Insof esdan chiqmasin!

Bugungi kunda yurtimizda xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari, maktablar, shifoxonalar, avtomaktablar va yana bir qancha xususiy tashkilot va muassasalar yuzaga keldi. Xo'sh, bularning faoliyatidan oddiy xalq qay darajada foydalanyapti?

Xususiy bog'cha va maktablarda davlatnikiga qaraganda yaxshiroq shart-sharoitlar mavjuddir, xususiy shifoxonalarda ham xizmat ko'rsatish darajasi sifatliroq bo'lishi mumkin. Ammo… ularning xizmatidan foydalanish kimlarga nasib etayapti?

Imkoniyating bo'lmasa ana davlat muassasasida o'qi, davlat shifoxonasida davolan, deb aytishingiz mumkin. Biroq…

Bugun “qo'lidan ish keladiganlar”- ning ko'pchiligi o'zi uchun bir tashkilot ochib olyapti. Bunday qila olmaganlari ham hamkasblari ochgan o'sha tashkilotlarda faoliyat yuritishmoqda. O'qitish pullik va juda qimmat. Tibbiy xizmat ko'rsatish ham arzon emas.   Qobiliyatli kadrlarni o'zida yig'ayotgan bu kabi maskanlar o'zi qo'yib olgan baland narx-navoning hisobiga xodimlariga davlatga qaraganda ancha yuqori maosh to'lamoqda. Natijada davlatning bepul ta'lim beradigan maktablarida o'rtamiyona o'qituvchilar, shifoxonalarida esa “bosh og'rig'iga qorin og'riq dori” yozib beradigan shifokorlar ishlaydimi?

Yo'q, albatta. U joylarda ham sohasining bilimdon, tajribali kishilari mehnat qilishadi. Lekin…

Albatta, xususiy tashkilotlar kerak, ammo ular aholi imkoniyatlarini ham hisobga olishi zarur emasmi? Barchamizga ayon bo'lganidek rivoj­langan hamda rivojlanayotgan davlatlarda ham deyarli 90 foiz muassasa va tashkilotlar xususiy. Ha, Ko­reyaning falon kollejida o'qish palon pul deyishingiz mumkin, biroq o'sha davlat aholisining daromadi-chi? Buni hisobga olmaymizmi?

Hamma ham farzandini eng obro'li bog'cha, maktablarga bergisi keladi. Lekin o'ta baland narx-navo tufayli barcha ham bunga erisha olmaydi. Davlat bog'chalarida bitta bola uchun 246 ming so'm oylik to'lov to'lansa, xususiy bog'chalarda bundan (ikki barobar bo'lsa ham mayli edi.) besh-o'n barobar ko'proq to'lov qilinadi. Endi o'ylab ko'ring, yurtdoshlarimizning o'rtacha oylik maoshi ikki-ikki yarim million so'm deb olsak,   qancha odam farzandini bunday bog'chalarga bera oladi. To'g'ri, bolangizni davlat bog'chalariga beravering-da, deyishingiz mumkin. Ammo buning uchun uzoq vaqt navbat kutish ham kerak. Bu nav­bat kelgunicha kichkintoyingiz maktab yoshiga ham yetib qoladi. Nima qilish kerak? Maktabga boradigan farzandingizni endi navbat keldi deb bog'chaga bermaysiz-ku.

Aytmoqchi bo'lganim o'sha xususiy bog'chalar, maktablar, klinikalarni tashkil qilayotganlar ham o'zimizning oramizdan chiqqan odamlar. Bugungi ibora bilan aytganda — tadbirkor ishbilarmonlar. Tushunamiz, ular o'z xizmatiga o'zlari narx belgilaydi, lekin bu degani hech bir istiholasiz o'z xalqining cho'ntagini oxirgi mirigacha qoqib olish kerak degani emas-ku!

Bu masalaning e'tibor qaratishimiz zarur bo'lgan yana bir jihati bor. Aytaylik, qimmat narx to'lanadigan va nomi og'izdan-og'izga o'tib, “osmonga chiqqan” bog'chada tarbiya olayotgan bolalar bilan oddiy davlat bog'chalarida past narxli to'lov bilan tarbiya olayotgan (Bu gapdan so'ng davlat bog'chalari juda arzon ekanmiz deb qimmatlashtirib qo'yishmasinda ishqilib) bolalarimiz o'rtasida qandaydir past-balandlikni, tabaqaga ajratishni yuzaga keltirib qo'ymayapmizmi?

Xususiy tadbirkorlarga va yuqoridagidek “ishbilarmonlar” ga imkoniyat yaratilib, xususiy tashkilot va muassasalarning ko'paygani yaxshi. Ammo bilganingni qilaver deb, nafsi tusaganicha narx qo'yib olishida ham me'yor bo'lishi kerak emasmi?

Kamol QAYSAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =