Kaltabinlik kasofati…

Ertalab o'qishga kech qolayotganim uchun “Yandex” taksi chaqirishga majbur bo'ldim. U platformadagi taksining ham kelishi rosa qiyin-da. Oldin yaqin hududdagi shu platformaga ulangan avtomobillarni qidiradi, keyin esa yaqinroq va mosini sen tomonga yo'naltiradi.

Ha bo'ldi. Yaqinimdan avtomobil topishga topdi, endi tezroq kelsa darsga ertaroq ulgursam bo'ldi, deb mashinaning kelishini naq 10 daqiqacha kutdim. Telefonimga taksining yetib kelgani va meni kutayotgani haqida xabar keldi. Va nihoyat, deb tezlikda sumkamni oldimda tashqariga chiqdim. U yoqqa qarayman, bu yoqqa qarayman taksidan darak yo'q, lekin yetib kelgani haqida xabar menga kelgan. Qarasam ko'chaning boshida to'xtab turibdi. Shunisigayam shukr, deb borib o'tirdim, chunki boshqa iloj ham yo'q edi. Haydovchi aka bilan so'rashib olganimdan keyin mendan “Manzil qaer?” deb so'radi. Ichimda ana sizga “lokatsiya” berib qo'yganman shu bo'yicha yuravering degim keldi. Lekin unga vazminlik bilan manzilni tushuntirdim. Hammasi yaxshi ketayotgan vaqtda bir payt yaxshiroq tanishish maqsadida haydovchi savol bera boshladi.

— Qaerdansan?, – deya dab-durustdan savol berib qoldi.

— Jizzaxdanman aka.

— O'qiysanmi? Manzilda ham o'qish joyimga aytgan edim, xotirasi chatoqroq yoki atay asabimga tegmoqchimikin?

— Ha, o'qiyman.

— Nimalikka?

— Nima? – deya savoliga qarshi savol berdim jo'rtaka. Chunki o'zini juda g'alati, katta tutayotgani jahlimni chiqara boshlagan edi. Bor bo'lsa mendan besh yoki olti yosh katta bu yigit.

— Yo'nalishing nima?

— Jurnalistika.

— Voh, “yozuvchi” bo'lasanmi?

— Nega unday deyapsiz?

— Ko'p jurnalistlar shunaqa-ku?

— Qanaqa?

— Birovlarning ustidan yozib, ishkalini chiqarib yuradi.

— Bu yaxshimasmi?

— Iya, qiziqsanu-a, nima odamlar jabr ko'rib ketaversinmi?

— Jamiyatimiz o'g'ri-muttahamlarga to'lib ketsinmi unda?

— Nega to'ladi?

— Jurnalistlar xolis, to'g'ri gapni aytmasa, nima bo'ladi, g'irromlik battar avj olmaydimi sizningcha?

— Ha mayli, uka, ko'p qizishma. Endi aytchi, o'qishingni bitirib viloyatingga qaytasanmi?

— Bilmadim. Agar rejalarim amalga oshsa, shaharda ishlash niyatim bor.

— Tushunarli. Demak, sen ham ketmaysan. Shahar aholisini tarkibi ham, qoni ham buzilib ketti-da.

—Tushunmadim.

U yana savol berishda davom etdi:

— Misol uchun qanchadan-qancha odamlar shaharga o'qish, ishlash uchun keladi, ularning qanchasi viloyatiga qaytib ketadi deb o'ylaysan?

— Qiziqmaganman.

— Ana ko'rdingmi?

— Siz bu bilan mahalliychilik qilyapsizmi? Odamni viloyatiga qarab ajratmoqchimisiz? Biz hammamiz bir yurtning odamlarimiz-ku!

— Yo'g'e, noto'g'ri tushunding. Misol uchun hozir Toshkentda shaharliklardan viloyatliklar ko'p. Shunga bizning madaniyatimiz, tilimiz buzildi.

— Qanday buzildi?

— Misol uchun qara, o'zbek tili Toshkent va Farg'ona shevasiga asoslangan. Lekin hozir tilimiz, shevamiz buzilgan…

— Aka, gaplaringiz g'alati-ku, bunda viloyatlardan kelganlarning nima aloqasi bor?

— Aloqasi bor-da.

Xayriyat, shu payt o'qish joyimga yetib keldim. Lekin oramizda shunday fikri noqis odamlar borligi dilimni xufton qilib ulgurgan edi. Bunday kimsalar bilan bahslashib o'tirish esa befoyda ekanligini tushunib, tezda mashinadan tushib qoldim.

Shohjahon MAJITOV,

Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining

xalqaro jurnalistika yo'nalishi talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 14 =