MA'RIFAT JARChISI EDI
(Taniqli ulamo Anvar qori Tursunov hayotidan ulgilar)
2020 yilning 15-18 dekabr kunlari Toshkentda “O'zbekistonning madaniy merosi — Yangi Renessans poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Unda qirqdan ortiq chet davlatlardan ilm-fan vakillari, sharqshunos olimlar, xalqaro jamoatchilik namoyandalari ishtirok etdi. Ularning ma'ruzalari tinglandi. Markaziy Osiyo va O'zbekistonning dunyo tamadduni rivojiga qo'shgan hissasi tahlil etildi.
Konferensiya doirasida jumladan, O'zbekiston madaniyatiga oid 114 ta tarixiy Qur'on qo'lyozmalarini jamlagan kitob yaratish haqida ham gap ketdi. Bu haqda avstriyalik noshir Aleksandr Vilgelm loyiha tafsilotlari haqida ma'lumot berdi. Unga ko'ra, Islom dinining Muqaddas kitobi Qur'oni Karim 114 ta suradan iborat. Loyihada chet ellardagi muzeylar va kutubxonalarda saqlanayotgan O'zbekistonning madaniyatiga oid 114 turli nusxadan bittadan sura olgan holda, ularni bitta kitobga joylash maqsad qilingan. Turli qo'lyozmalardan olingan har bir sura o'zi tegishli bo'lgan nusxa haqida tasavvur hosil qiladi.
Boshqa bir chet ellik olima esa madaniyatimizga oid qo'lyozma va boshqa tarixiy asarlarga ishora qilarkan, bu kabi yodgorliklarni yaratgan millatga mansub xalq — ma'rifatli xalqdir. Mazkur bebaho merosni targ'ib etish esa eng oliy masnaddir, dedi.
Konferensiya ishtirokchilarining yuqoridagi kabi so'z va mulohazalari haqidagi ko'rsatuvni ko'rib o'tirib, mashhur imomlar, mudarrislar —xalqimiz yaratgan o'lmas madaniy merosning uzoq va yaqin davrlarda yashab o'tgan ulug' targ'ibotchilari xayolimdan bir-bir o'tdi. Ular orasida ayniqsa, ko'p yillar Toshkent shahar imom xatibi bo'lib ishlab kelgan taniqli ulamo, adabiyotchi, navoiyshunos olim, ma'rifatparvar, zukko inson Anvar qori Tursunov (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) ko'z o'ngimda yaqqol gavdalandi. Chunki madaniy merosimizga bog'liq biron-bir yangilik, qo'lyozma yoki yangi nashrdan chiqqan kitob bu ulamoning nazaridan chetda qolmasdi. Bular haqida o'sha kuni yoki o'sha juma namozidayoq o'zi imomlik qilgan masjid qavmiga yetkazar edi.
Toshkent shahridagi qator masjidlarda, to'y-ma'rakalarda Anvarjonning amru ma'ruflarini ko'p bora eshitganman. Bu ma'vizalar har doim ma'rifat bilan bog'liq bo'lib, madaniy merosimizning u yoki bu sohasiga bag'ishlanar edi. O'zim ishtirok etgan biron-bir suhbati bo'lmaganki, unda yangi topilgan qo'lyozma asar yoki endigina nashrdan chiqqan, hali bosmaxona hidi kelib turgan biron-bir kitob haqida gapirib, uni targ'ib etmagan, ilm-ma'rifatga chaqirmagan bo'lsa.
Ollohning kitobi — Qur'oni Karimda aytilgan buyruqlar, Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning Hadislarida keltirilgan sunnatlarni shunchaki takrorlamas edi. Balki bu mo''jizani hayotiy misollar asosida talqin etardi. Uning nasihatlarida doim insonga nisbatan ulkan muhabbat shundoq aks etib turardi. Olloh tomonidan odamiyga fazl etilgan Muhabbat, mehr tuyg'ulari bu hayoti dunyoda naqadar noyob ekani haqida ko'p gapirardi. Ushbu bayt uning tilidan tushmasdi:
Muhabbatdan muhabbat bo'ldi paydo,
Muhabbatsiz kishidin qoch Xuvaydo!
