. Meni fikrim o'zgacha. G'afur G'ulom nomidagi nashriyot — bu katta dargoh. Adabiyotdan tashqari san'atning barcha turlari bo'­yicha kitob tayyorlaydi. Demak, siz qog'oz, tiraj, kitob savdosi, moliyaviy-iqtisodiy tashkiliy ishlar bilan band bo'lasiz. Pulni assigna­siyani yoqib pechkani isitgandek gap bu. Ijodiy kuchga to'lgan vaqtingiz hozir. Kuch-qudrat behuda ketmasa edi…
— To'g'ri anglabsiz. Direktor etib ta­yinlashmoqchi bo'lganlarida rozilik bermagan edim, nashriyot, poligrafiyani mendan yaxshi biladiganlarning ismi sharifini aytdim… Hayron bo'ldim…
— Majbur qila olmaydilar-ku! Ikki marta menda shunaqa voqea bo'lgan. Arazlab, par­tiyaga o'tkazmaymiz, deb turib olishgan. Partiyaga hali munosib emasman, tayyor emasman. Ariza bermaganman, — deb qutulganman.
— Menda o'zgacha bo'ldi. “Ko'p takliflarimizni rad etdingiz. Yaxshi lavozimlar edi. Endi biz ham taqdiringizni o'ylab ko'ramiz” deyishdi. O'zim yetim o'sganman. Bolalarim ham yetim o'tmasin, deb qabul qilishga majbur edim “taklifni”.
Zil ketdim. Ikkimiz jim qoldik. Navoiy ko'chasida edik. Erkin katta binoga ishora qilib, kuni kecha qilgan hazilini aytib, ma'yus kayfiyatdan chiqardi suhbatdoshini.
— Mana bu binoda poligrafiyani barcha tarmoqlarini biladigan mutaxassis ishlaydi. Familiyangiz bir xil Akbarov, ismi Adham. Uni uchratib qoldim. Eshitgan ekan yangilikni. Tabrikladi meni. Men javoban aytdim:
— Endi Adham aka siz she'r yozing, men kitob qilib chiqazay.
Kulishdik. Jimgina tarqaldik. Ikkimizning o'ylarimiz yaqin bo'lgandir shu damda. Siyo­satga, mafkuraga avtoritarizm tamoyillari ta'sir etishining oqibatlari haqida o'ylashimiz tabiiy bir hol edi.
Keyinchalik “O'zbekfilm” kinostudiyasiga bosh redaktor etib Erkin Vohidov tayinlanishi haqida ko'p ovozalar bo'ldi. Studiya kutdi ham uni. Bosh redaktor xonasi uzoq bo'sh qoldi. Kinostudiyaning o'sha damdagi serqatnov zinapoyalarini Erkin hatlab o'tmadi.
Sharqshunos olim, malakali tarjimon, professor Shoislom Shomuhamedovning sevikli qizlari Saodatxonning to'yiga borganimizda Erkin aytgan so'zlarni ko'p eslayman. Ozod aka Sharafiddinov Erkin, men rafiqam Mohira bilan ichkari xonada qalin ziyofat lazzatini totib ko'rib, hovliga chiqib, ochiq havodan bahramand bo'lish niyatida qo'zg'aldik. Keng hovlining tinch, osoyishta etagiga joy qilib berishdi. Shirakayf Ozod aka ozoda, fayzli hovlini tomosha qilayotganday shunchaki, bir jumlani aytib sinovchan ko'zlarini shoirga asta qaratdi:
— Zang qurg'ur temirga yopishib olsa asta chiritib boradi-da, Erkin. Shuhrat degan narsa ham shunday emasmikin?!
Ritorik tarzda berilgan savol ma'nosiga tushunib yetgan, el-yurtda mashhur Erkin Vohidov darhol javob berdi:
— Ozod aka, inson ko'p narsaga chiday oladi — ochlikka, issiqqa, sovuqqa, mehnat mashaqqatiga. Ammo shuhrat sinoviga bardosh bera olarmikan? Menimcha, chiday olmaydi.
Erkinning o'zi bardosh berdi. Xalq shoiri, O'zbekiston Qahramoni bo'ldi. Lekin kamtarinligicha qoldi. Maqtovli ish qilmagandirman. Lekin e'zozli do'st, buyuk shoir Erkin Vohidovning “Xalq so'zi” gazetasida yozganlari menga qadrli: “Taqdir taqozosi bilan rus maktablarida o'qib, ruscha ta'lim olganlar ichidan o'zbek tilining eng kurashchan jonkuyarlari chiqdilar. Mashhur san'atshunos Hamidulla Akbarov, mening kursdosh do'stim, rus filologiyasi fakultetini tugatgan. U o'zbek san'ati, tili, adabiyotining kuyunchak targ'ibotchisi”.
Keyingi uchrashuvlarimizdan birida Erkin to'ng'ich o'g'lim Otabekning diplomatlik faoliyati bilan qiziqib: “qaysi yurtga borsam oldimda Otabek paydo bo'lardi-ya!” — derdi. Xayrlashayotganida ko'pincha:
— Uchrashganimizda xursand bo'laman. Hali bor ekan-u, bemalol yursak bo'larkan-ku, — deb kulardi, mening ham kayfiyatimni ko'tarardi… Unday shaxsni keyin uchratganimcha yo'q.
Biz yangitdan “ixtiro qilgan maktub esa sog'inch ustun turgan damlarda yupanch berayotgandek bo'lib qoldi. Do'stlar bir-birini asta-sekin tashlab ketar ekan-ku… Shoir Erkin Vohidov o'tgan asr 80-yillarining birinchi yarmida e'tirof etilgan-ku! Bu nurli olam sohibi esa o'zini shoir emas, she'r shaydosiman deb yurgan, yozgan vaqtlar bo'lgan-ku! Dastlabki devonlari nomini “Debocha” so'zi bilan boshlashni istagan. Men shabnam so'zi latif tongni eslatadi. Sizni she'riyat olamidagi shunday fasl emasmi, deganimni eslatdi daftar sahifasiga yozilgan so'zlar. Bu suhbat Navoiy nomidagi opera va balet teatrining yonginasidagi redaksiyalar binosida bo'lib o'tgan. Men “Kamolat” deb nomlangan maqolamni olib kelgan edim. Erkin o'qib “Kamolot” deb yozilmasmikin degan edi odob saqlab.
Hamidulla (Sanjar)
AKBAROV.
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 15 =