5 ning 30 mo''jizasi
Yaqinda Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
Oliy Majlis Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Konrad Adenauer nomidagi fond tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda 18 davlatdan vakillar qatnashdi. Dunyo hamjamiyatining katta rag'bati va e'tirofiga sazovor bo'lgan Toshkent shahrida joriy yilning 15-16 iyul kunlari o'tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro nufuzli konferensiyadan so'ng tashkil etilgan bu anjuman Prezidentimiz tomonidan ikki mintaqa taraqqiyotiga yo'naltirilgan geostrategik tashabbuslari o'z vaqtida, dolzarb va juda ahamiyatli bo'lganini yaqqol tasdiqladi.
Konferensiyada davlat tizimidagi amaldorlar emas, mintaqalararo strategik tadqiqotlar bilan shug'ullanayotgan ilmiy doiralarning tajribali ekspertlari, nodavlat tashkilotlarning vakillari so'zga chiqib, masalalar yechimi bo'yicha O'zbekiston liderining tashabbuslariga yuksak baho berdilar, xolis va adolatli munosabatlarini bildirdilar. Ayniqsa, Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Xalid Taymur Akram, “Vivekananda xalqaro fondi” tahliliy markazi eksperti, hindistonlik Skand Randjan Tayalning masalaga tahliliy yondashuvlariga, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya va Singapurdan turib, O'zbekiston tashabbuslari faol qo'llab-quvvatlanayotganiga guvoh bo'ldik.
Prezidentimizning “Yangi O'zbekiston” gazetasiga bergan intervyusi, mamlakatimiz bosib o'tgan besh yillik tarixning lo'nda va tushunarli sarhisobi qizg'in o'qib-o'rganilayotgan pallada bizdan tashqarida turib O'zbekiston sha'niga bildirilayotgan yuqoridagi kabi e'tiroflarni eshitish, albatta, faraxli.
Umuman olganda, davlat Mustaqilligining 30 yilligi bayramini xalqimiz yorug' yuz, yaxshi kayfiyat bilan kutib olmoqda. Intervyuda haqli ta'kidlandi, biz o'zgardik, jamiyat o'zgardi. O'zgarganda ham mohiyatan tub yangilanishlarning guvohi bo'lib turibmiz. Sa'y-harakatlar natijalarini o'z ko'zimiz bilan ko'rib turibmiz. Demokratik yangilanishlar ijtimoiy hayotimizni mazmunli qilmoqda. Ochiqlik, shaffoflik me'yorga aylanmoqda. E'tibor berilsa, intervyuda amalga oshirilgan islohiy o'zgarishlar soni o'ttizdan ortiq. Ochiq e'tirof etish adolatdan bo'ladiki, ayrim o'zgarishlarni xalqimiz mo''jizaday kutib oldi. Nafsilambirini aytganda esa o'tgan besh yilni kunma-kun tahlil qilinsayam biror kun beiz ketmaganiga guvoh bo'lamiz. Intervyu, shuningdek, o'quvchiga kuchli rag'bat beruvchi, har bir insonda bor salohiyatni namoyon etishga ishtiyoq uyg'otuvchi, har bir so'z va ibora yurtga, Vatanga mehr va sadoqatni amalda baxsh etishga undaydi. Shu o'rinda men mamlakatimizda tashqi siyosat borasida, xususan, yaqin qo'shnichilik munosabatlarida erishilgan misli ko'rilmagan natijalarga to'xtalgim keladi.
Prezidentimiz davlat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlardan O'zbekiston tashqi siyosatida butunlay yangi sahifalar ochildi. Rahbarimiz diplomatiyaning rasmiy qoliplariga emas, tarixiy haqiqatga, qadriyat darajasiga ko'tarilgan o'zbekona ochiq chehralik, samimiyatga asoslangan, konstruktiv sheriklikka qaratilgan munosabatlarni qaror toptirdi.
Mamlakatimiz Markaziy Osiyoning qoq o'rtasida joylashgani va yaqin qo'shni davlatlar bilan to'g'ridan-to'g'ri qo'shni-qardoshligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mintaqaning markazida qulay jo'g'rofiy joylashuv xalqimizni qadimdan qo'ni-qo'shnilar bilan ahil va hamjihat yashashga odatlantirgan. O'zaro savdo-sotiq, bordi-keldi munosabatlari tili yaqin, dini bitta, urf-odatlari deyarli bir xil xalqlar o'zaro tinch-totuv yashagan.
Masalan, o'tgan asrning 70-80 yillarida, eslayman, Namangan viloyatining shimolida qo'shni Qirg'iziston bilan ramziy chegara bo'lar, qo'shnilar yaylovlarda yetishtirgan qaymog'u sariyog'ini, ortiqcha qo'y-qo'zisini Chortoq, Yangiqo'rg'on, Chust, Kosonsoydagi, ayniqsa, Namangandagi bozorlarga keltirar, topgan puliga etik-maxsi, ro'zg'origa zarur ashyolarni yurtimiz hunarmandlaridan sotib olib, do'st-jo'ralar bilan choyxo'rliklar qilib qaytishardi. Suv resurslari taqsimotida ham adolat qat'iy amal qilar edi.
