To'qlikka sho'xlikmi?
Keyingi yillarda aholining og'irini yengil, mushkulini oson qiladigan, keng imkoniyat va qulayliklar yaratadigan texnikalar mamlakatimizga kirib keldi. Bundan barchamiz xursandmiz. Bir paytlar maosh va to'lovlar plastik kartalarga endi o'tayotgan pallalarda birmuncha qiyinchiliklarga uchraganimizni ham yoddan chiqarganimiz yo'q.
O'shanda savdo markazlarining hammasida ham terminallar o'rnatilmagandi. Plastik kartalar orqali savdo qilinganda narxlar sun'iy oshirilardi. Naqd pul zarur bo'lib qolganda esa foiz evaziga plastik kartadagi mablag'imizdan naqd pulga yechtirganimiz ham haqiqat. Savdo do'konlari 10-15, hattoki 20 foiz pulimizdan olib qolsa ham, kerak bo'lgandan keyin, baribir shunga ham xursand bo'lardik.
Ayniqsa, viloyatlardagi chekka tumanlarda yashovchi xalqimizga bu holat juda katta qiyinchiliklar tug'dirardi. Mana, keyingi yillarda yaratilgan imkoniyat va bankomatlar o'rnatilishi sharofati bilan bunday muammolar yechimini topdi. Savdo markazlari, avtobus bekatlarida va boshqa odamlar gavjum joylarda plastik kartadagi mablag'larni naqd pul qilib beradigan bankomatlar bor.
Lekin bizning bu imkoniyatlarga munosabatimiz qanday? Bu sharoitlardan qay yo'sinda foydalanyapmiz?
Afsuski, kechagi kunimiz ko'pchiligimizning yodimizdan ko'tarilganday… Bankomat o'rnatilgan qaysi joyga qaramang, oyoq ostida betartib yoyilib yotgan chek qog'ozlari tabingizni xira qiladi. Holbuki barcha bankomat oldiga cheklarni tashlash uchun maxsus idishlar qo'yilgan. Eng qizig'i, ko'pchilik bankomatdan naqd pul olayotganda “Chek bilan” degan tugmachani bosadi-da, chekni olmaydi, hatto unga qayrilib qaramaydi ham. Chek qog'ozi kerak emas ekan, nima qilasan uni chiqarib, buyam bir ortiqcha uvol ish emasmi? Tushunish qiyin, bu holni odamlar bilib-bilmay, tushunib-tushunmay qiladi desang, hammaning savodi g'ovlab ketmagandir?
Faqat o'zimizdagi kibrni yengolmaymiz. Kecha kimlargadir yalinib pulimizni naqdlashtirayotgan edik, bugun jilla qursa, nega endi biroz egilib, chekni maxsus idishga tashlamaymiz?
Buni ko'rib odam bo'lmay ket-e, deging keladi…
Kamoliddin RO'ZIMATOV,
O'zJOKU talabasi