QATAG'ONDAN ChO'ChIMAGAN SARDOR
31 avgust — Qatag'on qurbonlari xotirasini yod etish kuni
Ma'lumki, aksariyat insonlar Stalin davrida amalga oshirilgan qatag'on davrda hamma sukunat bilan ro'y berayotgan dahshatli voqealarga munosabat bildirmagan, degan tasavvurda.Chunki totalitar tuzumda qarshi fikr bildirishning o'zi, qatag'on qilinayotganlarga achinish tuyg'usining ifodalanishi, ayblanayotgan insonlarga sheriklik deya baholanishi mumkin edi. Ammo tarixiy hujjatlarga ko'ra, hali qatag'on to'lqini boshlanmasidan oldinoq, jamiyatda bo'lib turgan mudhish voqealarga qarshi fikr bildirgan insonlar bo'lgan. Ana shunday jasoratli odamlardan biri Isroil Ortiqov edi.
Xo'sh, Isroil Ortiqov kim edi?
Bu shaxs taqdiriga to'xtalishdan oldin, Xorazm viloyati misolida shu davrda bo'lib o'tayotgan voqealarga bir nazar solsak.
Aslida “Katta terror” davridagi tozalashga oldin “fatvo” berilgan — 1923 yilning 12 iyun kuni Moskvada bo'lgan RKP(b)ning to'rtinchi yig'ilishida “xalqlar otasi” I.V.Stalin nutq so'zlab, unda shunday tahdidona fikrlarni bildirib o'tgandi: “…Xorazm va Buxoro haqidagi nutqimga qaytaman. Xorazm to'g'risida xorazmlik vakillar bugungi yig'ilishda qatnashmayotganligi sababli gapirib o'tirmayman. Qo'limdagi materiallar bilangina Xorazmdagi partiya, davlat ishini baholash adolatdan emas. Bu yerda Xorazm to'g'risida Broydo nima degan bo'lsa, bularning hammasi o'tmishga taalluqlidir. Xorazmning kelgusidagi ahvoli uchun bu katta ahamiyatga ega emas. Partiya to'g'risida u (Broydo) partiya a'zolarining 50 foizi savdogarlar va boshqalardir dedi. Balkim bu o'tmishda shunday bo'lgandir. Lekin Xorazmda hozirgi paytda tozalash olib borilyapti. Hali Xorazmga birorta partiya bileti berilgan emas. Partiya to'g'risida tozalashdan keyin gapirsa bo'ladi. Aytishlaricha, Xorazmda bir necha ming partiya a'zosi bor. O'ylaymanki, tozalashdan keyin u yerda 100 dan ortiq partiya a'zosi qolmaydi. Buxoroda ham o'tgan yili shunday ahvol mavjud bo'lib, 16 ming partiya a'zosi bor edi. Ma'lumki, tozalashdan keyin 1000 dan ziyod partiya a'zosi qoldi”. ( I.V.Stalin, To'la asarlar to'plami, 1947 yil, 5-tom, 330-bet, Moskva).
Stalinning bu fikri ko'p yillar davomida dasturilamal vazifasini o'tadi. Natijada joylarda tozalash, kollektivlashtirishga qarshi bo'lgan mulkdorlarni “quloq”, “yot unsur” deya qamab, surgun qilish, erkin fikrli, e'tiqodli insonlarni ta'qib qilish avj oldi.
Birgina 1929 yilda xonlik davrida qozikalon, Xorazm Xalq Respublikasi davrida adliya noziri bo'lgan Bobooxun Salimov 1907-1912 yillarda Istanbul universitetida o'qigan, keyinchalik XXR madaniyat noziri bo'lib ishlagan mulla Bekchon Rahmonovlar jadid ziyolisi sifatida o'z uylarida otib ketiladi.
Yoki Bog'ot qishlog'ilik mulla Matyoqub Matniyozov 1928 yil 30 dekabrda “Bolsheviklar Xorazmni “sog'in sigir”ga aylantirib qo'ydilar, avvaliga soliq soldilar, har xil zayomlar taqsimladilar, endilikda esa boylardan yerlarini tortib olmoqdalar. Mana sizga jonli misol: zayom berganlarida “yutib olasizlar”, o'z dehqon xo'jaligingizni yaxshilab olasizlar” deb aytishdi, lekin kim yutuqqa ega bo'ldi? Hech kim. Go'yo xo'jalikni yaxshilab olasizlar, deb shirkatdan avans berdilar, endi bo'lsa shu ssudani talab qilmoqdalar, bahorda dehqon 100 so'mga sotib olgan ho'kizni hozirda 40 so'mga sotadi, chunki butun yoz bo'yi ishlab topgan pulni zayom va soliq uchun olib qo'yishmoqda, dehqon ssudani to'lash uchun sotishga majbur bo'lmoqda”, deya haqiqatni ko'pchilik oldida aytgani uchun “quloq” sifatida surgun qilinadi.