* * *
Yangi yilning birinchi Jumasi edi. O'sha kungi ma'vizadan yodimda qolganlarini hamon eslab yuraman. Yozganlarim orasida yanglishlari bo'lsa xato mendan.
— Ha, bugun vaqtni butun dunyo milodiy yil hisobi bilan yuritadi, — dedi Anvarjon o'z ma'vizasida… Ammo bu degani yangi yilni boshqalarga o'xshab qo'liga shampan shishasini ushlab, eshikma-eshik kezib, tabrik aytib yurish kerak degani emas. Nima bilan tabriklaysiz, yil bo'yi qilgan gunohlaringiz bilanmi? Axir biz musulmonmiz. Yangi yilni oldingi yilda qilgan gunohlarimiz uchun istig'for aytib kutib olsak Ollohga xush kelmaydimi?! Hazrati Ali vajhaxu aytdilar: “Mening gunoh qilmagan kunim bayram”, deb. Yo Olloh, gunoh qilmagan kunimiz bormi? Zotan, inson doim ziyon ichida… Istig'for aytaylik, tavba qilaylik, zora kechirilganlardan bo'lsak… Kecha huzurimga bir yigit kelib: “Astag'furulloh”ni to'rt mingtaga yetkazganini va ishlari yurishib, oilasidagi ko'ngilsizliklar ham barham topganini aytdi. Men o'sha yigitga ishondim va sizlar ham ishoninglar. Tavbada xosiyat ko'p… Shu kunlarda shahrimizdagi kitob do'konlarini bir kitob munavvar etmoqda. Bu Abul Xasan Movardiyning “Adabut dunyo” kitobidir. Kitobni ulamolarimizdan Ismoil maxsum arab tilidan tarjima qilganlar. Bu yog'ini so'rasangiz kechagi kungacha bo'lgan hamma imom domlalarimiz hujralarda shu kitobni o'qishgan. Unda din, nafs va umuman dunyo bilan bo'ladigan aloqalarimizning barcha odoblari bayon etilgan.
Anvarjon o'sha kungi chiqishida “Shamoili Muhammadiy” kabi yana bir nechta diniy va axloq-odobga oid kitoblarni o'z qavmiga tavsiya qilarkan: yangi yilda mana shu men aytgan kitoblarni albatta o'qib chiqinglar, deb tayinladi.
Namoz tugab, hamma tarqagach, Qirg'izistondan kelgan mehmonlarga qo'shib bizni ham masjid hujrasiga taklif qildi. Xonaga kirib, duoi fotihadan so'ng shunday dedi: “Attang, boya ma'vizada bir gapni aytish yodimdan ko'tarilibdi. Bayram hamma zamonda bo'lgan. Ammo u axloq-odob doirasida bo'lishi kerak. Alisher Navoiy bir g'azalida do'stlar diydorini ko'rish har kuni bayram, har lahza Navro'z ekanini tasvirlaydi. Mana o'sha g'azaldan bir bayt:
Ko'yunga har kun borib, har dam ko'ray derman seni,
Menga har kun bayramu har lahza navro'ze kerak.
* * *
Anvar Tursunov yoshligidan ilm istadi. Alisher Navoiyning ijodiga o'quvchilik paytlaridan shaydo bo'ldi. O'zining aytishicha, biron marta bo'lsin ko'chadan uyga ust-boshini chang-tuproqqa belab kirmagan. Qo'lidan esa Navoiyning devoni tushmagan.
Rahmatli Omonulla Madayev bir suhbatda shunday degan edi: “80-yillar boshida bo'lsa kerak, universitetda Subutoy Dolimov rahbarligida arab yozuvini o'rganish bo'yicha to'garak tashkil etildi. Anvarjon o'sha to'garakda domlaning yordamchisi bo'lgan. Uning Alisher Navoiy ijodidan yozgan kurs ishini ko'rgan professor Aziz Qayumov hali talaba ekaniga qaramay muzeyga ishga olmoqchi bo'lgan. Bilasizlar, mazkur muzey qo'lyozmalarga to'la edi. Hozir ham shunday”.
