ISTE'DODI HAM, OQIBATI HAM BOR EDI …

Nabijon Sobir bilan bundan chorak asr ilgari quvalik shoir Shokirxon Hakimiyning ukasi Hurmatillo aka tanishtirgan edi. Bir piyola choy ustida qilingan samimiy suhbat kelgusidagi ijodiy hamkorlik va do'stligimiz rishtalarini bog'lanishiga sabab bo'lgandi.

Shu-shu har gal xizmat safari bilanmi, to'y-to'lqin sabab­­mi Farg'onaga borsam, albatta Hurmatillo Hakimov bilan uchrashib Nabijon akani ham yo'qlaydigan bo'ldim. Respublikamizning markaziy gazetalarida ishlagan paytlarim Farg'onadan biror-bir maqola tayyorlash kerak bo'lsa, Nabijon aka bilan maslahatlashar edim. Chunki u kishi viloyat hayoti va odamlarini juda yaxshi biladigan, oqni oqligicha, qorani qoraligicha ko'radigan inson edi. Qalbi havaslarga limmo-lim, o'zgalarga zarracha hasadi yo'q, bag'rikeng ijodkor edi. U nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizda ham qalami o'tkir jurnalist sifatida tanilgandi.
Nabijon aka juda ko'p kitob o'qigan ma'rifatli bo'libgina qolmay, Alloh unga kuchli xotira ham ato etgan edi. U bilan bir suhbatlashgan kishi yana gaplashishga oshiqardi.
Toshloq tumanining Sadda qishlog'idagi Zahiriddin Muhammad Bobur ko'chasi o'ninchi uyi. Bu fayzli xonadonga Nabijon akaning padari buzrukvori olamdan o'tganida borgan edim. Yaqinda Qurbon hayiti arafasida yana shu xonadonda bo'ldim. Bir necha oy avval bu foniy dunyodan u boqiy dunyoga rihlat qilgan ustoz jurnalist Nabijon akaning ruhlarini shod qilish uchun duoi fotiha qildim. Turmush o'rtog'i Matluba opa ro'molining bir cheti bilan ko'zidagi yoshini artar ekan, hamdardlik bildirib kelganimiz uchun Alloh rozi bo'lsin deydi. Matluba opa Nabijon akaning juda oilaparvar, farzandlariyu nabiralari tarbiyasiga e'tiborli ota bo'lganligini alohida esladi…
Farg'ona viloyat xalq ta'lim xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash hududiy markazi direktori o'rinbosari, Nabijon Sobirning maslakdosh do'stlaridan biri Zikrillo Teshaboyev shunday xotirlaydi: “Nabijon aka bilan u “Xalq so'zi” gazetasi muxbiri sifatida 2005 yilda Qo'shtepa tumaniga borganida tanishgan edik. Shundan beri tez-tez uchrashadigan bo'ldik. U bizga ham ustozdek, ham otadek bo'lib qolgandi. Dunyoni ichiga sig'dirgan, quvvai hofizasi kuchli, mard va xolis inson edi. Men u kishini ustozim deb hisoblayman. Nabijon akani hatto tirik ensiklopediyaga qiyoslar edim. U kishi bilmaydigan soha yo'q edi. Viloyatdagi katta-kichik rahbarlar bu odamning oldiga maslahatga kelib turardi. Ustoz ularga beminnat maslahatlarini beribgina qolmay, muammolarini yechish yo'llarini ham ko'rsatar edi. O'zidan yaxshi inson degan nomni qoldirib ketdi. Iloho joylari jannatda bo'lsin”.
Chindan ham Nabijon aka nafaqat uni bilganlarga, balki hammaga birdek mehr-oqibat ko'rsatishga qodir bo'lgan ajoyib do'st edi. Ushbu yozganlarimiz og'amizning insoniylik xislatlaridan bir shingil xolos.
Nabijon Sobir davlat va jamoat ishlarida ham faol edi. Bir necha bor Prezident saylovini o'tkazish bo'yicha Farg'ona viloyatida saylov okrugi raisi bo'ldi. Fikri tiniq notiq bo'lish bilan birga muomala san'atining ustasi ham edi.
Ammo balandparvoz chiqishlar qilish uning tabiatiga xos emasdi, shuhratparastlik ko'chasidan yurmaydigan jurnalistlar toifasidan edi. Kasbi va kasbdoshlari sha'nini himoya qilishga astoydil bel bog'lab uddasidan chiqa oladigan mahoratli muharrir edi. “Farg'ona haqiqati” va “Marg'ilon haqiqati” gazetalariga bosh muharrirlik qilgan paytlarida har ikki gazetaning mazmunli chiqishi va adadining salmoqliligi jihatidan e'tirof etib kelinardi.
U qaysi jamoada ishlamasin tahririyat a'zolarining to'y-ma'rakalari Nabijon akasiz o'tmas edi. Hamisha barchaga imkon qadar ko'mak berishga intilar edi.
Bu hayot, ezgulik atrofida yomonliklar ham o'ralashib yuradi. Shunday damlarda ijodkorning ojiz yuragi dosh berolmay qoladi. Nabijon aka ham yuragi betobligi uchun uzoq yillar muttasil davolanib yurardi. Ammo baribir o'zi dardmand bo'la turib, odamlar dardini o'ylardi. Inson tabiati shunday — dard izlaganlar darmon bo'lganlarga talpinaveradi. Nabijon akani ham so'roqlab keluvchilar ko'p edi. Do'stlarining xotirlashicha, uning dargohidan biror kishi noumid qaytmagan.
Nabijon Sobir nomi bilan kitoblar chop etilgan. Ulardan biri “O'zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga munosib topilgan, faxru iftixorimizga aylangan insonlar haqidagi “Farg'onalik Qahramonlar” kitobidir. Ushbu risolada qahramonlarimizning halol mehnati, ona yurtga cheksiz muhabbat bilan yo'g'rilgan hayot yo'llari ochib berilgan bo'lib, bu kitob o'zbek, tojik, rus va ingliz tillarida nashr etilganligi bilan ham ajralib turadi.
Uch nafar o'g'li va qizining suyukli otasi, to'rt nafar nabiraning mehribon bobosi kamtarinlik ko'chasidan yurib, havas qilsa arzigulik hayot kechirdi. Turmush o'rtog'i va o'g'li bilan unga Haj amallarini bajarish ham nasib etgan edi.
Biz bir-birimizni bayramlarda, tavallud ayyomlarida tabriklab yo'qlar edik. Bugun yigirma sakkizinchi iyul. Agar katta iste'dod egasi, taniqli jurnalist — Nabijon Sobir hayot bo'lganida oltmish sakkizga kirar edi…
Ming afsus, hayotdan erta ketdi. Lekin yuqorida aytganimizdek, dilimizni yupatadigan bir taskin bor: u kishidan yaxshi nom, yaxshi xotira qoldi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
Respublika “Tasviriy oyina”
ijodiy uyushmasi boshqaruvi
raisi o'rinbosari, jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − seven =