O'sha davrda quloq qilingan faqatgina u emas edi. Qurbon Bereginning yozishiga ko'ra, “1928 yilning o'zida, Xorazm okrugi bo'yicha sobiq xon amaldorlari, to'ralarning 200, ruhoniy ulamolarning 52, savdogarlarning 141, sudxo'rlarning 13, jami esa 532 mulkdor xonadonning xo'jaligi tugatilib, ulardan 899273 tanob yeri tortib olingan. Shuningdek, 220 ot, 80 tuya, 229 ho'kiz, jami 605 ish hayvoni, 202 arava, 1040 ta kunda, paza, o'roq, ketmon, belkurak, yana 404 chig'ir, 2 mashina dvigatel, 1 nasos, 36 moy juvozlari, 13 guruch juvozi, 80 tegirmon, 246 ta turar-joylari tortib olinib musodara qilinadi” (Q.Beregin, “Xorazm okrugida mehnatsiz xo'jaliklarni tugatish yakunlari”, Samarqand-Toshkent, 1930 yil, 44-bet).
Bundan tashqari, “tugatilgan xo'jaliklardan qishloq aholisiga ta'sir qiluvchi zararli deb 18 boy, 14 sobiq xon xonadoniga qarashli to'ralar, 10 ruhoniylar, 8 savdogarlar, 4 sudxo'r, jami 55 kishi topildi va ular rayon yer komissiyalari tomonidan zararli deb topilib, okrug doirasidan surgun qilindi” (Q.Beregin, yuqoridagi kitob, 45-bet).
Ana shunday qaltis bir vaziyatda begunoh quloq va qatag'on bo'layotgan insonlarni ajal domidan saqlash maqsadida, ko'pdan-ko'p kishilar nohaq tuhmat, turli gumonlar bilan azob chekayotganliklarini, o'sha paytda O'zbekiston yoshlar qo'mitasining sarkotibi bo'lgan Isroil Ortiqovgina ayta olgan. Ortiqov Xorazm misolida voqealarga baho berib o'tadi.
U 1932 yilning 23 avgustida bo'lib o'tgan yoshlar anjumanida mardlik bilan beayb qatag'on qilinayotgan odamlarni ajal domidan qutqarishga intiladi: “Mana sizlarga axloq tuzatish uyida bo'lib o'tgan bir fakt. Bu yerda 15 yoshida 3 yillik qamoq jazosiga (bu to'g'risi dahshat) hukm qilingan bir bola o'tiribdi. Bu bola hozirgacha qamalib yotib, yoshi 17 ga yetgan. 16 yoshdagi bir bola bo'lsa, ot o'g'irlab ketayotgan odamni ko'rgan, lekin o'g'rini ushlash qo'lidan kelmagan, ammo o'g'rini ko'rganini so'zlagani uchun qamalgan. Yoki bir otni minib aylanib yurganligi uchun, telba bo'lib qolgan o'zbek ayolini qamashgan. Shifokor bu xotinning telbaligi, uni sud qilishga qonun yo'l qo'ymasligi hamda uni tezlik bilan ozod qilish zarurligini ko'rsatib tushuntirish xati bersa-da, prokuror uni qabul qilmagan.
Yangi Urganch qamoqxonasi boshlig'i, partiya a'zosi, “Qizil Mehnat” nishoni bilan mukofotlangan Matchonov qonunlarning buzilishiga yo'l qo'ygan. Bu kishi qamoqqa yaqin qarindoshlarini ko'rish uchun keladigan xotinlar chiroyli bo'lsa, avval qamoqxona boshlig'i oldiga kirishni yozilmagan qonun darajasiga chiqargan… Ayollarga shundan keyingina o'z qarindoshlarini ko'rishga ijozat berilgan.
Yoki, bir kambag'al bechora esa zayom uchun 10 so'm qarzdor bo'lgan, uning kambag'alligi inobatga olinib, qarzni to'lash bir haftaga kechiktirilgan. Shunday bo'lsa ham shu ish uchun bu kambag'alni aksilinqilobchilikda ayblab sud qilganlar” (Toshkent, O'ZDAVNAShR, 1936 yil, 17-bet), deya yoshlar anjumanida minbardan turib jasorat bilan nutq so'zlaydi.
Shuningdek, Isroil Ortiqov, madaniy turmush kabi siyosatlar natijasida mehnatkashlarning ahvoli og'irlashayotganini, turmush sharoiti ortga qarab ketayotganini, ayirmachiligu shovinizm avj olib, ishga qabul qilishda ham bunga e'tibor qaratilayotganligini tanqid qilib, dadillik bilan shunday deydi:
“Baynalmilal tarbiya deymizu, kolxozga qozoqlarni qabul qilmaslik, yog' zavodi va boshqalarga ulug' rus davlat shovinizmi kabi munosabatlar bo'lgan chiqishlarni ko'ramiz” deb alohida ta'kidlagan.
Shu kabi o'sha davrda avj olgan madaniy turmush darajasida yashayapmiz degan aqidaning ham noto'g'riligini aytadi: “Men bir uy bilan tanishdim. Mana shunday bir tom tagida bo'lgan qorong'i, zax uylarda bir xonada xotinlar yashaydi, ikkinchi xonada erkaklar yashaydi, bular bilan bir qatorda otxona joylashgan. Ushbu odamlar yonida ot, tuya, ho'kiz. Eshaklar bog'langan. Axlat chuquri ham o'sha yerda. Hamma binolar loydan, tuproqdan ishlangan bo'lib, yog'ochdan ishlangan imoratlar butunlay yo'q” (o'sha asar, 27-bet).