Demak, Anvar Tursunov arab yozuvini ilgaritdan, balki bolaligidan boshlab bilgandir. Chunki ham ota, ham ona tomonidan buvilarining og'izlarida ilmi bo'lgan. Din arkonlarini o'sha buvilaridan o'rganganini bir suhbatida Anvarjonning o'zi aytadi.
Ma'lumki, O'zbekiston televideniesi 90-yillar oxirida “Hidoyat sari” ko'rsatuvini tashkil etdi. Anvarjon ayni shu ko'rsatuvda uzukka qo'ygan ko'zdek porladi, ijodi baland pardalarga ko'tarildi. Bir diniy ulamo, adabiyotchi olim, ma'rifat jarchisi o'laroq elga tanildi. Mazkur ko'rsatuvni xalq intiqlik bilan kutadigan bo'ldi. Mening nazarimda aynan shu ko'rsatuvda chiqishlar qilish, mavzularning xilma-xilligi, ularga tayyorgarlik ko'rish jarayoni ham Anvarjonni Islom ma'rifati bilimdoni sifatida yanada tobladi.
O'sha ko'rsatuvning muharrirlaridan bo'lgan Ikromjon Choriyevning so'zlariga ko'ra Anvar qori Tursunov har qanday mavzu yuzasidan muloqotga doim tayyor bo'lgan. Fikrining tiniqligi, so'zlarning dona-dona va to'g'ri talaffuzi, gap orasida keltiriladigan rivoyatlar, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab g'azallaridan keltirilgan mavzu talab iqtiboslar ko'rsatuvning saviyasini yanada yuqori ko'targan.
Anvarjon o'z ma'vizalarida buyuk alloma, turkiy xalqlarning faxri, “Tarixi Muhammadiy”, “Turkiston qayg'usi” kabi mumtoz asarlarning muallifi Alixonto'ra Sog'uniyni ko'p tilga olardi. Uning Sharqiy Turkistonda ko'rsatgan jasoratlari haqida so'zlarkan, insonni sevish, dinni e'zozlash, xalqni qadrlashni Sog'uniy domladan o'rganish kerak deya ko'zlaridan yosh chiqardi.
Kamina uzoq yillardan buyon Alixonto'ra Sog'uniy hayoti va faoliyati bilan qiziqib kelaman. 2014 yili “Sog'uniy sog'inchi” nomida kichik bir kitobim chop etildi. Mazkur kitob haqida matbuotda biron bir satr bo'lsin so'z aytilmadi. Balki yozganlarim o'quvchilar ko'ngliga o'tirmagandir, deb yurgan kunlarim Anvarjon bilan bir ma'rakada uchrashib qoldik. Gap orasida kitobimni olgani va o'qib chiqqanini, hatto masjid qavmiga ham o'qishni tavsiya etganini aytdi. Bungacha Anvarjonning “Minor” masjidida o'tgan juma namozi ma'vizasida kitob haqida yaxshi gaplar deganidan xabardor edim. E'tibor bergani uchun rahmat deb, Sog'uniy hazratlari haqida yangi kitob yozayotganimni ham bildirdim. Keyin esa har ko'rishganimizda kitobni qachon yozib bo'lishimni so'rar, kitobda kelishi mumkin bo'lgan diniy masalalar yuzasidan maslahatlar berardi. Hatto kitobning bir-ikki bobini o'qib, zarur tuzatishlar ham qildi. Ammo “Sog'uniy” kitobi nashrdan chiqishiga biroz muddat qolganda men uchun juda ham aziz bo'lgan Anvarjon olamdan o'tib qoldi…
Bu mashhur ulamoning hayot yo'li bir tekis kechmadi. Bu haqda yana yozilar. Avvalo, Ollohning irodasi, qolaversa, mehrobdan chiqib har tomonga qochgan va el o'rtasidagi obro'-e'tiborini ko'rolmagan, tuhmatlar qilgan chayonlar ham uning umrini qisqartirdi… Mevali daraxtga tosh otiladi, deb xalq bekorga aytmas ekan. U ayni shig'il hosilga kirgan paytida bu yorug' dunyoni tark etdi. Bundan albatta o'kinamiz. Ammo Anvarjon bu hayoti dunyoda shunday bir ulug' maqsadning amalga oshishiga hissa qo'shdiki, ilohim, ikki dunyo saodatiga erishgan bo'lsin!..
