Jamiyat “qahramonlari”

Bugungi kunda ko'cha-ko'yda, bozorlarda, metro kirish-chiqish qismlarida, umuman olganda, odamlar gavjum hududlarda tilanchilar, nogironligi bo'lgan shaxslar yoki muhtojlarga beixtiyor ko'zimiz tushadi. Ularga achinish ko'zi bilan qaraymiz. Afsuski, ularning soni tobora ko'payib borayotganga o'xshaydi. Bu jamiyatimizning ma'lum qatlami kambag'allashib borayotganidan dalolatmi yoki pul ishlashning osongina usulimikan?! Menimcha, hunar o'rganishlari uchun sharoitlar yaratib berilsa rad etishmasa kerak. Axir ularning aksariyatining qo'lidan ish keladi. Biroq, ular rostdan ham ishga muhtoj bo'lsa, nega mutasaddi tashkilotlar bunga befarq bo'lib qolmoqda…
Yaqinda ko'chada ketayotib bir holatga guvoh bo'ldim. 8-9 yoshlar chamasi aka-singillar metroga kirish zinalari chetki qismida “Onam kasal, dorilariga pul kerak. Yordam qilinglar…” deya bot-bot takrorlar edilar. O'tgan-qaytganlar ko'ngillaridan chiqarib pul tashlab ketishardi. Yana bir holat. Metro vagoni ichiga bir yosh bola kirdi. Qo'lida biz bilgan o'sha nam salfetkalar edi. “Yordam qilinglar. Salfetka olinglar” deb qo'lidagilarni sotishga harakat qilar, atrofdagilar besh, o'n ming so'm evaziga ularni xarid qilishar edi. Ularni suhbatga tortishga harakat qilsak-da, biroq aniq bir javob berishmas, yerga qaraaab turgan ko'yi so'zlarini takrorlab turishardi.
Endi o'ylab ko'ring. Bu yoshgina bolalarning muhtojlikda kun kechirishiga (kim? nega?) nima sabab bo'lmoqda? Hoynahoy, ba'zilari maktab yoshiga yetgan bo'lsa-da, hali maktabga chiqishmagan. Ularning soni tobora ortayotgani esa dilni xira qiladi. Men bunday holatlarning ba'zilarini keltirib o'tdim. Hali poytaxtimizning “Bek Baraka” va “Abu Saxiy” bozorlarini bog'lovchi yer osti yo'lidagi holat haqida-ku so'z ochmadik…
Mutasaddi tashkilotlardan bu holat odatiy tusga kirib qolmasidan oldini olishlarini, chuqurroq o'rganishlarini, jamiyatimizning rivojlanishi ta'minlanishiga yanada hissa qo'shishlarini so'rab qolgan bo'lar edik.
Sevara QAYIMOVA,
O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti
birinchi bosqich talabasi.