Do'konli bekatmi yoki…
Otaxon Sizga necha sotix yer bersak rozi bo'lasiz. E bolam menga gektardan gapir. Qancha yer bo'lsa olaveraman, — deya yumor qilgan edi xalqimizning sevimli qiziqchisi Hojiboy Tojiboyev. Bu bir kulgu uchun topilgan gapday. Biroq jamiyatdagi, insonlarning nafsi ochligini oddiy, sodda, xalqona ko'rinish sifatida ifoda etgan.
Odam bolasining imkoniyati bo'lmasayu bor imkoniyat yaratib berilsa yana, yana va yana ko'prog'ini talab qilavergani chatoq-da. Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida tadbirkorlik bilan shug'ullanaman degan inson borki, imkoniyat ham, sharoit ham yetarli. Tadbirkorlik shaxsan Yurtboshimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda. Tadbirkor avvalo o'zini boqadi, keyin odamlarni ish bilan ta'minlaydi. Tarmoqlarini kengaytiradi. Bu orqali ish o'rni ham ko'payadi.
Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, tadbirkorlar orasida ham belgilangan hududlarini xalq hududi evaziga kengaytirib olayotganlari borligi ko'ngilni xira qiladi. Buni birgina Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida so'nggi yillarda yengil konstruksiyali xomashyolardan bunyod etilgan hojatxonali-do'konli-bekatlar misolida ko'rishimiz mumkin.
— Bu kabi ob'yektlar 2020 yilning 30 noyabr sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishda “Oraliq avtobus bekatlarini ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar va “turistik marshrut”larda joylashgan avtobus bekatlarini ta'mirlash va tiklash hamda ularda qo'shimcha xizmat ko'rsatishni 2021 yilda tashkil etish maqsadida bir qancha viloyatlar qatorida Sirdaryo viloyatiga ham 50 ta avtobus bekatini xususiy sektorlarga berish vazifasi yuklatilgan edi. Shunga muvofiq Guliston shahrida 23 ta yengil konstruksiyali do'konli-bekatlar faoliyati tadbirkorlar tomonidan yo'lga qo'yilgan. Ular 50 taga yetkaziladimi yoki yo'q bu haqida shahar hokimligi mas'ullari ham Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi mas'ullari ham jo'yali fikr ayta olmadilar.
Tadbirkorlarga foydalanish uchun ajratib berilgandan so'ng, bu joylardan tadbirkorlar asosan yengil turdagi fastfud taomlar tayyorlash, yetkazib berish, ichimliklar, yoki oziq-ovqat do'koni sifatida foydalanishmoqda. Lekin bu do'konli-bekatlarning aksariyati o'zining asosiy mezoni — bekat sifatida maqomini yo'qotib bormoqda. Negaki, bekat qismida ham do'kon mahsulotlari joylashtirilgan. Ayrim bekatlarda do'konga kirish bekat eshigi orqali. Fuqarolar ham bunday “bekatlardan” foydalanishga xijolat. Kunning issig'ida ichiga kiray desa do'kon, do'kondordan xijolat. Kirmay desa yarmi bekat. Do'kon egasi ishga chiqmasa bekat eshigi ham, hojatxona ham berk.
“Bobo momolarimiz xalq yurgan yo'ldagi tuproqdan foydalanishmagan. Bu ko'pning rizqi, uni men o'zlashtira olmayman”, deb. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar zamirida xalqning og'irini yengil qilish, ularga ko'cha ko'yda ham yetarli sharoit yaratib berish ko'zlangan.
Biz do'konli, hojatxonali bekatlarni tadbirkorlarga berilishiga qarshi emasmiz. Ular bekatdagi yo'lovchilarni har jihatdan hojatini chiqarishga xizmat qilish uchun qulayliklar yaratib, og'irini yengil qilmoqda. Biroq bekat qismini do'kon mahsulotlari bilan to'ldirib, undan foydalanish imkoniyatini yo'qqa chiqarmaslik tarafdorimiz. Odamlarimiz har xil vaziyat, issiq, sovuq, qorli va yomg'irli kunlarda bekatlardan beminnat foydalansa. Bu esa bekatni fayzli joyga aylantirgan tadbirkorga ko'pning duosi bilan yanada mo'may daromad olib kelishi shubhasiz.
O'z navbatida tadbirkorlar fuqarolarimizda mavjud narsalarni asrab-avaylash, mendan keyin kimdir foydalanadi degan ehtiyotlash ko'nikmasi yo'qolib borayotganligidan nolishadi.
— Biz hojatxona va bekatni ochib qo'ysak undagi jihozlarni sindirib, ko'chaga chiqarib tashlab, foydalanishga yaroqsiz holga keltirishyapti. Qolaversa, do'konli bekatlar shahar markazida bo'lgani uchun hojatxonalarning aksariyatida kanalizatsiya tizimi yo'lga qo'yilmagan. Shu bois berkitib qo'yamiz. Xalqimizda esa jamiyat mulkidan foydalanish madaniyati shakllanmagan. Buni joylarda qurilgan oynavand bekatlarning yaroqsiz ahvoli misolida ko'rishimiz mumkin. Bu kabi bekatlarning deyarli barchasi nomiga munosib holda emas, — deydi ismini oshkor qilishni istamagan tadbirkorlardan biri.
Turizmni rivojlantirish uchun shunday zamonaviy, ko'rkam, insonga estetik zavq beradigan, shahar husniga yanada husn qo'shadigan ob'yektlarning bo'lishi muhim albatta. Bu turistik xizmatning oddiy lekin samarali ko'rinishlaridan biri. Turizm esa turistik xizmat yaxshi yo'lga qo'yilgan joyda rivojlanishi ayni haqiqatdir. Biz bunga o'zimiz amal qilmasak. Hali foydalanib, foydalanmasdan, inson manfaatini o'ylab qurilayotgan inshootlarni qadriga yetmasak, qanday qilib madaniyatimiz, ma'naviyatimiz, axloqimiz, didimiz haqida boshqalarga o'rnak bo'lamiz. Ha, har kim o'zicha haq. Demak, biz islohni o'zimizdan boshlashimiz kerak.
Bahrom BOYMURODOV