Ko'rganingizdek, hamma yoppasiga “ura” deb turgan, qatag'on avjiga chiqqan paytda jamiyatni, qolaversa, rus-sovet shovinizmini tanqid qilish uchun hammadayam jur'at, metin iroda topilavermasdi. Isroil Ortiqov esa buni minbardan turib yoshlar anjumanida haqiqiy ahvolni, sovet tuzumining naqadar qirg'inbarotli va jirkanch illatlarga to'la ekanligini dadil, baralla ayta olgan.
Garchi, ushbu nutqi bilan Isroil Ortiqov qatag'on “mashinasi”ni to'xtatib qololmagan bo'lsa-da, nohaqdan ayblanayotgan insonlarni ajal domidan qutqarishga intilgan, o'z davrining mudhish siyosatini haqqoniy tanqid qila olgan edi. Bu sovetlarning sitamli, xususan, Stalinning qatag'on siyosati avj olgan davrda ro'y berayotgan kamchiliklarni haqqoniy, minbardan turib aytilgan yagona hodisa desa ham bo'ladi.
Xo'sh, fidoyilik ko'rsatgan jasoratli Isroil Ortiqovning hayoti qanday kechgan edi?
1907 yil Qo'qonda hunarmand oilasida tug'ilgan Isroilning otasi 1918 yil Qo'qon muxtoriyati dashnoqlar tomonidan qonga botirilganda vafot etgandi. Onasi esa 1920 yilda hayotdan ko'z yumadi. Shu tariqa taqdir zarbalari bois Isroil temiryo'l idorasida ishlovchi akasi Ahmadjon qaramog'ida voyaga yetadi. Balog'atga yetgach akasi bilan temir yo'lda ishlay boshlaydi.Savodini shu yerda ishlovchi ishchilar orqali chiqardi. Ruschani o'rganadi.
Ma'lumki,1925-30 yillar oralig'ida O'zbekiston bo'ylab yoshlar tashkilotining qad tiklashi va o'z saflariga shijoatli yoshlar jalb etish davri bo'lgan. Ana shu jarayonda qalbidagi bir olam ezgu hislar bilan Isroil ham 1925 yildan yoshlar tashkilotiga a'zo bo'lib kirdi, uning tadbirlarida ishtirok etdi. 1928 yilda uning tashkilotchiligi e'tiborga olinib, Bog'dod tumani yoshlari o'zlariga sarkotiblikka saylandi.1929-30 yillarda esa Qo'qon, Oltiariq tumani yoshlar tashkilotiga rahbarlik qildi. Bu yillarda u davr to'fonlari bois yetim qolgan yoshlarni maktab, internatlarga jalb qilish, yoshlarning savodini chiqarish, tashkil etilayotgan kolxoz, zavodlarga ishga jalb etishga urindi. Natijada yosh tashkilotchi I.Ortiqov 1930 yil dekabrida O'zbekiston yoshlar tashkilotining bo'lim mudirligiga, 1931 yil fevralidagi 5-qurultoyda esa respublika yoshlarining sarkotibi etib saylandi.
Respublika miqyosidagi bunday katta, mas'uliyatli ishga 24 yoshli yigitning munosib ko'rilganiga sabab, uning odamlar bilan muomalasidagi samimiyligi, yoshlarni atrofida uyushtira bilishi, ularni olg'a yetaklay olishi, tashkilotchiligida edi. Shu tarzda u bevosita joylarda bo'lib vaziyatni o'rganish maqsadida Samarqand, Farg'ona, Namangan, Surxondaryo, Xorazm okruglariga safar qilib, yoshlar orasida bo'ldi, ularni qiynayotgan muammolarga duch keldi. Muammolarni bartaraf etishga intilib, okrug, respublika rahbarlariga murojaat qildi.
U o'sha paytda qurilayotgan Quvasoy sement zavodi, Chirchiq elektroximiya kombinati, Toshkent to'qimachilik kombinati, Qo'qon, Buxoro, Samarqand paxta yigiruv fabrikalari, Marg'ilon shoyi to'qish kombinatlariga yoshlarni jalb etish, ularga zarur sharoit yaratish uchun o'sha joylarda bo'ldi. Savodli, intiluvchan yoshlarni esa Moskva, Peterburgga yuborib o'qitishga intildi. Uni yoshlar va respublika, okrug rahbarlari kabinetda o'tirmaydigan rahbar deya atashar, u esa bundan quvonardi. Afsuski, shunday shijoatli insonning boshi ustidayam 1937 yildagi qatag'on quyuni aylana boshladi. 1937 yilning 14 oktyabrida hibsga olinib, 1938 yil 5 oktyabrida “xalq dushmani” deya otib tashlanadi. Bu paytda u endigina 31 yoshga to'lgandi…
Umid BEKMUHAMMAD.