Masjidlarda imomlik, O'zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar imom xatibi lavozimlari, “Hidoyat sari” ko'rsatuvini olib borishdek mas'uliyatli vazifalargacha Anvar Tursunov O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Tarjima va adabiy aloqalar” bo'limida xizmat qilardi. O'shanda 1989 yil edi. Bo'lim maslahatchisi Anvar Tursunov Qur'oni Karimni o'zbek tiliga tarjima qilish haqida uyushma rahbariyatiga taklif kiritadi.
Ungacha esa…
Katta qizim Malika 1976 yilda tug'ilgan. Ayolimning yuragi zaif bo'lgani bois doktorlar sun'iy to'lg'oq tutdirib, chaqaloqni yetti oyligida tug'dirib olishdi. Ona-bolaga Toshkentda qaraydigan odam bo'lmagani uchun ularni Qorasuv shahridagi ota eshigiga olib bordim. Bir kuni telegramma keldi. Hali qirqi chiqmagan chaqaloqning bo'yniga bir yara chiqib, kasalxonaga tushib qolibdi. Xabarni eshitiboq yo'lga chiqdim. Qizimni operatsiyaga olib kirib ketishayotgan paytda kasalxonaga yetdim. Bolamning taqdiridan xavotirda o'zimni qo'yarga joy topolmasdim. Kechagina tug'ilgan buvakka bu dard qayoqdan ilashdi ekan, deb o'ylab, farzandimga yuragim achishardi. O'sha kunlarni eslasam hozir ham etim uvushadi.
Xullas, kasalxonada turishga sabrim yetmadi. Tashqariga chiqdim. Mushtdekkina, hali tirnoqlari qotmagan, yig'lashni ham bilmay, big'illab yotgan norasida qizginamning surati nigohimda qotib qolgan edi. Har qadam tashlaganda o'sha suratni bosib borayotgandek bo'laverdim. O'zim bilmagan holda kasalxona qarshisidagi boqqa kirib qolibman. Bir payt:
— O'tiring! – degan ovozdan hushimga keldim.
Qarshimda o'rta bo'y, to'ladan kelgan, sochlari silliq taralgan bir yigit chig'anog'imdan ushlab, yonidagi o'rindiqqa o'tirishimni aytdi.
— Tinchlikmi, mehmon! Xayolingiz qochgan ko'rinadi. Nima gap bo'ldi?
Mening esa ha deganda tilim kalimaga kelmas, unga tikilgancha jim turardim.
— Kelishingizdan kasalxonadan chiqdingiz shekilli, biron yaqiningiz yotibdimi?..
Nihoyat, o'zimga keldim. Qizimni operatsiyaga olib kirib ketishganini aytdim.
— Xudo yo'lini ochsin, — dedi notanish yigit. – Siqilmang, doktorlarimiz tajribali, qo'li yengil kishilar. Eson-omon chiqadi.
— Aytganingiz kelsin! Kechirasiz, sizni bezovta qildim…
— Yo'q-yo'q. Hech xijolat tortmang, — dedi muloyim kulib hamsuhbatim. — Bir do'stimni kutib o'tirgan edim. Yerdan boshimni ko'tarsam, qarshimda turibsiz. Ko'rinishingizdan bu yerlik emasligingizni sezdim. Avvaliga mehmon ekan, qayoqqa yurishni bilmay turibdi, deb o'yladim. Ammo sal bo'lmasa yiqilib ketishingizni ko'rib, qo'lingizdan tutdim. Ha, bolang azob chekib tursa, tinch o'tirolmaysan odam. Halak qilib qo'yadi. Boshimdan o'tgan. O'zingiz qaerliksiz?
— Asli suzoqlikman. Shu yerdan uylanganman. Toshkentda istiqomat qilamiz.
