“So'nggi qo'ng'iroq”ning narxi qancha?
Sohiba bu yil 11-sinfni tugatib katta hayotga qadam qo'yish arafasida turibdi. Bir kunlik bayram uchun ota-onalar farzandim sinfdoshlaridan kam bo'lmasin, deb katta mablag' sarflashadi. 25 may kunidan bir kun avval Sohiba go'zallik saloniga bormoqchi.
— Qizim, oddiyroq holatda tayyorlanib boraver. Bir kunlik shodiyona uchun buncha tashvishning nima keragi bor? Biz yoshligimizda bunday narsalarga u qadar e'tibor qilmasdik…
— Ey adajon, zamondan orqada qolib ketgansizlarda. Hozir u davrlar emas-ku!
Ota qizining gaplarini eshitib ko'p gaplarni aytmoqchi bo'ldi. Lekin xafa qilgisi kelmadi. Noilojlikdan:
— Qancha kerak deb so'radi?
— O'zingiz yaxshisizda, adajon, hozircha bir million. Yana qo'shimcha pul kerak bo'lib qolishi ham mumkin.
Berilgan mablag' faqat bo'yanish-u soch turmagi va yana allambalolarga sarflandi. Faqat… endi navbatdagi libos masalasi. Ertakdagi malikalarning ko'ylagidek shohona ko'rinishdagi libos tayyorlatmasa bo'lmaydi. Buni qarangki, birgina ko'ylak uchun yana yuz dollar kerak ekan. Shunday qilib, oilaning daromadidan ancha-muncha pul sarflanadi.
Sir emas, ayni vaqtda bitiruvchilar orasida ajoyib odat urfga kirgan. Tadbirdan so'ng shahar aylanish. Bunga ham qimmat mashinalardan buyurtma qilinadi. Sohiba va uning sinfdoshlari mana shu turdagi mashinalardan gaplashishgan. 5ta “Malibu” ularning xizmatiga shay. Har biri uchun soatiga yuz ming so'mdan kelishilgan. Erta-yu kech tinim bilmasdan mehnat qilib faqatgina oylikka yashayotgan, qo'shimcha daromadi yo'q ota-onalar uchun bu kattagina mablag'. Shu haqda ayrim farzandlar chuqurroq mulohaza qilishsa maqsadga muvofiq bo'lar edi.
Darvoqe, sayrdan so'ng unutilmas kechki bayram tadbiri ham bo'ladi. Unga 11 yil birga o'qigan barcha sinfdoshlar, aziz ustozlar va ota-onalar tashrif buyurishadi. 11-“B” sinfi ham shahrimizning obro'li restoraniga buyurtma qilishgan. Har bir kishiga bir yuz ellik ming so'mdan tushgan. Bayramda raqslar, sinfdoshlar, ota-onalar o'rtasida har-xil musobaqalar bo'lib o'tadi. Ayrim holatlarda yoshlar o'rtasida yigit-qiz juft-juft holatda “vals” tushadilarmi-ey…
Yana deng tadbirga xonandalar ham gaplashilgan-da. Ularning narxi ham anchagina baland. 11-“B” sinfi barcha an'ana-yu urf-odatlarga amal qiladi. Bayram dasturi allamahalgacha cho'ziladi.
To'g'ri, maktabda o'n-o'n bir yil o'qigan yoshlar uchun qadrdon maktablarini tashlab ketish, mustaqil hayotga uchirma bo'lish naqadar zavqli bo'lish bilan birga mahzun. Yuraklar og'riydi, orziqadi.
Ammo nahot, maktab, sinfdoshlar, aziz ustozlar bilan xayrlashish uchun shu qadar dabdabayu asasa kerak bo'lsa?!
Shunday ekan, endi o'zingiz “So'nggi qo'ng'iroq” narxini hisoblab ko'ring-chi?!
Muhammadsodiq TO'RAYEV