Mustaqillik yillarining boshlarida bir muddat saqlanib turgan ana shunday samimiy munosabatlarga “ko'z tegdi”. Jumladan yurtimizda, qo'shni davlatlarda ham turli kuchlarning bosh ko'tarishi, tinch ijtimoiy hayotga rahna solishga urinishlar oqibatida chegaralar yopildi, nazorat kuchaydi. Oradan yillar o'tdi. Mamlakatimizda va jumladan, qo'shnilarda ham tinchlik-osoyishtalik mustahkam qaror topdi. Biroq chegaralarda vaziyat yumshamadi. Aksincha bunday joylarda to'rachilik avj oldi, korrupsiya kuchaydi.
Yuzaga kelgan bu holat, avvalo, davlat chegaralarining yaqinida yashaydigan aholi uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Ota-bobolar udumiga ko'ra kimdir qo'shni yurtga qiz bergan, simto'siq ortidagi boshqa bir qadrdon O'zbekistonga qiz uzatgan. Ishqilib oldingi bordi-keldilarning iloji yo'q, xalqlarimiz juda qiynalayotgan edi.
Shu o'rinda o'zim guvohi bo'lgan bir holatni qisqa bayon qilsam. 2015 yil edi. Namangan viloyatida Navro'z bayrami arafasida qo'shni Qirg'izistonda anklav sharoitida yashaydigan yaqin 100 xo'jalik atrofidagi hamyurtlarimizni yo'qlashga qaror qilindi. Ro'zg'orlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, bolajonlar uchun noz-ne'matlar, gazeta, jurnal, yangi kitoblar ortilgan mashinalar karvoni tashkil qildik. Biz o'shanda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat tashkilotlari mutasaddilari, san'atkorlardan iborat guruh yaxshi niyatlar bilan chegara postiga yetib keldik. Ro'yxatlar avvaldan berilgan, rasmiy jihatlari ko'rib chiqilgan bo'lsa-da, biz chegaradan u yog'iga o'tolmadik. O'sha davrda ikki tomonlama munosabatlar juda tarang edi. Ikki sutka kutildi, lekin chegarani ochishning iloji topilmadi. Viloyat rahbarlari, respublika idoralari aralashib ham vaziyat ijobiy tomonga o'zgarmadi. Maqsadga yetmay, noiloj ortga qaytganmiz.
Shuni mamnuniyat va zo'r qoniqish bilan qayd etish joizki, 2016 yildayoq davlat rahbarimiz mintaqada yuzaga kelgan vaziyatni yumshatishga qat'iy iroda bilan kirishdi. O'tgan besh yilda Markaziy Osiyoda o'zaro birodarlik va hurmat, samimiy qo'shnichilik munosabatlariga asoslangan strategik sheriklik tamoyillari qaror topdi.
Adolat yuzasidan tan olishimiz kerakki, bu darajadagi yaqinlikka erishish oson bo'lmadi. Bugun bo'lsa Prezidentimizning oqilona tadbirlari natijasida holat tubdan o'zgarib, qo'ni-qo'shnichilik, o'zaro bordi-keldilar joyiga qo'yilib, muammolar barham topdi.
Ta'kidlash joiz, Prezidentimiz faoliyatining bir yilga yetmagan davridayoq dadil konstruktiv va yorqin tashabbuslari bilan mintaqada ahvol tubdan o'zgardi. Uzoq yillar hal bo'lmay yotgan chegara, bordi-keldi doirasidagi muammolar yechildi. Eng muhimi, yuzaga kelgan rishtalar tili bir, dini va milliy qadriyatlari o'zaro yaqin mintaqa xalqlarining ruhiyatini ko'tardi, maqsad va muddaolari ro'yobga chiqishiga mustahkam ishonchni uyg'otdi, umidbash tendensiyalarga asos solindi. Mintaqa uchun global hisoblangan Orol halokatini bartaraf etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha hamjihat choralar ko'rila boshlandi.
Prezidentimizning do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslari, masalan, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi barcha xalqlar manfaatlariga xizmat qilishi bilan juda ahamiyatlidir. Bu yuqorida ta'kidlaganimizdek, avvalo, mintaqalar va ularda yashovchi xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi, o'zaro ishonchni hamda hamjihatlikni mustahkamladi. Ikkinchidan, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan masalalar mohiyatan strategik sheriklar uchun ham nihoyatda ahamiyatli ekanini davrning o'zi ko'rsatib turibdi. Strategik hamkorlik shu ma'noda dolzarb ahamiyat kasb etishidan kelib chiqib, hamjihatlikdagi kelishuvlar ijrosi muqarrar amalga oshadi. Uchinchidan, xalqaro masalalar doirasida O'zbekiston taklif qilayotgan tashabbuslar va yechimlar tinchlik-osoyishtalik barqarorligiga xizmat qiladi.
Biz o'z mulohazalarimizga “5 ning 30 mo''jizasi” deb ramziy sarlavha qo'ydik. Bu Yurtboshimizning davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga 5 yil bo'layotgani va Ona Vatanimiz Mustaqilligiga 30 yil to'lganiga ishora. Aslida esa ana shu o'tgan besh yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida yuzlab chinakam mo''jizalar amalga oshirildi. Bu mo''jizalar esa jasorat va sobitlik bilan el-yurtimiz uchun ro'yobga chiqarilayotgan yorug' mujdalardir.
Mahmudjon PARPIYEV,
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi o'rinbosari.