— Xizmat qaerda?
— “Qishloq haqiqati” gazetasida muxbirman. Ismim Yoqubjon.
— E, shundan gapirmaysizmi oldinroq. She'rlaringizni “Yoshlik” almanaxida o'qiganmiz. Hozir kutib o'tirganim do'stim ham adabiyotga juda ishqiboz. Men ham uncha-muncha she'r yozib turaman. Farg'ona pedagogika institutini tamomlaganman. Nasiba Qorasuvda ekan. Shahardagi maktabda o'zbek tili va adabiyotidan dars beraman. Ismim Yo'ldoshali.
Yangi tanishim so'zini tugatmay yonimizga sochlari jingala, istarasi issiq yosh bir yigit kelib salom berdi.
O'sha yigit Alouddin Mansur edi… Bu endi boshqa bir hikoya.
Shu tobda Alouddinni eslashdan murod 1989 yilda Anvar qori bosh qo'shgan muborak ishning tafsilotlariga to'xtash edi.
Shayx Alouddin Mansur bilan toshkentlik ijodkorlarning dastlabki o'zaro muloqotlari, qizg'in suhbatlari qachon va qaerda boshlangani yodimda yo'q. Bu uchrashuvlar nazarimda azaldan borday tuyulaveradi, menga. U insonning Toshkentga kelishi bir do'stimiz aytganidek, ma'rifat bayrami edi. Alouddin Mansurning bir safar Toshkentga kelib, bizni Yangiyo'l tumanidagi shogirdining uyiga taklif qilganini yaxshi eslayman. O'shanda biz u yerga Emin Usmonov, Mashrab Boboyev (ikkala ustozni ham Olloh rahmat qilsin) va yana bir necha kishi borgan edik. Agar xotiram pand bermagan bo'lsa, Anvar Tursunovni ana o'sha yangiyo'llik shogirdning uyida ko'rgan edim.
Alouddin maktabni bitirgach, Marg'ilonda, diniy ta'limning hujra usuli asoschilaridan biri Hakimjon qori dadaning qo'lida saboq oladi. U Qori dadaning eng ilg'or, xos shogirdlaridan biri bo'lgan. Hakimjon qori tashkil etgan hujralarda esa butun O'rta Osiyodan kelgan talabalar o'qigan. Alouddin Mansurning nafaqat Toshkentda, shuningdek, boshqa shahar va qishloqlarda ham yoshligidanoq tanish-qadrdonlari ko'p bo'lgani shundan. Qalblarida muqaddas dinimizga nisbatan mehr-muhabbat kuchli yongan odamlarni Ollohning o'zi shunday birbirlariga yaqin qilib qo'yarkan. Bu yaqinlikdan esa kim bahra oladi, kim esa bizlarga o'xshab daryo bo'yida turib suvni ko'rmay o'tadi… Bu ham Ollohdan!
Xullas, Alouddin bilan Anvarjonning uzoq yillar naridan ustoz-shogird mavqeida bordi-keldisi bo'lgan. Shundan aytamanki, 1989 yilda Anvarjon O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Tarjima va adabiy aloqalar” bo'limi boshqaruvini olib borar ekan, uyushma rahbariyatiga Qur'oni Karimni o'zbek tiliga tarjima qilish haqidagi taklifi bejiz emasdi. Albatta, buning sabablari bor. Birinchidan, Anvarjonning o'zi hofizi Qur'on edi. Ikkinchidan, Alouddin Mansur bilan qachon bir muloqotda bo'lmasin suhbatlari har doim Kalomi Sharif ustida kechgan. Ustoz va shogird bu buyuk Mo''jizani xalqimizga o'z tilida yetkazishdek ulug' vazifa yuzasidan o'zaro ko'p marta fikrlashishgan. Uchinchidan, bu ish, ya'ni Qur'oni Karim tarjimasini amalga oshirish aynan o'zi faoliyat yuritayotgan bo'lim zimmasida ekanini his qilgan (Xudoyim-ey, zimmalarida qanday ulug' vazifalar borligini o'zlari bilgan holda sezib sezmaganga, ko'rib ko'rmaganga olgan qancha-qancha odamlar dunyodan o'tdi va o'tyapmiz. Ollohning buyruqlarini anglab yetgan va ularni bajo etishda shijoat ko'rsatgan bandalardan bo'lish qanchalik sharaf!).
