NONIMIZ HAM, SO'ZIMIZ HAM HALOL BO'LIShI KERAK

Bugun yurtimizda so'z va matbuot erkinligiga alohida e'tibor qaratilayotgani, ochiqlik va shaffoflik siyosati yuritilayotgani sir emas. Shu sababdan ham nafaqat har bir jurnalist, kerak bo'lsa, har bir yurtdoshimiz o'z fikr-mulohazasini OAVda bemalol, hech qanday moneliksiz bildirmoqda. Chunki matbuot erkin minbardir.

Ammo so'z va matbuot erkinligidan foydalanish ham so'zsiz qonun doirasida bo'lishini taqozo etadi.
Bir oyn avval kasb bayramimiz kuni Prezidentimiz farmonlariga binoan o'nlab jurnalistlarga Davlat mukofotlari topshirildi, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g'oliblari ham taqdirlanib, respublikamizdagi yuzlab kasbdoshlarimiz mehnati rag'batlantirildi. Davlat rahbarining jurnalistlarga bo'lgan bunday munosabati va yuksak g'amxo'rligini, ochig'i, hamma mamlakatlarda ham ko'ravermaysiz. Qolaversa, kasbdoshlarimiz orasida fidoyi, faol fuqarolik pozitsiyaga ega, yurtsevar jurnalislarni ko'rib, g'ururlanamiz. Afsuski, gohida…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'z tabrigida quyidagilarni qayd etdi: “Aminmanki, mazkur sohada yillar davomida erishilgan eng yaxshi yutuq va an'analarni saqlab qolish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga qat'iy rioya qilish, fuqaroning sha'ni va g'ururi, uning o'z mustaqil fik­riga ega bo'lish huquqini hurmat qilish, yuksak professional mahorat sizlar uchun doimo asosiy faoliyat mezoni bo'lib qoladi”.
Ha, xolislik va haqqoniylik prinsiplari… Bular jurnalist uchun eng zarur jihat. Lekin gohida aynan shu muhim jihat kasbdoshlarimizga yetishmayotganini kuzatib ranjiymiz. Mana, yaqinda “Bugun.uz”, “Effect.uz” nashrlarida Farg'ona viloyati hokimiga oid xabar taxminlarga, ko'chaning gapiga tayanib asossiz tarzda tarqatilgani muhokamalar markazida bo'ldi. Ayrimlar, “tarqalgan xabarlarga tegishlicha raddiya berildi-ku” deyishi mumkin. Albatta, haqiqat egiladi, lekin sinmaydi. Biroq internet imkoniyati shu qadar cheksizki, allaqachon mamlakatimiz katta viloyatining rahbari haqida noxolis xabar qanot qoqib, dunyo bo'ylab tarqalishga ulgurdi. Adliya vazirligi axborot xizmati tomonidan shu voqeaga oid tarqatilgan eslatmada “Keyinchalik raddiyalar berish orqali esa, na dastlabki qonunchilikning buzilish holatini yo'qqa chiqara olish mumkin, na keltirilgan ma'naviy ziyonning o'rni qoplanadi” deb juda to'g'ri bayon etilgan. Bu holatda nafaqat, alohida shaxsning (ayni holatda viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning) sha'niga, balki mamlakatda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ulkan islohotlar siyosatining reytingiga putur yetkazilishi mumkinligini mazkur nashrlar mas'ullari qay darajada anglaydi? Mana shunday noprofessional, huquqiy bilimga ega bo'lmaganlar sharafli kasbimizga dog' tushirilishlari alam qiladi.
Holbuki, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida o'rnatilgan tartibga ko'ra, “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi”. Yuqorida tilga olingan nashrlar aynan shu va yana qator qonunlarda belgilab qo'yilgan huquqiy mezonni qo'pol ravishda buzganlar.
Qonun talabi esa barchaga barobar bo'lishi shart. Yolg'on, tekshirilmagan va hech qanday asosga ega bo'lmagan bo'htonlarni omma e'tiboriga havola qilish, shov-shuv izidan quvish holatlari afsuski kamaymayotir. Hatto vafot etmagan taniqli insonlarni o'ldiga chiqarish, o'z xizmat vazifasini o'tab turgan rahbarlarni “ishdan ozod qilindi” qabilida xabarlar tarqatish kabi holatlar matbuot va jurnalistik kasb etikasi qoidalariga mutlaqo xilofdir. Chunki bir noxolis so'z butun bir jamiyatni chalg'itishi, adolat va haqiqatga bo'lgan IShONChdek kuchga katta zarar yetkazishi mumkin.
Qolaversa, jurnalist yoki har qanday ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o'z yolg'on xabari bilan, kimlargadir qilayotgan tuhmati bilan bir shaxsgagina emas, balki uning oilasi, yaqinlari, ishlaydigan jamoasi, mahallasi oldida nechog'lik katta ma'naviy zarar keltirishini o'ylab ko'risharmikan?
Nahotki e'lon qilinayotgan xabarni avvalo, tekshirib, surishtirib, uning rost yoki yolg'on ekanligini aniqlashtirish qonun talabi ekanligini tushunish qiyin bo'lsa?!
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi so'z va matbuot erkinligi yurtimizda ustuvor ahamiyatga molik ekanligini ta'kidlagan holda, mamlakatimizdagi har bir OAV vakili, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan avvalo, qonun talablariga amal qilish, qolaversa, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil IV konferensiyasida qabul qilingan O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi talablariga qat'iy amal qilishga chaqiradi.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − four =