Loqaydlik ham evi bilan-da
Zarafshon daryosi bo'yida joylashgan Jondor tumani yurtimizning o'ziga xos go'shalaridan. U boy tarixga ega. Jondor arab istilosi,Chingizxon bosqinining tilsiz guvohidir. Bu muqaddas zaminda umrguzaronlik qilgan, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug'ullangan ajdodlarimiz o'z ona-yurtlari erki, ozodligi uchun mardonavor kurashganlar. Masalan, moziydan bilamizki, oddiy elakchi oilasida voyaga yetgan g'alvirsoz Mahmud Torobiy Chingizxon qo'shinlariga qarshi xalq qo'zg'oloniga boshchilik qilib g'alaba qozongan. Qutaybaga qarshi qahramonlarcha kurashgan yovqur ajdodlarimiz, Varaxsha hukmdorlari Buxorxudotlar va Turkon xotunning yov bilan tengsiz kurashdagi jasoratlarini aytmaysizmi?!
Yuqoridagilardan xulosaga kelish mumkinki, yovqurlik, bahodirlik, tantilik, ona-yurtga sadoqatli bo'lmoq kabi fazilatlar jondorliklarga bobo merosdir.
Jondorliklar tabiatan tanti, mehnatkash, bag'rikeng. Dalada ham jasorat, matonat va qahramonlik namunalarini ko'rsatib, paxta, g'alla, pilladan, poliz va sabzavotdan yuqori hosil olib kelishmoqda.
Tumanning yuzlab paxtakoru g'allakorlari, bog'bonlari halol mehnatlari evaziga o'z davrida davlatning yuksak mukofotlariga sazovor bo'lishgan. Bular orasida mehnat qahramonlari — Rustam Boboyev, Davron Boboyev, Izzat Elliyev, Tesha Salimov, Sayfulla Nasrullayev, Abdulla Ko'klamov; sobiq ittifoq qahramoni Narzi Rajabov; O'zbekiston Qahramonlari — Farhod Sohibov, To'ra Narziyevlar bor.
Afsuski, yurtimizning buguni, ertasi uchun kurashgan, davlat tomonidan qahramonlikka loyiq topilgan bu insonlarni bugungi kunda yoshlarni-ku qo'ya turing, o'rta va keksa avlod vakillari ham tuzukroq bilishmaydi. Axir, o'tmishini bilmagan xalqning kelajagi yo'q, deb bejiz aytilmaydi. Ularning ikki frontdagi matonat va qahramonliklari yosh avlodga namuna qilib ko'rsatilsa, tuman markazidagi istirohat bog'ida “Qahramonlar xiyoboni” bunyod etilsa, bu yerda yoshlarga qahramon ota-bobolarimizning hayoti, ibratli umr yo'li haqida hikoya qilinsa, nur ustiga nur bo'lardi. Bizningcha, bu xiyobon VATAN haqida eng yaxshi saboq vazifasini o'taydigan manzilga aylanardi. Ushbu mulohazalarni yozishdan avval, ancha oldinroq tuman hokimligi mutasaddilariga murojaat qildik. Afsuski, oradan bir yil o'tdi hamki, jo'yali gap aytisholmadi.Beparvolik va loqaydlik ham evi bilan-da.
Safar AHMEDOV,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi