Birni ko'rib fikr qil…
Yaqinda gazetalardan birida Mozambik davlatida ocharchilik tufayli odamlar noilojlikdan dala sichqonlari va kalamushlar go'shtini iste'mol qilishayotgani haqidagi maqolani o'qib qoldim. Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va turli nashrlarda shunga o'xshagan yoqimsiz xabarlar tez-tez berilayapti va bularni o'qib, kayfiyatingiz buzilishi tabiiy. Ayniqsa, Afrika qit'asidagi ba'zi davlatlarda ochlik, qahatchilik, qurg'oqchilikdan qiynalib, bir burda non, hatto oddiy ichimlik suviga zor insonlarning ayanchli ahvoli bir zum ko'z oldingizdan o'tar ekan, o'tgan kuningizga ming bora shukronalar aytasiz.
Biz – pedagoglar asosan, yoshlar bilan ishlaymiz, har kuni ular bilan muloqotda bo'lamiz. Aksariyati kechagina maktab partasidan oliy o'quv yurti auditoriyasiga kirib kelgan, ancha g'o'r, hali past-balandni bilmaydi, hayot tajribasi ham yo'q o'smirlar. Yoshlarga saboq berish barobarida, ota-ona, kattalarga hurmatda bo'lish, o'tgan kunini unutmaslik, g'animat kunlarning qadriga yetish haqida ham tarbiyaviy darslar o'tamiz. Biz – katta avlod vakillarining yoshlarga bilim va tarbiya berish borasidagi birmuncha ustunlik tomonimiz shundaki, mamlakatimiz mustaqilligigacha bo'lgan davr bilan hozirgi davrni qiyoslagan holda, ularga ayni vaqtlarda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda kechayotgan chuqur islohotlar va ular qanday natijalar berayotganini jonli misollar bilan tushuntirib beramiz.
Keyingi yillarda davlat va millatning kelajagi bo'lgan yoshlarning yashashi, o'qishi, mehnat qilishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni bir ko'z oldimizga keltirib ko'raylik. Jonli bir misol – maktabni kechagina bitirgan yoshlardan ba'zilari nufuzli tanlovlarda qatnashib, bir necha xorijiy oliy o'quv yurtlarining talabasi bo'lishga ulgurishdi.
Joriy yilda yurtimizda 182 ming nafar yosh talabalikka qabul qilindi. Bu umumiy qamrov 28 foizga yetkazildi degani. Bundan to'rt yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etar edi. Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko'paytirildi. Ehtiyojmand oilalarga mansub ikki ming nafar qizga oliy o'quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratildi. Oxirgi to'rt yilda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 60 foizga yetdi.
Yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi g'oya va tashabbuslarini ro'yobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. So'nggi to'rt yilda 30 yoshgacha bo'lgan tadbirkorlar soni besh barobarga ko'paydi. Masalan, joriy yilda 92 mingdan ziyod yoshga tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu yilning o'zida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit va qizlarning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so'm mablag' ajratildi. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan farzandlarining 2021 – 2022 o'quv yilidagi kontrakt puli birinchi o'quv yilida davlat byudjeti hisobidan to'lab beriladigan bo'ldi.
Davlatimiz rahbari yaqinda tadbirkorlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqotida joylarda yosh tadbirkorlarga samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berish haqida yana bir ta'kidlab o'tdi.
Yoki televidenie dasturlarini kuzatib borayotganlar deyarli har kuni viloyat, tumanlarda yoshlarga yer berilayotgani, ishsizlar ish bilan ta'minlanayotganliklari haqida yangi ma'lumotlarga ega bo'layaptilar. Joriy yildan qishloq yoshlari uchun o'n sotixdan bir gektargacha yer maydoni ajratish boshlandi. Yana bir muhim jihat – millionlab so'mlarga baholanib, mamlakatimizga investitsiya bo'lib kirayotgan yangi loyihlarni hayotga tatbiq etishda keng aholi qatlamlari bilan birga, yoshlarni keng jalb qilinayotganidan ham behad xursand bo'lasiz. Xolisona ayting-chi, ilgari yoshlar uchun hozirgidek qulay imkoniyatlar bormidi? Ochig'ini aytganda, ular uchun bu – orzu edi.
Davr, zamon tezlashib ketdi. Zamonga moslashib, davr shiddatiga hamohang bo'lmagan har bir kasb egasi hayotdan orqada qolishi tabiiy, qolaversa, ishida unum ham bo'lmaydi. Hozir rizq, qut-baraka turli sabablarni ro'kach qilib bahona qidirganlarga emas, vaziyatni hisobga olib, shart-sharoitni birgalikda yaratib, yo'qdan bor qilayotganlarga nasib qilayapti.
Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda o'qish, mehnat qilish uchun imkoniyatlar eshigi ochilgan bir davrda yashayapmiz. Istasangiz o'qing, tadbirkorlik bilan shug'ullaning, quring, yarating.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan orden, medal, mukofotga sazovor bo'lgan, shuningdek, “O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar orasida yoshlarning ko'pchilikni tashkil etganligi ham quvonarli hol, albatta. Bu – yoshlar, ya'ni mamlakatimizning buyuk kelajagiga e'tibor, degani.
Shu o'rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o'tgan hafta – 31 avgust oqshomida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytgan so'zlari ham kelajagimiz bunyodkorlariga katta ishonch bildirayotganidan dalolatdir. Yurtboshimizning nutqida yoshlarga qarata, jumladan, mana shunday so'zlar aytiladi: “Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho'qqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz! Yuksak g'ayrat-shijoatingiz va fidokorona mehnatingiz bilan yurtimizda yangi O'zbekistonni – uchinchi Renessansni bunyod etishga albatta qodir bo'lasiz! Hech qachon bo'sh kelmang, aziz farzandlarim!”
Ha, bugungi yoshlarga havas qilsak arziydi!
Yusuf HAMDAMOV,
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston
Milliy universiteti dotsenti.