Mayda pullarni izlab…
Bugungi vaqtda bozorga tushishga yuragim bezillab qoldi. Sababi betartib do'konlar yoki urib-turtib o'tadigan odamlar emas, balki to'lov qilishda vaqtni oladigan uzoq muddat xunobimni oshiradi. Barcha joyda naqd pulga ham, plastik kartaga ham savdo qilish muammo bo'lmay qolgan bo'lsa, qiyinchilik nimada deb o'ylayotgandirsiz? Haqsiz bu borada aslo qiyinchilik yo'q. Ammo qaytim qaytarishda sotuvchilar mayda pul topa olmay o'zini ham mijozni ham kuttirib qo'yayotgani faqat menda emas, barchada uchrayotgan holat.
Tangalarni hisobga olmasak, bozorlarda muomaladagi eng kam qiymatli pul birligi 1000 so'm. Biroq mana shu 1000 so'mlikni topish so'nggi vaqtda muammoga aylangan. Ayrim hollarda mayli, kerak emas deb kechib yuboramiz, biroq bu qaytarilavergach hammani ham o'ylantirishi tabiiy. Faqat bozorlarda emas do'konlarda ham bu kabi noqulayliklar vujudga kelgan. Bir kuni 1,5 litrli “Sosa-kola” olib sotuvchiga 50 ming so'mlik pul uzatdim. U 38 ming so'm emas 30 ming so'm berdi-yu, shu mayda pul izlab bir ketganicha hadeb qaytavermadi. Kuzataman u do'kondan bunisiga mayda pul so'rab kiraverib o'zi ham toza ovora bo'ldi. Meni kutganimku-ya mayli, lekin do'konidagi savdo to'xtab qolgani o'ziga ancha ziyon bo'ldi. Unga-bunga sarg'ayavergan sotuvchi qaytib keldi-da bitta 5 ming so'mlik, bitta yangi chiqqan 2 ming so'mlik berib, aka, keyingi safar surisharmiz deya yalingannamo boqardi. Bunday vaziyatga bir necha marotaba tushdim. 3-4 marta, qaytim uchun zo'rg'a topib berilgan, juda ham eskirib, sarg'ayib ketgan 1000 so'mliklar cho'ntagimning o'zida yirtilib adoyi-tamom bo'ldi. Bir-ikki tanishimga bularni aytsam 500 so'mlik singari 1000 so'mlik pullar ham asta-sekin muomaladan chiqsa kerak deyishdi. O'zimcha asosli manba qidirib internetni titkilay boshladim. Xabar.uz saytidan Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti mas'ullaridan birining bu to'g'risidagi savollarga mart oylarida olgan quyidagi javobini topdim: O'zbekistonda yaqin orada 1000 so'mlik nominaldagi banknotlar muomaladan chiqarilmaydi. 1000 so'm nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo'lgani sababli urinib qolgan.
“Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko'proq muomala jarayoniga kirishi, ya'ni qo'ldan-qo'lga o'tishi faol bo'lgani sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo'lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.
Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda.”
“Bankomatlarga 1000 so'mlik ham joylashtirilsa bo'lmaydimi?, degan savol tug'ilishi tabiiy bo'ladi. Lekin bankomatlar sig'imi cheklangani sababli ularni bir martalik to'ldirish orqali imkon qadar ko'proq aholiga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'lishi, ya'ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko'proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi. Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda, zarur hollarda bir qismini 1000 so'mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq”.
Bularni o'qib mavzudagi muammo yil boshidan buyon muhokamada ekanini bilish mumkin. Viloyatlarda bu muammo poytaxtdagidan ko'ra kuchliroq. Negaki Toshkent shaharda tangalar orqali buni ma'lum miqdorda bartaraf etish mumkin. Ammo yurtimizning hamma viloyat-tumanlariga tangalar yetib borgan deya olmaymiz. Bunday vaziyatlarda qishloq aholisiga sotuvchilar tomonidan qaytim o'rniga saqich, gugurt, konfet singari mahsulotlar qaytarilyapti. Taksi va jamoat transportlarida esa mayda pullardan voz kechishga majbur bo'lishmoqda. Vaziyatni yumshatish maqsadida 2 ming so'mlik pullar chiqarildi. Ammo negadir bu pullar ham juda ommalashganicha yo'q. Mavzuni juda ko'pirtirib yubording, deyishga oshiqayotgandirsiz. Ammo yozganlarim shaxsan o'zim guvohi bo'lgan voqeyliklarimdan. Yo'l chetida sigaret, semichka sotib o'tiradigan, ya'ni deyarli mayda pullarga savdo qiladiganlar ham mayda pul bering qaytimim yo'q deydigan bo'lib olishgan. Qitmirligim tutib bir-ikkisidan hamma topa olmasa ham sizlarda bo'ladi. Qaerdan topayapsizlar deb so'rab ko'rdim va ulardan biridan quyidagicha javob oldim: shu bozorda yuradigan tilanchi lo'lilar bilan kelishib olganmiz. Har kuni kelib bizdan mayda pullarini yiriklashtirib ketishadi. Bularni eshitib o'zimcha xayolga toldim. Demak, mayda pullarning barchasi bankomatlarning tagidayu, lo'li qizlarning kissasida ekan-da! Endi buyog'iga yuqoridagidek mayda pul izlab qolmaslik uchun bank xodimi aytganidek bankomatdan mayda pul yechishga urinaman. Balki yap-yangi ming so'mliklarni ko'rish yana nasib qilar…
K.RO'ZIMATOV.