Har qanday holatda ham kasb odobi va mas'uliyatni unutmaslik lozim

Inson manfaatlari, huquq va erkinlik­lari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatning muhim sharti so'z va axborot erkinligidir. Biroq bu jurnalist yoki bloger ko'ngliga kelgan ishni qilaveradi, yozaveradi, degani emas.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan bir videoni ko'rib (https://t.me/muxbir1/12126) (biz mazkur vaziyatda ayolni, uning qilmishini oqlamoqchi yoxud muhokama qilmoqchi emasmiz) qator savollar tug'ildi: mikrofon ko'targan “muxbir” yalang'och holatdagi ayolni kamera qarshisida so'roqqa tutishi qaysi mezonga mos keladi? Sud tomonidan hali aybdorligi isbotlanmagan ayolni be­hayolikda, yengiltabiatlikda ayblash jurnalist kasb odobi va qonun talablariga nechog'li muvofiq? Qolaversa, “muxbir” o'zganing mulki hisoblangan uyga bostirib  kirishga, bunday holatda so'roqqa tutishga, tasvirga olishga haqlimi? O'zi savol berayotganidek, uning farzandlari, yaqinlari  sha'ni va qadr-qimmatini unutmadimikan?..

Shuni qat'iy qayd etamizki, jurnalistning jamiyat oldidagi mas'uliyati, kasb odobi,  faoliyat talablari, eng muhimi, mavjud qonun-qoidalar bor va jurnalist buni unutishga haqli emas. Xususan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida qayd etilganidek, “O'z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog'ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart”.

O'zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi  kodeksida  belgilab qo'yilganidek, “Jurnalist … o'z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan (qo'rqitish, ta'magirlik, tovlamachilik, ig'vogarlik, mukofot va'da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek, o'z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo'lida foydalanmaydi”.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi  jurnalist va blogerlarni milliy va xalqaro qonunchilik, O'zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksiga rioya etishga, kim bo'lishidan qat'i nazar, shaxsning sha'ni va huquqlarini poymol  qilmaslikka, fahsh, zo'ravonlik va inson ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi illatlardan saqlanishga  chaqiradi.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Boshqaruvi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 7 =