Qur'oni Karimni o'zbek tiliga tarjima qilish xususidagi taklif albatta dastlabki va muhim qadam bo'ldi. Ammo yechilishi zarur muammolar, bajarilishi kerak ishlar hali bisyor edi. Bu muammolar va ishlarni bajargan zotlar haqida ham hali ko'p gapiriladi. Ular orasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining o'sha paytdagi rahbari, O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov, O'zbekiston Musulmonlari idorasining o'sha paytdagi raisi, muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Sharq Yulduzi” jurnalining o'sha davrdagi bosh muharriri, O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov, yozuvchi Omon Muxtor, taniqli adabiyotshunoslar Ozod Sharafiddinov, Alibek Rustamov va boshqa biz bilgan-bilmagan, mazkur savobli ishga o'z zimmalaridagi mas'uliyatni his qilgan holda hissa qo'shgan odamlar bor ediki, eslab o'tish joiz. Ular haqida ham xotiralar yozilyapti, bundan keyin ham ko'p-ko'p yoziladi. To abad Qur'oni Karimning tilimizga tarjimasi, tafsirlari haqida gap ketsa o'sha odamlar albatta yodga olinadi. Balki ularning boshqa ishlari xalqning yodidan ko'tarilar, ammo dinimiz yo'lida qilgan ulug' xizmatlari unutilmaydi. Jumladan, Anvarjonning ham.
Taklif ma'qullangach, Anvar Tursunovning ishlari yanada ko'paydi. Alouddin Mansur Qur'oni Karimning tarjimasini 23 oy deganda tugatdi. Shu vaqt mobaynida (1990-1992yy.) Qur'oni karim “Sharq Yulduzi” jurnalida o'zbek tilida uzluksiz berib borildi. Anvarjon ham tarjimonning vakili sifatida har oy Qorasuvga qatnadi. Oyatlarning har bir jumlasi, harfi uning nazoratida bo'ldi. U paytlarda bugungidek elektron xabarchilar yo'q edi. Barcha ishlar qo'lda, sahifama-sahifa nazardan o'tkazilar edi. Har oy Kitobning nashrga tayyorlanayotgan sahifalari o'qish uchun tarjimonga olib boriladi. Biron bir imloviy xato bo'lsa bordir, ammo tarjima qilingan so'zlarning hatto sinonim so'zlar bilan almashtirilishi yoki boshqa tahrirlar haqida so'z ham bo'lishi mumkin emasdi.
Alouddin Mansur hazratlari o'zining bir suhbatida: “Kitobning jurnalda nashr etilish jarayonida tahrirlarga men qattiq turdimmi yoki Anvarjonmi bilmadim. Ammo boshqa muharrirlar ham bizni yaxshi tushunishdi. Tarjimaning biron harfi ham o'zgarmasdan chop etildi. Bunda Anvarjonning xizmati katta”, deb uning din yo'lidagi mehnatlariga yuksak baho bergan edi.
Har oy yoki har hafta Qorasuvga borish Anvarjonning joni dili edi. Qur'oni Karim tarjimasi bitilgan qo'lyozmani tahririyatga muntazam yetkazib turdi. Nashrga tayyorini esa Qorasuvga, Alouddin Mansur hazratlarining huzuriga olib bordi. Shu tariqa ikki yil deganda tarjima ham, uni jurnalda chop etish ham nihoyasiga yetdi. O'zbek xalqi buyuk bir madaniy merosni qo'lga kiritdi.
Toshkentda bo'lib o'tgan “O'zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessansning poydevori” xalqaro koferensiyasi haqidagi ko'rsatuvni ko'rib o'tirib, Anvar qori Tursunov haqida yuqoridagi xotiralar xayolimdan o'tdi.
Yoqubjon XO'JAMBERDIYEV.
