Buzg'unchilar safidan chiqing!

Toshkent shahrining biz yashaydigan Quruvchi mavzesidagi 305-maktab tomining har yer-har yeridan qor-yomg'ir suvlari oqishi uchun karnaylar tushirilgan. Aytsam, ishonmaysiz: hammasi pachaq-sachaq bo'lib ketgan. Holbuki, maktab ta'mirlanganiga hali ikki yil ham bo'lgani yo'q, chamamda.

Qo'l, oyoq, tayoq yoki koptok bilan urilmasa, karnay qanaqasiga pachaq bo'lsin? Qo'l, oyoq, tayoq yoki koptok bilan urilgan-da, albatta.

Xo'sh, ularni kim pachaqlagan? Shubhasiz, buni shu maktabda o'qiydigan o'g'il bolalar qilgan.

Nega?

Insonning qonida, bunyodkorlik bilan birga, buzg'unchilik ham bo'lar ekan. Shuning uchun bu dunyoda kimdir – quruvchi, kimdir – buz­g'unchi.

Axir, metall ishlab chiqarish uchun avval tarkibida shu moddasi bor toshlarni qazib olish, keyin uni unday qilib maydalab, ajratish, so'ng eritib, suyuq holatga keltirish, uni quyib, tunuka ishlab chiqarish, so'ng bo'yash, stanokda karnayga aylantirish, maktabgacha olib kelish, o'rnatish… lozim.

Eh-he, qancha mehnatu qancha mashaqqat!..

Lekin bolalar azbaroyi buzg'unchilik kayfiyati uchungina, xalqona aytganda, qo'li qichiganidan shunday tayyor mahsulotni yaroqsizga chiqarib qo'yyapti.

Shu bolalar bir kun katta bo'ladi. Yoxud hozirgi kattalarning aksariyati bir mahallar bola bo'lgan. Demak, butun jamiyat ham shunday: kimdir tuzadi, kimdir buzadi, ya'ni kimdir – quruvchi, kimdir – buzg'unchi.

Kelinglar, jamiyatda quruvchi, barpo etuvchi bo'laylik. Loaqal, o'zimizni buzg'unchilar safidan chiqaraylik. Shunda bir buzg'unchi kamayib, bir quruvchi, bunyodkor ko'payadi.

S. OLIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 11 =