“AQLLI” bekat desam, do'kon ekan…
Bekatni o'ylab topganlarga ming rahmat, deging keladi. Shu joyga kelganda biroz to'xtab, hordiq chiqarish, manzilingga olib boradigan ulovni kutish asnosida xayolga berilish ham mumkin. Nima qilyapsan, qayoqdan kelib, qaerga ketyapsan — hech kimning ishi yo'q, chunki o'z nomi bilan bekat-da!
Shu kabi o'ylar bilan katta yo'l chetidagi bekatga yaqinlashdim. Yopiray! Bekatmisan-bekat! Atrofi g'ishtin va oyna devorlar bilan o'ralgan, bamisoli saroy-a! Peshtoqiga dabdabali tarzda “Aqlli bekat” deb yozilgan binoning eshigi qayoqdaligini topgunimcha bir muddat o'tdi. Nihoyat, topdim. Ichkari kirdim-u, o'zimni oziq-ovqat do'konida ko'rdim! Turfa yegulik, ichimlik va chekimliklar, allambalo buyumlar, bolalar o'yinchoqlaridan tortib ayollar kiyimigacha bor.
— Keling, nima axtaryapsiz? — degan ovoz keldi rasta orqasidan.
— O'zim… Shunday… Aqlli bekatga… — biroz dovdirab javob berdim.
— E, qanaqa bekat?! Qanaqa aqlli?! — ovoz egasi ro'paramda paydo bo'ldi. — Tashlandiq joy edi, obod qildim, ancha-muncha chiqim qildim. Har kuni supurib-sidiraman. Dam olishga vaqt yo'q. Sharoit og'ir… O'zlaricha bekat deyishadi… Yana aqllilik qilishadi…
Bekat, e yo'g'-e, do'kon mutasaddisi uzoq javradi. Nazarimda, uning kayfiyati yomon edi. Mening “aqlli bekat” deganim yoqmadi, shekilli. O'zimni tashqariga oldim. Qaerda turishni bilmay, inshootning ortiga o'tdim. Shamol beton ariq ichiga to'plab qo'yilgan chiqindi, xazon, qog'oz parchalarini uchirishga tushdi. “He, o'l-e, aqllilik qilishga balo bormi?” — o'zimni koyidim ichimda.
Bekat oldiga kichikroq yuk mashinasi kelib to'xtadi. Do'kon egasi bilan haydovchi undan buyumlarni tushira boshlashdi. Shu payt birdan avtobus kelib qoldi. Beso'naqay emasmi — rasamadini qilib to'xtab olguncha haydovchi bechora ancha qiynaldi. Old oynasiga qadalgan yozuvga qaradim: yo'q, men boradigan manzilga emas ekan. Avtobus bir-ikkita odamni tushirdi-yu, yana xuddi unga xalaqit berishga shaylangandek qo'yib ketilgan yengil avtomobillarni chetlab, yo'liga ravona bo'ldi.
Shu lahza yonimga qo'lida bozorxalta ko'targan kampir keldi. Yuki og'irligidanmi, shoshilganidanmi, hansiragancha o'ziga o'zi gap qotdi: “Uff, charchadim. O'tirgani joy yo'g'-a…” Beodoblik bo'lmasin deb uning gaplarini eshitmagandek tutdim o'zimni. Keyingi avtobusni kuta boshladim. Xayol olib qochdi: “Nima uchun bekatga “Aqlli” deb nom qo'yishgan?” Bir-ikki oy avval gazetada o'qigandim: adashmasam, qaysidir viloyatda shunday bekatlar qurilishi, “Aqlli bekat”larda to'xtovchi avtobus va yo'nalishdagi taksilarning kelish-ketish vaqti to'g'risida axborot beruvchi tablolar, bekatdan foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida bepul Wi-Fi tizimi, ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda yo'lovchilarni yozda issiqdan, qishda esa sovuqdan himoya qilish uchun konditsioner, mobil qurilmalarni zaryadlash uchun USB-rozetkalar, kerakli ma'lumotlarni olish uchun sensorli ekran va boshqa maxsus jihozlar o'rnatilishi haqida yozilgan edi… Zap o'ylab topishgan ekan-a! Aqlli odamlar ko'p-da!
Kimdir menga tikilib qarayotganini sezdim. Ortimga o'girilib, qovog'ini solgancha o'qrayib turgan bekat, yo'g'-e, do'kon egasiga ko'zim tushdi.
Sherzod QORABOYEV,
“Hurriyat” muxbiri.
Farg'ona viloyati