Bir qozon suv

Bir xabar o'qib qoldim: “Toshkent shahar Olmazor tumanida yangi — “Riviera” kinoteatri ish boshladi”. Keyin esa “Riviera” so'ziga qiziqib qoldim va uning ma'nosini izlay boshladim.

Dastlab, “O'zbek tilining izohli lug'ati”ni titkilab chiqdim. Topilmadi. Boshqa bir qancha tilga, atamashunoslikka oid kitoblarni ko'rib chiqdim, bunday yangi “o'zbekcha atama” yo'q ekan. Keyin balki juda qadim turkiy so'zdir deb hatto “Devoni lug'atit turk”ni ko'zdan kechirdim, befoyda. Nima qilishni bilmay, azbaroyi qiziqishim oshgandan oshib, “Navoiy asarlarining izohli lug'ati”ga murojaat qildim. Koshki, topila qolsa… “Nega bu so'zni o'zbek tiliga oid lug'atlardan izlading?” — dersiz. Axir men xom sut emgan banda, hamon yurtimizda davlat tili uchun qayg'urilayotgani, o'zbek tili bilan bog'liq qonun, farmon, qarorlarga so'zsiz amal qilinishi, Davlat tilini rivojlantirish departamentining izchil faoliyatiga, qolaversa, millatdoshlarimning o'z ona tiliga bo'lgan muhabbatining kuchiga juda-juda ishonaman-da.

Ammo ko'p afsuski, men kutgan natija bo'lmadi. Mamlakatimizning poytaxtida yangi ochilgan kinoteatrning nomi o'zbekcha emas, balki inglizcha so'z bo'lib chiqdi. “Sohil, qirg'oq” degan ma'noni anglatarkan.

Yer sayyorasining shar shaklida ekanligi ma'lum. Lekin hali ham “Tekis yer nazariyasi”ning tarafdorlari borligi hayratlanarli, a?

Rostini aytsam, meni bundan-da ko'proq hayratlantirgan boshqa narsa, oramizda tepsa tebranmaslarning ko'pligi, beparvolarning ko'pligi.

Eng achinarlisi, matbuotda, televidenie va radioda, hatto elektron nashrlarda millat, o'zlik, ona tilining sofligini saqlash borasida uzluksiz ta'kidlab kelinayotgan bo'lsa-da, maktabda o'qituvchilar, oliy o'quv yurtlarida professorlar, turli anjumanlarda millatparvar, ma'rifatparvar faollar bu mavzularga qayta-qayta to'xtalayotgan bo'lsalar-da, ona tilimizga munosabat yana va yana ahamiyatsiz, e'tiborsiz bo'lib qolmoqda.

Ancha yillar avval maktabda o'qib yurgan kezlarim adabiyot fanidan dars bergan o'qituvchimiz aytib bergan bir hikoyatni haliyam tez-tez eslayman: “Bir kuni podshoh barcha a'yonlarini chaqirib: “Ertaga tong yorishmasdan har biringiz bir kosada sut olib kelib, saroy oldidagi katta qozonga quyasizlar”, debdi. Vazirlardan biri qurumsoq ekan, u: “Bir kosa suv olib borib qozonga solsam, podshoh bilib o'tiribdimi? Bir qozon sutning ichida mening ozgina suvim bilinmay ketadi”, degan xayol bilan tong oqargan mahal saroy oldiga kelibdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, qozonning ichida to'la suv turgan emish! Ajablanarli jihati, barcha a'yonlar qorong'ida bir-biridan bexabar qozonga suv solib ketaverishgan ekan”.

Hikoyat orqali nima demoqchi bo'lganimni anglagandirsiz. Bizning jamiyatimizda ham tilga munosabat masalasida ahvol yuqoridagi hikoyatdagiga o'xshaydi. Birgina mening nojo'ya ishim bilan hamma narsa barbod bo'lib ketmas, deb o'ylaymiz chog'i. Aslida, hamma narsaning risoladagidek bo'lishi har birimizga bog'liq ekanini sira anglamaymizmi?

Bilaman, mening ushbu yozganimga nafaqat Olmazor tumani mutasaddilari, balki Toshkent shahar hokimligidagilar ham parvo qilishmasa kerak. Chunki qonun boru amalda ijrosi yo'q-ku! Mayli, hozir bu “ne ochen vajnыy” gaplar bilan boshingizni qotirmay.

Yaxshisi ayting, “Riviera”ga kino ko'rgani qachon boramiz?

Shahzod ShODMONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =