Ozgina saviya ham kerak, o-keymi?
So'nggi vaqtlarda deyarli barcha telekanallarda odamni ma'naviy “o'stiradigan”, “zamonaviylikka yetaklaydigan” hamda bir olam “estetik zavq beradigan” reklamalar biram ko'paydiki, ko'rgan sari “dilingiz yayrab”, asablaringiz “tinchlanadi”.
Ha, nimasini aytasiz, ishtaha bilan dasturxonga endi kelganingizda bolajonlarimiz uchun tagliklar reklamasi juda “o'rinli” da. Undan ham a'losi sovun va shampunlarniki. Ularning qanday ta'sirga ega ekanligini o'zlari erinmay, dushda turgan holatda ko'rsatib berishlari-chi, baraka topkurlar. “Fidoyilik” bo'lsa shunchalik bo'lar. Ajnabiy raqsga tushadigan bir qizning reklamasi bor edi. Bizga juda “foyda” qilgandi. Sababi, ekranda shu reklama ko'rinishi bilan uyimizdagi hamma qandaydir ishga “sho'ng'ib” ketardi.
Shu desangiz, bir jo'yali takliflarimiz ham yo'q emas. Telekanallarimiz safiga yana bitta kanal qo'shsak-da, nomini “Ichimliklar” deb qo'ysak. Va shu kanal orqali bugungi kunda “trendga chiqqan” chanqoqbosdi mahsulotlarning reklamalari yana ham kuchaytirilsa, qanday soz bo'lardi. Yoki “O-KEY TV” deb nomlangan kanal bo'lsa ham chakki bo'lmasdi. O'ylab ko'ring-a, birgina “pepsi” reklamasining o'zidan qancha “tarbiya olsa bo'ladi”. “Okeymi” deb chiqayotgan “taniqli jonkuyarlar”imizning 3-4 tilni bir qilib so'zlashlari qancha yoshlarni o'z ortidan ergashtiryapti axir. Nutq odobidan va'zxonlik qilib, o'zbek tili deb bong urayotganlar gapiraveradi-da. Bu reklamalarni kunda 10-15 marotaba ko'rgan bolalarimiz qanchalik tez “ulg'ayayotgan”liklarini bir qarang. Qizlarimiz Gollivud aktrisalaridek sallolanishlari, ishva bilan ko'plarning e'tiborini tortayotganlaridan quvonmayapsizmi? Yigitlarimiz-chi, ehtirosga to'la ko'zlar bilan og'zi ochilgancha termulishlariga nima deysiz, o-keymi?
Mabodo, erta-indin telekanallarimizda quyidagi mazmundagi reklamalar paydo bo'lsa, aslo ajablanmasak ham bo'ladi:
Milliyligimizni unutib, g'arbcha hayot boshlasak, o-keymi?
Kitob o'qimasak ham qandaydir yo'l bilan ustozdan a'lo baho olsak, o-keymi?
“Prava” bo'lmasa ham mashina haydayversak-chi, o-keymi?
Hech bir ish qilmay maosh olsak va oylik maosh yilda bir-ikki emas, har oyda oshirib turilsa, o-keymi?
Otasidan oldin farzand soqol qo'yib, unga nasihat qilsa-chi, o-keymi?
Har balo bo'lsin, ammo bunaqa “o-key” bo'lmasin-e, deysizmi?
Har kuni “Guanjou” reklamasini ko'raverib… tovba-tovba kasal bo'lging keladi-e, sal bo'lmasa?
Ammo xalqimizda “Asalning ham ozi shirin” degan gap bor. Shunday ekan, televidenielarimizga nima bo'lyapti, nahot cho'ntaklariga shu qadar “shamol qo'shiq” aytib qolgan bo'lsa?
Nima bo'lganda ham reklamalarda ham ozgina me'yor, savod, saviya bo'lsin-da, o-keymi?
K.RO'ZIMATOV