Metallsevar avlodga aylanib qolmaylik

Hand holds up a bunch of gold, silver, and bronze medals in bright blue sky

Yaqinda bir rasmiy tadbirda qatnashdim. Yoshlar bilan davra suhbati bo'lganligi uchun oldingi qatordan joy berishdi. Beixtiyor yon-at­rofimga nigoh tashladim: hamma rasmiy kiyingan, yaxshi kayfiyatda. Turli yo'nalishlarda yutuqlarga erishgan yoshlar o'zlari bilan faxriy yorliq, diplom va boshqa esdalik sovg'alarini olib kelishgan.

Ayniqsa, yonimda o'tirgan yigit e'tiborimni tortdi. O'zim tengi, boshiga do'ppi kiyib olgan binoyidek yigitcha. Hayratlanarlisi, ko'ksiga o'ndan ortiq medallarga o'xshagan turli nishonlar taqib olgan edi. Ha, ha, to'g'ri eshitdingiz, taqib olgan “medal”larining soni o'ndan ortiq edi. Qimirlaganida shaqir-shuqur qilib e'tiborni tortayotgan bu yigitchaning mukofotlari ko'pchilik singari  meni ham qiziqtirmay qolmadi.

— Urushda qatnashgan otaxonning ham buncha nishonlari bo'lmasa kerak. Siz qanday erishgansiz, yaxshi yigit? — deb savol berdim.

— Ha, bularmi? Turli tanlovlarda qatnashib, sazovor bo'lganman, — dedi u hozirjavoblik bilan.

— Yo'g'-e! Qoyil! Qanday tanlovlar ekan, bilsak bo'ladimi?

— Mana bunisini “Yosh tadqiqotchi” tanlovida olganman. Bunisi “Eng yaxshi xizmatlari uchun”, “Yosh olim”, “Ta'lim iftixori”, “Xalqaro xizmatlari uchun” ko'krak nishoni. Xullas, shu kabi tanlovlarda qatnashib, sazovor bo'lganman-da, — dedi u faxr bilan.

Ajabo! Shuncha ko'krak nishonlaru “medal”lar bor ekan-u, ular haqida bexabar ekanman, deya darrov telefonimni olib, internetdan ma'lumot olishga harakat qildim. Afsuski, bularning birontasi haqqoniy ekanligi haqidagi ma'lumotni topa olmadim.

— Obbo, hali yosh olimman deng, — deya taajjublanib so'radim.

— Shunday, — deb kulib qo'ydi u.

Biroz jimlikdan so'ng:

— Medallarimga juda qiziqayotgan ko'rinasiz. Siz ham olishni xohlasangiz, bir sirni ochaman, — dedi u dabdurusdan.

— Xo'sh, qanday sir ekan?, o'zimni o'ta qiziqqanday tutib shivirladim men.

— To'lovini qilsangiz bo'ldi, o'zlari olib kelib berishadi. Faqat hech kim eshitmasin-a… — deya sekin pichirladi “sovrindor” yigit.

E… mana, gap qayoqda ekan! Shuning uchun ham kundan-kunga urush faxriylariga o'xshab ko'ksini “metall”ga to'ldirib yurganlarning safi ko'payayotgan ekan-da. Eh, biz ham metallsevar avlodga aylanib qolibmiz-ku! Afsus!..

Nahotki yoshlarimiz hech nimaga yaramaydigan shu bir hovuch metallarni uyalmasdan faxr ila ko'ksiga taqib yurishibdi? Kamiga, ularni olish uchun yana otning kallasiday pul to'lashmoqda. Axir bu ko'zbo'yamachilik emasmi?

Afsuski, ayni kunda bunday ko'zbo'yamachiliklarning bozori chaqqonga o'xshaydi. Ayrim yoshlarimiz esa tilla baliqchadek osongina ularning tuzog'iga ilinib, ko'ksini to'ldirib medalon taqib yurishdan boshqa ishga yaramayapti. Qariyib jahon urushining faxriysi deysan!

Xayriyatki, bu kabi pulga sotiladigan soxta tanlov, diplom va sertifikatlarga ishonmaydigan yoshlar ham bor ekan. Ular bilan suhbatlashib, ko'nglim ancha taskin topdi. Ziyrak tengdoshlarim har xil bo'lgan-bo'lmagan tanlovlarning sohta nishonlariga ishonib, aldanib qolmaslik, atrofdagilarni ham ogohlikka chorlash haqida kuyunib gapirishdi.

Tadbirdan qaytar ekanman, tengdoshlarimning bu chorlovini matbuot orqali yetkazishga qaror qildim:

Metallsevar avlodga aylanib qolmaylik, aziz tengdoshlar!

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

O'zbekiston davlat jahon tillari

universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 17 =